Futboldan tashqarida: O‘zbekiston terma jamoasining JChdagi ishtiroki qanday trendga aylandi?

18-iyun kuni erta tongda, soat 07:00 da futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi oʻz tarixida ilk bor chiqqan Jahon chempionatidagi ishtirokini boshladi.
Bugun o‘zbek futboli shunchaki 90 daqiqalik maydondagi bahsdan koʻra kattaro narsaga — butun boshli madaniy fenomenga aylanib ulgurdi. Har bir muxlis Oʻzbekiston terma jamoasini oʻziga xos tarzda qoʻllab-quvvatlashga harakat qilib, chellenjlar, trendlar olishni boshladi. Turli ijodkorlar tomonidan ijod namunalari taqdim etildi.
Afisha.uz ushbu maqolada Oʻzbekiston terma jamoasi atrofdagi trendlar va e’tiborga molik voqealarni bir yerga toʻpladi.

Jahon chempionati oʻyinlari yaqinlashar ekan sun’iy intellekt tomonidan Oʻzbekiston terma jamoasi futbolchilari ismi orqali yaratilgan qoʻshiq ommalashdi. Unga har xil trend videolar suratga olindi. Shuningdek, illyustrator Zilola Hamidova ham oʻz ijodini taqdim etdi.
Trendni koʻpchilik davom ettirdi.
Oʻzining sport haqidagi boshqa qoʻshiqlari bilan ham tanilgan “Bojalar” guruhi solisti Jahongir Poziljonov yangi “Oʻzbek publika” nomli qoʻshiqni yozdi.
Shuningdek, reper Shaxriyor va operachi Jenisbek Piyazov “Oq boʻrilar” qoʻshigʻini taqdim etdi. Ma’lumot uchun “Oq boʻrilar” Oʻzbekiston terma jamoasining timsoli hisoblanadi.
“Sahar” guruhi solisti Anvar Joʻrayev ham oʻzining “Olgʻa Oʻzbekiston” nomli qoʻshigʻini e’lon qildi.
O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatida ishtirok etishi Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida ham iliq kutib olindi. Ular ham Fabio Kannavaro shogirdlarini tarmoqlarda qoʻllab-quvvatlamoqda.
Albatta, “bolalar… erkaklar esa…” kabi mashhur shablonli memlar Oʻzbekiston terma jamoasi ishtirokida qayta yaratildi. Zamonaviy dunyoda soʻzlashuv uslublaridan biri boʻlgan memlar vatan terma jamoasining Jahon chempionatida ishtirok etayotganini koʻp bor eslatib turdi.
Bunda chet-ellik muxlislar ham faol boʻldi.

Futbolni muxlislarsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Oʻzbekiston terma jamoasi ham oʻzining fan-bazasiga ega boʻlib, ular ham Jahon chempionatiga alohida tayyorgarlik koʻrdi. Gazeta.uz nashri muxlislarning tayyorgarlik jarayonidan reportaj ham tayyorladi.
Oʻzbekiston mustaqillikka erishgan vaqtda terma jamoa qatnashgan ilk turnirlardan boshlab, to Jahon chempionatigacha boʻlgan yoʻl haqida ITV kompaniyasi 8 qismlik “34 yillik orzu” serialini ishladi.
Unda turli davrlarda terma jamoada faoliyat yuritgan futbolchilar, murabbiylar, administratorlar-u fotograflargacha oʻz hikoyalari bilan boʻlishdi. Afisha.uz'da bu serial boʻyicha taqriz ham e’lon qilingandi.

Keyin esa orziqib kutilgan Jahon chempionati boshlandi. Oʻzbekistonlik muxlislar Meksikada ham oʻzlarini koʻrsatishni boshladi.
Uchrashuvgacha boʻlgan tadbirlarda oʻzbekistonlik DJ King Macarella turli davlat muxlislari ishtirokida shou uyushtirganini ham koʻrish mumkin.
FIFA rasmiy sahifalarida Mexikoga 26 soat davomida uchib kelgan oʻzbekistonlik muxlis intervyusi ham joylandi.
Oʻzbekiston terma jamoasi oʻyini kuni Mexiko shahridagi mashhur “Azteca” stadionida Sevara Nazarxonning “Ulugʻimsan Vatanim” qoʻshigʻi yangradi. Bu koʻpchilikning koʻziga yosh kelishiga sabab boʻlgan boʻlsa ajab emas.
Uchrashuvda Oʻzbekistonning jahon chempionatlaridagi ilk golini Abbos Fayzullayev kiritdi. Uning amaldagi klubi boʻlgan “Istanbul Bashakshehir” futbolchini bu bilan tabrikladi. Afisha.uz Abbos Fayzullayevning oʻyindan keyingi fikrlarini taqdim etgandi.
Albatta, Abbos Fayzullayevning goli sabab memlar qahramoniga ham aylandi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston terma jamoasi magʻlubiyatga uchragan boʻlsa-da, muxlislar ijobiy holatlarni topishni uddaladi.
Uchrashuvning maydondan tashqaridagi qahramonlaridan biri oʻzbekistonlik bolakay boʻldi. U jamoa magʻlubiyatga uchrayotgan vaqtda xafa boʻlib, yigʻlashni boshlagan videosi tarqaldi. Kolumbiyalik muxlislar esa uni ovutishga harakat qildi.
X ijtimoiy tarmogʻidagi foydalanuvchilardan biri bunga “Har birimizning ichimizda shu bolakay bor edi”, deya izoh qoldirdi.
Mashhur karikaturachi Hamid Sahari ham ushbu mavzuda video ishladi.
Oʻyin Toshkent vaqti bilan 07:00 da boshlandi. Koʻplab muxlislar uchrashuvni nahorgi osh vaqtida ham tomosha qildi.
Umuman olganda, oʻzbekistonliklar oʻz terma jamoasi qatnashayotgan ilk Jahon chempionatini haqiqiy bayramdek qabul qildi va haqli ravishda natijaga deyarli e’tibor berilmadi.
Oʻzbekiston guruh bosqichidagi keyingi oʻyinlarini 23-iyun kuni soat 22:00 da Portugaliyaga, 28-iyun kuni 04:30 da Kongo DR jamoasiga qarshi oʻtkazadi.