“Barchamiz uchun tajriba bo‘ldi”. “YUZ FEST” konserti qanday o‘tdi? Reportaj

E’lon qilingan sana· 168
“Barchamiz uchun tajriba bo‘ldi”. “YUZ FEST” konserti qanday o‘tdi? Reportaj

Taniqli reper Konsta bu yil konsertini yakkaxon emas, balki festival formatida o‘tkazdi. 10-iyun kuni “Yunusobod” sport majmuasida bo‘lib o‘tgan “YUZ FEST” konsertida Markaziy Osiyoning yosh va yorqin ijodkorlari ishtirok etdi. Afisha.uz muxbiri ushbu festivaldan reportaj tayyorladi.

Ilk bor o‘tkazilgan “YUZ FEST” xalqaro musiqiy festivalida 15 nafarga yaqin reper va xonandalar chiqish qildi. O‘zbekistondan Rishat Band, Ruhsora Emm, Hilola G‘ayratova, Qarz, Umida Odilova & Nizamo.S, Boni, Madinabonu kabi ijodkorlar qatnashadi. Qozog‘istondan Yenlik, Qirg‘izistondan esa Jax guruhi ishtirok etdi.

Salkam to‘rt soat davom etgan konsertga Mirshakar Fayzulloyev boshlovchilik qildi. Har bir ishtirokchi 4−5 tadan qo‘shiq ijro etdi. Festival yakunida reper Konsta 15 dan ortiq treklarini muxlislari bilan birga kuyladi.

“Festivalga 10 baldan 7 ball qo‘yaman”

Konsta, “YUZ FEST” tashkilotchisi:

— Jarayonda ko‘pchilik ishtirok etadigan tadbirlarni o‘tkazish qiyin kechadi. Yakkaxon konsertni tashkil etish osonroq. Festivalning chigallari ko‘p bo‘ladi, ularni hal qilguncha vaqt tez o‘tib ketadi. Boshida “YUZ FEST” sanasini 30-mayga belgilagandik, keyin 6-iyunni reja qildik. Oxiri 10-iyun kuni o‘tkazishga qaror qildik. Jamoamiz zo‘r ishladi, hammasiga rahmat. Festivalga 10 baldan 7 ball qo‘yaman.

Agar festivalni oxirigacha kuzatgan bo‘lsangiz, musiqaga tushungan, har xil janrdagi asarlarni tinglaydigan melomanlar tashrif buyurdi. Zaldagilarning hammasi faqat xit qo‘shiq orqasidan kelmagan. Shu sababli qo‘shni davlatlardan kelgan qo‘shiqchilarni ham zo‘r qo‘llab turishdi.

Jax guruhining qo‘shiqlarini sahnaning old tarafiga o‘tib eshita olmadim. Lekin yigitlar festivalni yondirishdi. Qozog‘istonlik Yenlik kutganimdan ham kuchli chiqish qildi, hamma uning ismini aytib, jo‘r bo‘ldi. Shunday festivallar orqali qo‘shni mamlakatlardagi hamkasblar bilan bordi-keldini yo‘lga qo‘yish hamda ijodiy hamkorlikda duetlar yaratishni rejalashtirganman.

Mahalliy yosh xonandalarning ayrimlari sahnaga chiqqanida adashish holatlari kuzatildi. Bu tabiiy holat, shunaqa sahnalar adashishlar uchun ham kerak, festival tajriba bo‘ldi. Agar tinglovchilar, muxlislar qo‘llab-quvvatlashsa, “YUZ FEST"ni davom ettiramiz.

“Bunday festivallarning o‘tkazilishi juda muhim”

Mirshakar Fayzulloyev, stendap komik:

— Sharif va bizning jamoalar har qanday katta loyihalarda bir-birimizni hamisha qo‘llab-quvvatlashga odatlanganmiz. Har safar o‘zaro yordam kerak bo‘lsa, behijolat va moliyaviy tomonini o‘ylay, shunchaki kelib xizmat qilib ketiladi. An’anaga ko‘ra, bugun men Konsta jamoasining katta loyihasida boshlovchilik qildim.

Ijodini endi boshlayotgan yoshlar uchun bunday festivallarning o‘tkazilishi juda muhim hisoblanadi. Chunki ularda karyerasining ilk davrida sharoit va keng auditoriya bo‘lmaydi. “YUZ FEST” loyihasi tajriba uchun ham kerak. Festival qancha ko‘p bo‘lsa, tajriba shunchalik tez oshadi, auditoriya kengayadi va ko‘plab iste’dodli yigit-qizlar kashf etiladi.

“YUZ FEST"da men hech qachon ko‘rmagan yosh xonandalarning qo‘shiqlarini tingladim. Ularning har biri o‘z muxlislariga ega ekan, yoshlar birgalikda taronalarini aytishyapti. Men bundan xayron qoldim va mazza qildim. O‘zim uchun yangiliklar ham oldim.

Ishtirokchilarning taassurotlari qanday?

Ruhsora Emm:

— Bunday festivallarni ko‘paytirish tarafdoriman. Bu yoshlarni qo‘llab-quvvatlashdan tashqari, tinglovchilar tanlovini ham charxlab boradi. Bugun birinchi bo‘lib sahnaga chiqdim va 5 ta tarona kuyladim. “Qafaslar” taronasini aytganimdan so‘ng tinglovchilar yana-da jonlandi va jo‘r bo‘lishdi. Ushbu ijod mahsulim bu darajada xit bo‘lishini kutmagandim. Chunki soundi yangi va bizning auditoriya bunga o‘rganmagan, degan fikrda edim. Lekin bunday o‘yga borib adashgan ekanman, muxlislar juda zo‘r kutib olganidan xursandman.

Hilola G‘ayratova:

— “YUZ FEST” yoshlarga juda ham ko‘p imkoniyat beradi, ya’ni katta sahnaga chiqib, bir necha yuzlab tinglovchilar oldida qo‘shiq kuylash baxtini tuhfa qiladi. Bu esa ilhom va g‘ayrat bag‘ishlaydi. O‘nlab xonandalar qatorida men ham o‘z taronalarimdan ijro etdim. Zaldagilarning menga jo‘r bo‘lgani quvontirdi.

Rishat Band:

— O‘zbekistonda yosh xonandalarga maydon beradigan festivallar deyarli yo‘q. “YUZ FEST"ning yo‘lga qo‘yilishi esa katta yangilik bo‘ldi, musiqachilar va muxlislarni bir nuqtaga birlashtirdi. Katta sahnaning albatta, o‘z hayajoni bo‘ladi. Ammo ijodiy jamoamiz bilan hammasini uddaladik, deb o‘ylayman. O‘zbek tilida yozilgan to‘rtta mualliflik qo‘shiqlarimizni aytdik, muxlislar zo‘r kutib oldi. Atmosfera ham bomba. “YUZ FEST” yangi chiroyli yuzlarni katta sahnaga olib chiqishda davom etaversin.

Ko‘proq suratlarni quyida tomosha qilish mumkin.

Mirolim Isajonov
Muallif va fotosuratchi
Mirolim Isajonov

“Bu - shunchaki festival emas”. Reper Konsta jamoasi bilan “YUZ FEST” konsertiga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda?

“Yunusobod” sport majmuasida 10-iyun kuni reper Konsta hamda Markaziy Osiyoning yosh va yorqin ijodkorlari ishtirokida “YUZ FEST” konserti bo‘lib o‘tadi. Ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro musiqiy festivaldan avval dasturga bosh-qosh bo‘layotgan Konsta jurnalistlar bilan uchrashdi. Mabuot anjumanida Afisha.uz muxbiri ham qatnashib, eng muhim savol-javoblarni bir joyga jamladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling