Stendapga kirishiga Islom Karimov sababchi bo‘lgan Bekzod Yusupov bilan suhbat

E’lon qilingan sana· 460
Stendapga kirishiga Islom Karimov sababchi bo‘lgan Bekzod Yusupov bilan suhbat

Vaqt kam, u shiddat bilan o‘tyapti. Odamlarda dam olish uchun ham vaqt juda kam. Ammo shunday bo‘lsa ham mana shunday kamyob narsani, ya’ni qimmatli vaqtini stendapga ishonib topshirayotganlar ham yetarlicha topilyapti. Buni “Sahna” stendap klubidagi shoular va YouTube’dagi tomoshalar sonidan ham anglash mumkin. Demak, aniqki, bunda bir gap bor.

So‘zsiz, oxirgi yillarda o‘zbek stendapi yangi darajaga ko‘tarildi, hozir uning kattakon klubi bor va asosiysi, u yerda yangi iqtidorlar kashf qilindi. Yolg‘iz sahnaga chiqib kuldira oladiganlar soni ko‘paydi, endi Mirshakar Fayzulloyev yolg‘iz emas (oldin ham unaqamasdi, aslida). Bu sohada o‘ziga xos uslubga ega, tomoshabinni ham o‘ylantirib, ham kuldira oladigan ijodkorlarni tinglovchilarga yaqindan tanishtirish muhim. Bugungi suhbatdoshimiz mana shunday yorqin iqtidorlardan biri — Bekzod Yusupov.

Stendapga kirib kelishiga Islom Karimov sabab bo‘lgan

Yo‘q, bu boshqa Islom Karimov, mana shu sohadagasi. U avvaldan stendap bilan shug‘ullanardi, “Zo‘rTv” telekanalida yumoristik ko‘rsatuvlarda chiqib yurardi. Bir kun ular ko‘rsatuvda yana shu sohada o‘zini ko‘rmoqchi bo‘lgan iqtidorlarni qidirayotgani haqida e’lon beradi, buni Bekzod eshitib qoladi.

“Stendapni televizorda ko‘rib yurganman, 31-dekabr kuni edi. TVda Islom aka yosh, talantli komiklarni qidirayotganini aytib qoldi. Men 1-yanvar kuni Islom akaga telefon qilganman. Islom aka uxlayotgan bo‘lgan ekan (kuladi). Telefon qilib, aka, chiqsam bo‘ladimi, desam, bugun chiqolmaysan, men Navoiydaman, degandi. Shunday qilib ikki hafta kutishga to‘g‘ri kelan”, — deydi u.

Bekzod telekanalga birinchi borganidanoq ko‘rsatuvga chiqishga ruxsat olgan. 60 nafar komik ichidan tanlab olingan ikkisidan biri bo‘lgan u. Shunday qilib, “Ochiq mikrafon"larda chiqib yurgan, telekanaldagi boshqa yumoristik ko‘rsatuvlarda ssenarist va ikkinchi darajali aktyor sifatida ishlab yurgan. Ammo bu uzoqqa cho‘zilmagan, elga kelgan “to‘y” — karantin komiklarga ham ta’sir o‘tkazgan, ular ham o‘z uy-uyiga qaytib ketgan. Karantindan keyin esa Islom Karimov, Mirshakar Fayzulloyevlar bilan ishlashni boshlagan. O‘shanda ular o‘zlari mustaqil “Ochiq mikrafon"lar tashkil qilishni boshlagandi.

“Hozir men “Sahna” va “Xay Mayli Production"da ishlayman, ikkalasi alohida-alohida. “Xay Mayli"da hamma shoularda kreativ prodyuserman. “Sahna"da esa boshlovchiman va, misol uchun, kimdir o‘zbekcha shou tashkillashtirmoqchi bo‘lsa, o‘shalarga qarayman. Ya’ni, shouning konsepsiyasi qanday bo‘lishi kerak, qanday qilsa ko‘proq chipta sotiladi — mana shu taraflariga qarayman. Ikkala tarafda ham shunday ishlayman.

O‘zimning kichikroq prodkashnim ham bor. Jamoam bilan Instagram sahifalarni yuritib beramiz. Lekin unga katta kuch bermaganman, lekin undan ham daromad kelib turadi. Uni jamoam boshqaradi, men u yerda boshqaruvchiman", — deydi komik.

O‘zining kichik biznesini yo‘lga qo‘yib olgan stendap komik o‘zini introvert deb hisoblaydi, ammo taqdir hazilini qarangki, u doimiy odamlar bilan muloqotda bo‘lishi va katta auditoriyaning oldida chiqishlar qilishi kerak. Uning daromad manbai — muxlislarning e’tibori. Xo‘sh, u bu yo‘ldan ketishga qachon va qanday qaror qabul qilgandi?

“Aynan qaysi voqealigi esimda yo‘g‘u, lekin o‘sha birinchi marta sahnaga chiqqanimdagi voqea sabab bo‘lgan. Hech kimga aytmaganman, uydagilarga, tanishlarga aytmay chiqqanman va o‘xshagan. Bilmaysiz-ku, qaysidir narsani boshlashingizdan oldin o‘xshaydimi-yo‘qmi degan narsa bo‘ladi, men sahna zavqini tuyib, maza qilganman. Keyin o‘shandan boshlab stendapda qolganman.

Lekin baribir o‘sha “Turkiston"dagi chiqishimiz asosiy sabab bo‘lsa kerak. “Turkiston"da chiqqanmiz, o‘sha omadli chiqish bo‘lgan. Ya’ni nafaqat mening chiqishim, balki umumiy olganda o‘sha konsert omadli chiqqandi. Ko‘rishlar soni ko‘paya boshladi, ko‘chada odamlar taniydigan bo‘lishdi. Qaysidir joyda yangi sahifa ochsam, misol uchun Twitter, Telegram yoki Instagram’da, odamlar Bekzod Yusupov sifatida taniy boshlashgan. O‘shanda endi men stendap komik ekanimni his qilganman. Auditoriyangiz kengayib borayotganini, o‘zingizda o‘sish borligini sezsangiz, barqarorlik borligi uchun ham shu sohada qolasiz”, — deydi u.

Siz muxlislar qatorida eshitayotganingiz hazillar birdan mana shunday holatga kelib qolmagan, u bir nechta chig‘iriqdan o‘tadi: ichki senzura, boshqa komiklar va muxlislarning reaksiyasi, qo‘shimchalar va hokazo. Hazil qanday paydo bo‘lishi haqida Bekzodning o‘zi gapirib berdi.

“Menda hazil yozish jarayoni hozirgi paytda biroz o‘zgargan. Oldin ko‘chada ketayotib ham yozaverardim. Masalan, avtobusda ketayotib, “Avtobusda konditsioner yo‘q”, deb, o‘shanga ham bittalik hazil yozardim. Yoki metroga tushdim, qanaqadir hid bor — emotsiya haqida nimanidir yozardim. O‘sha joyning o‘zida diktofonga yoki o‘zimning kanalimga yozib qo‘yardim.

Hozir esa qanaqadir mavzu olib, o‘sha ustida ko‘proq ishlashni boshlaganman. Misol uchun, o‘g‘rilik yoki fobiyani olib, ko‘proq ishlayman, o‘tirib, 1−2 soat davomida yozaman. Ularni bir marta “Ochiq mikrofon"da sinab ko‘rganimdan keyin, ustida ishlashni boshlayman. Sizda hazil ko‘p bo‘lishi mumkin, lekin konsertbop hazillar kam bo‘ladi-da. Ya’ni konsertni konsepsiyadan kelib chiqib yozasiz. Ikki soatlik materialingiz bo‘lsa ham, qaysidir hazil konsert konsepsiyasiga tushmayaptimi, uni keyinroq aytishga majbursiz. Hozir menda o‘tirib, bitta mavzuni olib, uning ustida ishlab, ochiq mikrofonda chiqib yoki o‘zimning sinov konsertlarimda sinash jarayoni ketyapti”, — deydi komik bu yil katta konsert berishni rejalashtirayotganini qo‘shimcha qilib.

Bekzod Yusupov komiklar va ishi kompyuter bilan bog‘liq bo‘lganlarga tavsiya ham berib ketdi. U hozir hazillarini yozish uchun tinch joyda o‘tirishga majbur ekanidan kelib chiqib, mana shunday joylarni Afisha.uz'ning “Toshkentdagi 5 ta kovorking markazi” nomli to‘plamidan foydalanganini aytdi va Afisha’ning mana shunday to‘plamlarini kuzatib, ulardan unumli foydalanishni tavsiya qildi. Yaxshi odamlar yomon narsa tavsiya qilmaydi.

Bekzod Yusupovni nafaqat yakkaxon chiqishlarini, balki boshqa shoulardagi ishtirokini ham ko‘rsangiz bo‘ladi. U “Sahna” stendap klubidagi boshqa rezidentlar bilan turli shoular tashkil qilgan. Masalan, “Introvert” (Abdulaziz Hakimovich bilan), “Xonadosh” (Bob Qobilov va Abubakr Fozilov bilan), “Kim oladiyo” (Abdulaziz Hakimovich, Fayzulla Nosirov, Otabek Xudoyberdiyev, Aslbek Zikirovlar bilan), “Birinchi muhabbatim” (Maftuna Shokirova va Imona G‘ayratovna bilan), “ChatGPT komiklarga qarshi” va hokazo shoular.

“O‘zbekistonda juda ko‘pchilik introvert, kuzatishimcha. Lekin ular ham qayergadir borgisi keladi. „Introvert“ degan shou qilganmiz va 60 ta chipta sotganmiz. Mening eng ko‘p chiptasi sotilgan shoularimdan biri. Chiptalar bitta-bitta olinyapti, ya’ni guruh bo‘lib emas”, — deydi u “Introvert” shousi haqida.

Bekzod Yusupov ishtirok etadigan shoular bilan “Sahna” stendap klubining rasmiy sayti orqali tanishingiz va o‘sha yerning o‘zida shoularga chipta sotib olishingiz mumkin. Agar Bekzod Yusupovning eng original hazillarini eshitmoqchi bo‘lsangiz, “Ochiq mikrafon"larga boring, lekin u yerda yaqin orada e’lon qilinadigan konsert uchun hazillar sinovdan o‘tkaziladi, agar siz konsertdan zavq olmoqchi bo‘lsangiz, Bekzodning konsertini kutganingiz ma’qul. Bu boshqacha bo‘ladi.

“Katta konsert berish niyatim bor. Nasib bo‘lsa, shu yilning kuz fasliga rejalashtiryapman. YouTube’da „Gapir“ nomli mini konsertim bor, uni to‘liq konsert demagan bo‘lardim, chunki u 25 daqiqagina, xolos. To‘liq konsert 50 daqiqa atrofida bo‘lishi kerak deb o‘ylayman. Shunaqasi kuzda bo‘ladi, nasib”, — deydi Bekzod konsert ko‘proq hissiyotlar va munosabatlar haqida bo‘lishini aytib.

Afisha.uz Bekzod Yusupov bilan birgalikda “Sahna” stendap klubining boshqa rezidentlari bilan ham suhbatlashgan. Ular bilan intervyular tez orada e’lon qilinishi rejalashtirilgan. Ungacha esa siz Afisha.uz'ning “Stendap” bo‘limidan yaqin oradagi konsert va shoular bilan tanishishingiz mumkin.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov

"Komik ziyoli boʻlishi kerak": Abbos Serobov bilan yakkaxon konserti, oʻzbek stendapi va EKG jamoasi haqida suhbat

Oʻzbekistonda komediyaning stendap janri rivojlanib bormoqda. Bir zamonlar unga faqatgina bir kishi ijod qiladigan yoʻnalish, deya qaralgan boʻlsa, hozirda stendap bilan shugʻullanuvchi komiklar ham, ularning muxlislari ham ancha koʻpaygan. Bunga parallel ravishda oʻzbek tilida koʻplab debyut yakkaxon konsertlar ham e'lon qilindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling