"Platforma"dan "Interstellar"gacha — Chuqur o'yga soladigan 7 ta film
Ba'zi filmlarni tomosha qilgandan keyin uni hazm qilish uchun biroz vaqt ketadi. Bunday filmlarni takror ko'rganingizda, oldin e'tibor qilmagan nimanidir albatta topasiz. Afisha.uz sizlar uchun aynan shunday filmlarni bir joyga jamladi.
Shunday filmlar borki, o’zining ilmiy-fantastik g’oyalari bilan bizni chuqurga o’yga soladi, yana shundaylari ham borki, bizning oldimizga jamiyat va inson tabiati kabi maslalar bilan bog’liq jumboqlarni tashlaydi. Keyin esa o’ylab o’yingizga yeta olmaysiz. Bunday filmlarni takror ko’rganingizda, oldin e’tibor qilmagan nimanidir albatta topasiz. Shuning uchun ham bu turdagi filmlarni bir marta ko’rish kamlik qiladi. Afisha.uz muharriri sizlar uchun aynan shunday filmlarni bir joyga jamladi.
Platforma
The Platform (El Hoyo)
Janr: triller, horror, ilmiy-fantastika
Suratga olingan yili: 2019
Rejissyor: Xalder Gastelu-Urrutiya
Ispaniyalik kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan ushbu shedevr o’zidan uzoq vaqt sizni tark etmaydigan “ta'm” va ko’plab savollar qoldiradi. Film zamonaviy dunyomizni, jamiyatni juda mohirona tarzda yoritib beradi. Ham qo’rqinchli, ham hayajonli, ham qiziqarli…
Sinopsis: Bir qancha inson o’z ixtiyori bilan kelgan ko’p qavatli yer osti qamoqxonasida uyg’onadi. Har bir qavatda ikki nafar mahbus bor va jami qancha qavat borligi noma’lum. Barcha qavatlar umumiy quduq bilan bog’langan, u orqali kuniga bir marta oziq-ovqat solingan platforma tushiriladi. Unda aql bovar qilmas miqdordagi turli taomlar bor, lekin mahbuslar qanchalik pastda yashasa, ulargacha biror narsa yetib kelish ehtimoli shunchalik kam bo’ladi.
Ibtido
Inception
Janr: ilmiy-fantastika, jangari, sarguzasht
Suratga olingan yili: 2010
Rejissyor: Kristofer Nolan
Nolanning filmlari bu alohida san’at turi. Aslida bu ro’yxatimizga uning barcha filmlarini kiritish mumkin, ammo u holda maqola boshidan oxirigacha Kristofer Nolanning filmlari haqida bo’lib qolardi. “Ibtido"da hammasi ideal: aktyorlar tarkibi, syujet, g’oya… Filmdagi har bir aktyor e’tiboringizni tortadi. Syujet esa shunchaki xayolingizni ostin-ustun qiladi. Aytingchi, biz tushlar haqida nimalarni bilamiz?
Sinopsis: Kobb begon insonlarning uyqusida ong ostidagi sirlarini o’g’irlash san’ati bo’yicha mutaxassis. Kobbning ajoyib qobiliyatlari uni josuslik olamidagi eng kerak shaxsga aylantirdi, lekin uning ham o’z muammolari bor. Unga bu muammolardan qutulish uchun ajoyib imkoniyati beriladi. Ammo u har doim qilgan ishining teskarisini qilishi, ya’ni begona kishining ong ostiga boshqa birovning g’oyasini joylashtirish kerak bo’ladi.
Jang klubi
Fight Club
Janr: drama, triller, kriminal
Suratga olingan yili: 1999
Rejissyor: Devid Fincher
Chak Palanikning ushbu nom ostidagi bestselleri asosida suratga olingan filmga ham aktyorlar juda mohirona tanlangan. Bred Pitt, Edvard Norton, Helena Bonem Karter — bu filmni tomosha qilishga boshqa sabab kerak emas. Devid Fincherning rejissyorlik qobiliyati haqidaku, gapirmasa ham bo’ladi.
Sinopsis: Uyqusizlikdan aziyat chekayotgan ofis xodimining zerikarli va bir xil hayoti ish safaridan keyin o’z yo’nalishini keskin o’zgartiradi. Samolyotda u o’zining hayotiy tamoyillarini u bilan baham ko’radigan yorqin va energiyaga to’la Tayler Dyordenni uchratadi. U Tayler bilan birga birinchi jang klubiga asos soladi. Qahramon bu loyihaning bunchalik keng ko’lamli bo’lishini xayoliga ham sig’dira olmagan edi. “Do‘sti” Dyordenning nima qilmoqchiligini anglab yetgach, u hayratda qoladi.
Dogvill
Dogville
Janr: drama, kriminal
Suratga olingan yili: 2003
Rejissyor: Lars fon Trier
Lars fon Trierning filmlari hech kimnikiga o’xshamaydi. Ularni tomosha qilgandan keyin sizda g’alati va aralash his-tuyg'ular paydo bo’ladi. Bu rejissyorning filmlari ancha og’ir, ammo baribir sizga o’zgacha ruh beradi, hissiyotlaringiz bilan o’ynaydi. “Dogvill” filmi ham sizni befarq qoldirmasligi aniq.
Sinopsis: 1930-yillar. Yosh qiz Grey gangsterlardan qochib, tog’lar orasidagi Dogvill nomli shaharchada paydo bo’lib qoladi. Mahalliy aholi qochqinga faqat bitta shart bilan — ularga xizmat qilishini talab qilgan holda unga boshpana berishadi. Lekin keyin ularning iltimoslari haddan tashqari ko’payib ketadi va uni gangsterlarga topshirish qo’rqitib shaharliklar undan shafqatsiz tarzda foydalanishadi. Asta-sekin Greys Dogvilning tinch aholisining quliga aylanadi va bu shaharda mehribonlikka teskari javob berishlariga ishonch hosil qiladi. Biroq, Greysning qanchalik xavfli ekanligini hech kim bilmaydi.
Yangi tartib
New Order (Nuevo orden)
Janr: triller, drama, kriminal
Suratga olingan yili: 2020
Rejissyor: Mishel Franko
Meksikalik kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan “Yangi tartib” nomli ushbu film ham zamonaviy dunyo, undagi tengsizlik, shafqatsizlik haqida so’zlaydi. Filmni ko’rib tugatgach esa, ehtimol, bu hayotda hech kimga ishonib bo’lmaydi degan xulosaga kelsangiz kerak.
Sinopsis: Yuqori tabaqa vakillarining dabdabali to’yi chaqirilmagan mehmonlarning paydo bo’lishi bilan to’xtatiladi — mamlakatda tartibsizliklar boshlangan, bu esa sinfiy nafrat va zo’ravonlikning kuchayishiga olib keldi.
Baxt izlab
The Pursuit of Happyness
Janr: drama, biografiya
Suratga olingan yili: 2006
Rejissyor: Gabriel Muchchino
Ushbu film sizni ilhomlantiradi, orzu va maqsadlar yo’lida taslim bo’lmaslikka undaydi. Ehtimol, bu filmdan keyin jiddiy o’yga tushib qolmassiz, ammo u sizga o’z qarashlaringizni yana bir bor ko’rib chiqishga majbur qiladi.
Sinopsis: Kris Gardner yolg’iz ota. Besh yashar o’g’lini tarbiyalar ekan, Kris bolasining baxtli bo’lib o’sishi uchun bor kuchini sarflaydi. Sotuvchi bo‘lib ishlagani uchun kvartiraning pulini to‘lay olmagach, ularni haydab yuborishadi. Ko‘chada qolgan, lekin taslim bo‘lishni istamagan ota mutaxassis lavozimiga ega bo‘lish umidida brokerlik kompaniyasiga stajyor bo‘lib ishga kiradi. Faqat amaliyot davomida u hech qanday pul olmaydi va amaliyot 6 oy davom etadi…
Interstellar
Interstellar
Janr: ilmiy-fantastika, drama, sarguzasht
Suratga olingan yili: 2014
Rejissyor: Kristofer Nolan
Kridtofer Nolandan yana bir shedevr. Filmdagi ilmiy g’oyalar doimiy tarzda miyangizni band qilsa, syujetdagi voqealar, ota va qiz munosabatlari yuragingizning tub-tubiga yetib oradi. Ajoyib qorishma. Hans Zimmerning bu filmga atab bastalagan musiqalari esa alohida bir shedevr (bu so’zni qo’llash borasidagi bugunga mo’ljallangan limitni aniq to’ldirib tashladim, ba’zan bunday filmlarni ta’riflash uchun boshqa so’z o’ylab topish ham qiyin).
Sinopsis: Qurg’oqchilik, chang bo’ronlari va o’simliklarning yo’q bo’lib ketishi insoniyatni oziq-ovqat inqiroziga olib kelganda, tadqiqotchilar va olimlar guruhi qora tuynukdan o’tib ko’rishga qaror qilishadi. Ammo u yerda asosiy qahramonni nimalar kutmoqda?
Yana qanday filmlarni bu ro’yxatga kiritish mumkin?
Aslida bu ro’yxatga juda ko’p filmlarni qo’shish mumkin. Misol uchun, Zemekisning “Forrest Gamp"i, Piter Uirning “Truman shousi”, Frenk Darabontning “Yashil milya"si, yuqorida tilga olingan Gabriele Muchchinoning “Yetti hayot” filmi yoki Skorsezening “La'natlangan orol” filmini keltirish mumkin. Ammo bu filmlarni bemalol jahon kinosining klassikasi deb atash mumkin. Va biz bu filmlar mavzusiga qachondir albatta qaytamiz.