“Soliq to‘lamayman deyishga or qilish kerak” – Ozodbek Nazarbekov san'atkorlarning soliqdan bosh tortayotgani haqida

Shu yilning 27-mart kuni “Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni soliqqa tortish va hisobini yuritish tizimini soddalashtirish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi muhokamaga qoʻyilgan edi. U bilan 2026-yil 1-sentyabrdan 2029-yil 1-yanvarga qadar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashni “bir xizmat — bir to‘lov” tamoyili asosida tabaqalashtirilgan qat’iy miqdorlarda amalga oshirishi belgilanmoqda.
21-aprel kuni “O‘zbekkonsert” binosida Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda vazir san’atkorlarga solinishi kutilayotgan soliq mavzusi haqida gapirib o‘tdi, deya xabar bermoqda Gazeta.
Ozodbek Nazarbekovning ta’kidlashicha, mavzu o‘rtaga chiqqanda juda ko‘p san’atkorlar yuzini, kimliginiki va savodsizligini ko‘rsatib qo‘ygan.
“Birinchidan, u loyiha, [hali] tasdiqlangani yo‘q. Va umuman, mana shu mavzu o‘rtaga chiqqanda juda ko‘p san’atkorlar yuzini, kimliginiki va savodsizligini ko‘rsatib qo‘ydi. Umuman, soliq haqida hech qanaqa bilimga ega emasligini ko‘rsatib qo‘ydi. San’atkorlar to‘layapti u soliqni hozir, to‘lamayapti, degan gap chiqib qoldi o‘rtaga. Hattoki to‘lamaymiz deb chiqishni boshladi, to‘layotgan san’atkorlar. O‘zi to‘layapti, hatto o‘zining to‘layotganini bilmaydi”, — deydi vazir.
Vazir hamma soliq toʻlashi kerakligi, toʻlamayman, deyishga or qilishi kerakligini ta’kidladi.
“Shuning uchun bu yerda „Soliq to‘laymizmi, to‘lamaymizmi?“ degan masala muhokama bo‘lmasligi kerak. Hamma soliq to‘laydi. Soliq to‘lamaydigan odam yo‘q. Bu dunyoda unaqa odam yo‘q. Aravakash ham to‘laydi, hamma to‘laydi. Soliq to‘lamayman, deyishga or qilish kerak odam. Unga qarshi kurashishga vijdon qiynalishi kerak odamda”, — dedi Nazarbekov.
Shuningdek, Ozodbek Nazarbekov muhokamalar toʻlash-toʻlamaslik emas, faqatgina miqdori yuzasidan boʻlishi mumkin.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq bir qator san’atkorlar ushbu qonun loyihasi haqida oʻz sahifalarida fikr bildirgan edi. Xususan, Sharof Muqimov, Samandar Hamroqulov, Abduvosit Sarimsoqovlar soliq solinishiga qarshi chiqqandi. Davron Ergashev esa san’at vakillari ham soliq toʻlashi kerakligini aytgan.
Qarzlar, kredit va “mafkuraga xizmat”: ayrim san’atkorlar to‘y uchun soliqqa qarshi chiqmoqda
Muhokamaga qo‘yilgan prezident qarorida O‘zbekistonda konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslarni soliqqa tortish bo‘yicha yangi tartib joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Unga ko‘ra, 2026 yil 1 sentabrdan boshlab, san’atkorlar har bir to‘y yoki boshqa tadbirga borganda buni “Soliq” ilovasiga kiritishi taklif etilmoqda. Daromad solig‘i shu asosda “Bir xizmat – bir to‘lov” tamoyiliga o‘tadi. Soliq miqdori san’atkorning reytingi va tadbirning joyiga qarab, 0,25 BHMdan 3 BHMgacha boradi. Mazkur qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasida bo‘lib turibdi, faollardan tashqari san’atkorlarning o‘zi, xususan, Sharof Muqimov, Samandar Hamroqulov, Abduvosit Sarimsoqov va Davron Ergashevlar bu bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.