“Oppenhaymer”, Nolan, Myorfi — 2024-yilgi “Oskar” mukofoti oʻz egalariga topshirildi

E’lon qilingan sana· 2 813
“Oppenhaymer”, Nolan, Myorfi — 2024-yilgi “Oskar” mukofoti oʻz egalariga topshirildi

Toshkent vaqti bilan 11-mart kuni tongda 96-Oskar taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Afisha.uz kinematografiya sohasida yilning eng muhim voqealaridan biri hisoblanadigan marosimning qiziqarli voqealari va gʻoliblar roʻyxati bilan tanishtiradi.

Marosimda komik Jimmi Kimmel boshlovchilik qildi. Ma’lumot uchun, bu Kimmelning Oskar marosimlarida boshlovchi sifatida toʻrtinchi ishtiroki hisoblanadi.

“Eng yaxshi ikkinchi darajali ayol roli” nominatsiyasida Davayn Joy Rendolf “Tashlab ketilganlar” (“The Holdovers”) filmidagi ijrosi uchun gʻolib boʻldi.

Kris Hemsvort va Anya Teylor Joy animatsion filmlar boʻyicha gʻoliblarni e’lon qildi. Unga koʻra, “Eng yaxshi qisqa-metrajli animatsion film” nominatsiyasida “Urush tugadi!” multfilmi sovrinni qoʻlga kiritgan boʻlsa, “Eng yaxshi animatsion film” sifatida Oskarni “Bolakay va qush” animatsiyasi qoʻlga kiritdi.

“Eng yaxshi moslashtirilgan ssenariy” nominatsiyasida “Amerikacha jinoyat” filmi gʻolib boʻldi. “Eng yaxshi original ssenariy” nominatsiyasida esa Justin Trie va Artur Xarari “Qulash anatomiyasi” filmi uchun Oskarga loyiq koʻrildi.

“Rahmat! Bu (Oskar) menga oʻrta yosh krizisi vaqtida yordam beradi”, — dedi film rejissyori Justin Trie. “Qulash anatomiyasi” kinokartinasini tomosha qilgan boʻlsangiz bu soʻzlar ma’nosini yanada yaxshiroq tushunasiz.

“Kambagʻallar-baxtsizlar” filmi kostyumlar va grimga bogʻliq barcha Oskarlarni qoʻlga kiritdi. Kinokartina “Eng yaxshi grim va turmaklar”, “Eng yaxshi badiiy-postanovkachi” va “Eng yaxshi kostyumlar dizayni” nominatsiyalarida uchta Oskarni oʻziniki qilib oldi.

“Eng yaxshi xorij filmi” — “Qiziqishlar zonasi”. Ushbu kinokartina Buyuk Britaniyaga “Eng yaxshi xalqaro film” nominatsiyasida ilk Oskarni taqdim etdi. “Eng yaxshi ikkinchi darajali erkak roli” nominatsiyasida kichik Robert Dauni “Oppenhaymer"dagi roli uchun gʻolib boʻldi. Hech kimda shubha yoʻq edi.

  • “Eng yaxshi vizual effektlar” — “Godzilla: minus bir”;
  • “Eng yaxshi montaj” — “Oppenhaymer”;
  • “Eng yaxshi qisqa-metrajli hujjatli film” — “Oxirgi ta’mirlash ustaxonasi” (The last repair shop);
  • “Eng yaxshi hujjatli film” — “Mariupolda 20 kun”.

“Mariupolda 20 kun” filmi rejissyori Mstislav Chernov sovrinni qoʻlga kiritgani haqida oʻz fikrlarini bildirdi.

“Ehtimol, men ushbu sahnada, bu filmni hech qachon suratga olishni xohlamasdim, degan birinchi rejissyor boʻlaman”.

  • “Eng yaxshi operator ishi” — Xoyte van Xoytema “Oppenhaymer”;
  • “Eng yaxshi badiiy qisqa-metrajli film” — “Genri Shugarning ajoyib hikoyasi”;
  • “Eng yaxshi ovoz” — “Qiziqishlar zonasi”;
  • “Eng yaxshi saundtrek” — Lyudvig Yoransson “Oppenhaymer”;
  • “Film uchun eng yaxshi musiqa” — Billi Aylish va Finnaes OʻKonnelning “What was I made for” qoʻshigʻi.

Billi Aylish 22 yoshida oʻzining ikkinchi Oskarini qoʻlga kiritib, bunga loyiq koʻrilgan eng yosh insonga aylandi. Aylish 86 yillik rekordni yangiladi.

Marosimning eng kutilgan voqealaridan biri — Rayan Goslingning “I'm just Ken” qoʻshigʻini ijro etishi boʻldi. Aktyor ushbu chiqishi bilan hammani kuylashga majbur qildi.

Marosimning eng kutilgan voqealari roʻy berdi. “Eng yaxshi erkak roli” nominatsiyasida Kilian Myorfi, “Eng yaxshi rejissyor” nominatsiyasida esa Kristofer Nolan “Oppenhaymer” filmi uchun Oskarga loyiq koʻrildi. “Eng yaxshi ayol roli” nominatsiyasida Emma Stoun “Kambagʻallar-baxtsizlar” filmidagi roli uchun gʻolib boʻldi.

96-Oskar taqdirlash marosimida “Eng yaxshi film” deb “Oppenhaymer” topildi. Gʻolib nomini afsonaviy Al Pachino e’lon qildi. Shunday qilib “Oppenhaymer” filmi umumiy hisobda 7 ta Oskarni qoʻlga kiritdi.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ