Bloger Bobur Mansurov “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

Bloger va aktyor Bobur Mansurov 15-aprel — “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va san’at xodimlari kuni” munosabati bilan “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Instagram’da blog yuritib, turli vaynlar suratga olish bilan tanilgan Bobur Mansurov O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining aktyorlik san’ati yo‘nalishini tamomlagan. Mukofotni qabul qilgach, u minnatdorchilik bildirib, kelgusida aktyorlik sohasida, kino va teatr yo‘nalishlarida yana ko‘plab loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirayotganini ta’kidlagan.
Shuningdek, ushbu mukofot yana 50 nafar madaniyat sohasi vakillariga ham topshirildi. Ular orasida G‘aybulla Tursunov, Jasmin, Ulug‘bek Qodirov, Dilshodbek Kattabekov, Ravshan Komilov, Ra’no Yarasheva va Farhod Abdullayev va yana boshqa koʻplab san’atkorlar bor.
Ma’lumot uchun, 2021-yilda ta’sis etilgan “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bugungi kungacha 2 mingdan ortiq soha vakillari hamda madaniyat rivojiga hissa qo‘shgan hamkor tashkilotlar vakillariga topshirilgan.
Avvalroq, O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangani haqida xabar berilgan edi.

