Bobur Mansurov: "Menga mukofotni nohaq berishdi, degan fikrga qarshiman"

Aktyor va bloger Bobur Mansurov 15-aprel — “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va san’at xodimlari kuni” munosabati bilan “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Bu ijtimoiy tarmoqlarda turli fikrlarga sabab boʻldi.
Bobur Mansurov bu haqda fikr bildirib, mukofotni nohaq berishdi, degan fikrga qoʻshilmasligini ta’kidladi.
“Hammaga ham birdek yoqavermaysiz. Ijodingizni hamma birdek qabul qilavermas ekan. Kim qanaqa ekanini, kimning menga munosabati qanaqa ekanini koʻrdim. Toʻgʻri, men mukofot berilishini umuman kutmaganman. Lekin men “nohaq oldim, tanish-bilish qilishdi”, degan fikrlarga qarshiman. Aytmoqchimanki, 12 yildan beri san’at ichida yuribmiz.
Toʻgʻri, san’atda pul ishlamasdan ham, oyliksiz ham seriallarda ishlaganmiz, spektakllarda, viloyatlarda ishlaganmiz. Kimlardir faqat blogerlik faoliyatimni koʻrishyapti. Davlat tadbirlarida yoki davlat bilan hamkorlikda roliklar ishlangan, ozgina boʻlsa ham hissamiz tekkan. Shuni inobatga olib, bizga berishdi. Men buni “bekor berishdi”, deb umuman oʻylamadim. Oʻzim uchun kim qanaqa ekanini va hammaga ham birdek yoqavermasligingizni bildim.
Agar biz ijodkorlarni shunday qoʻllab-quvvatlamasak, faqat negativ bilan yomonlayversak, “kino yomon, kino yomon”, dedik, oʻzimiz oʻldirdik kinoni. Mana hozir blogerlik rivojlanyapti, yomonlayverilsa bu ham oʻladi. Keyin bizdan battar boshqa narsalar ham chiqib keladi va odamlar shu narsani koʻrishga majbur boʻladi.
Masalan, yosh bolalar chet-elning bachkana va bizning mentalitetimizga toʻgʻri kelmaydigan narsalarini koʻrib oʻtiribdi. Undan koʻra, bizning oʻzimizning, faqat mening demayapman, boshqa yaxshi bloger yigitlar ham bor, shularning kontentlarini koʻrgan yaxshi. Lekin biz hozir bitta kamchilikni koʻrib, yomonlashni bilib qoldikda. Mana shu narsani oʻzgartirishimiz kerak. Sal boʻlsa ham ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlashimiz kerak, boʻlmasa pastga qarab ketaveramiz", — dedi Bobur Mansurov.
Instagram’da blog yuritib, turli vaynlar suratga olish bilan tanilgan Bobur Mansurov O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining aktyorlik san’ati yo‘nalishini tamomlagan.