Professional targʻibot va vizual evolyutsiya: "Dyuna. Ikkinchi qism" filmiga taqriz

E’lon qilingan sana· 490
Professional targʻibot va vizual evolyutsiya: "Dyuna. Ikkinchi qism" filmiga taqriz

Rejissyor Deni Vilnyovning ilmiy-fantastik blokbasteri boʻlgan “Dyuna” filmining ikkinchi qismi 1-mart kuni premyera qilindi. IMAX kinoteatrlarida koʻrish uchun ishlangan film aynan Oʻzbekistonda ilk bor ochilgan IMAX kinoteatrlarida premyera qilindi. Shu orqali vizual evolyutsiya deya qaralayotgan filmdan oʻzbekistonliklar ham toʻliq bahramand boʻlish imkoniga ega boʻldi.

Afisha.uz “Dyuna. Ikkinchi qism” filmi hamda uning atrofidagi voqealar haqida ma’lumot beradi.

Kino atrofidagi voqealar

Aslida “Dyuna. Ikkinchi qism” filmi 2023-yilning 3-noyabr sanasida premyera qilinishi kerak edi. Biroq Golivudda boʻlib oʻtgan aktyorlar va ssenaristlarning ish tashlashi sabab film 2024-yilga qoldirildi.

Odatda, katta premyeralar uchun reklama kampaniyasi film chiqishidan bir necha oy oldin boshlanadi. “Dyuna"ning reklamasi 2023-yilning birinchi yarmida boshlangandi. Warner Bros. filmning ikkita treylerini e’lon qildi. Biroq Golivudda ish tashlashlar boshlanganidan soʻng aktyorlar Timoti Shalame, Zendeya, Ostin Batler, Florens Pyu, Deyv Batista, Lea Seydu, Xavyer Bardem, Rebekka Fergyuson film targʻibotida ishtirok eta olmadi. Ish tashlashlar tugaganidan soʻng esa tomoshabinlarni yana premyeraga tayyorlash kerak edi.

Kinokompaniya esa bu vazifani “Barbi” filmi reklamasi bilan shugʻullangan Josh Goldstaynga topshirdi. Marketolog xuddi “Barbi"da boʻlgani kabi “Dyuna” targʻibotini ham asosan internettagi memlar orqali olib bordi. Bundan tashqari premyera avvalida internetda filmda koʻrinish beradigan katta chuvalchang koʻrinishadagi pop-korn idishlar paydo boʻldi.

“Dyuna” filmining birinchi qismidan farqli oʻlaroq, ikkinchi qismda kinokartina uchun asos qilib olingan Frank Gerbert muallifligidagi shu nomli romanning ba’zi muhim jihatlari oʻzgartirilgan. Bu ba’zi muxlislarning tanqidlariga sabab boʻlsa, ba’zilar rejissyorni maqtadi.

Film haqida (ehtiyot boʻling, spoylerlar!)

Soʻnggi yillarda blokbaster filmlar omadsizlikka uchramoqda. Buning fonida esa rejissyor Deni Vilnyov 3 soatga yaqin boʻlgan jangari film ishladi va koʻp jihatlarda, jumladan, kassa, filmga boʻlgan e’tibor, vizual tomonidan oʻlib borayotgan blokbasterlarga umid bagʻishladi.

Kinokartina birinchi film tugagan vaqtdan boshlanadi. Timoti Shalame ijrosidagi bosh qahramon Pol Atreydesni bashoratda keltirilgan Masih deb hisoblashadi. Avvaliga Atreydesning oʻzi ham bunga ishonmaydi, biroq voqealar rivojida odamlarni bir maqsad yoʻlida birlashtirish va yovuz dushmanga qarshi janga kirish uchun Masih ekaniga ishona boshlaydi. “Dyuna. Ikkinchi qism” ilk filmdan keyingi koʻplab savollarga javob berdi, biroq yana koʻplab savollarni yuzaga chiqardi. Bu haqda biroz keyinroq.

Ikkinchi film koʻplab qahramonlarni yaxshiroq tanib olganimiz bilan ham yodda qoldi. Masalan, Zendeya obraziga filmda koʻproq daqiqalar berilgani uchun uning xarakteri, Pol Atreydesga boʻlgan munosabati haqida muhim ma’lumotlarga ega boʻldik. Bosh qahramonning onasi va uning tugʻilajak singlisi ham syujetda muhim rolni egallaydi. Bundan tashqari yovuz qahramonlar, xususan, Vladimir Xarkonnen va uning jiyani xarizmaga boy Ostin Batler ijrosidagi Feyd-Rauta bilan yaqindan tanishish imkoni paydo boʻldi.

Rejissyorga koʻra, film uch qismga moʻljallangan. Aynan shu sababdan ikkinchi film soʻngida ham ba’zi savollarga javob olmadik. Bu ham yetmagandek yana yangi syujet chiziqlari paydo boʻldi. “Ajdarga qarshi kurashda, undan ham kuchliroq ajdarga aylangan” Pol Atreydes Imperatorga aylandi. Zendeyaning ham keyingi taqdiri noaniq qoldi.

Filmning uchinchi qismi suratga olinishi “Dyuna. Ikkinchi qism” premyerasidan avvalroq e’lon qilingandi. Biroq rejissyor Deni Vilnyov hozirda “Kleopatra” filmi ustida ish olib bormoqda. Shu sababdan “Dyuna"ning uchinchi qismini yaqin yillarda kutish ma’nosiz.

Vizual va ovoz

Film rejissyori Deni Vilnyov kinoda dialoglarni emas balki vizualni asosiy planga olib chiqadi. Kinoni koʻrayotgan muxlisni cheksiz dialoglarni eshittirish bilan emas, balki tomosha bilan hayratda qoldirish kerak degan fikrni ilgari suradi. “Dyuna"ning ikkinchi qismi ham (xuddi birinchisi kabi) vizual orqali zavq ulasha oladi.

Kinokartina Iordaniya va BAA sahrolarida suratga olingan boʻlib, cheksiz choʻllarning goʻzalligi yetarlicha koʻrsatilgan. Bundan tashqari yakkama-yakka hamda umumiy jang sahnalari ideal ravishda suratga olingan. Faqatgina “Dyuna” olamiga tegishli boʻlgan qahramonlar uchun ishlatilgan maxsus effektlarning realizm bilan qorishib ketadi. Pol katta chuvalchangni egarlagan sahnani unutishingiz imkonsiz.

Film janglardagi shovqinidan tortib, qumning zarralarining harakatigacha eshitiladigan ovozlar bilan yanada boyitilgan. Oskar mukofotiga sazovor boʻlgan Xans Zimmerning dabdabali, ammo filmga mos boʻlgan musiqasida vizual bilan birlashib ketadi.

Afisha.uz tahririyati fikrlari

Mirjalol Qosimov:

“Dyuna"ni IMAX zalida ko‘rganimiz uchun hamma voqealar yonimizda sodir bo‘layotgandek edi. Ovoz zoʻr — aktyorlar quloq tagida gapirgandek boʻldi. Zalda faqat “Dyuna"ning asosiy elementi bo‘lgan tuproq zarralari yetishmadi. Lekin bu filmni ochiq osmon ostida koʻrilsa, Toshkent havosi buni ham his qilishga sharoit yaratib beradi, deb o‘ylayman.

Voqealarning hammasi sahroda sodir bo‘ladi, ko‘p chalg‘itmaydi. Lekin bu ba’zida jonga tegishi ham mumkin. Umuman olganda, operator va montajorlarning ishi yoqdi.

Nega halidan beri gapni aylantirib yotibman? Shunchaki o‘zimni kinoni tushunadigandek ko‘rsatmoqchiman, aslida unday emas, men kinoman emasman. Ammo bu ko‘rgan filmimda ba’zi jihatlarni angladim: ezgu niyatdagi qahramon ham yovuzlashib ketadi, u o‘zining prinsplari va yaqinlarini unutadi — hokimiyat uchun kurashda o‘ziga yengiladi. Bu, menimcha, real hayotga eng yaqin jihat bo‘lsa kerak.

Shuningdek, radikal fanatizm qanchalik yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligi ham ko‘rsatilgan. Kinoni boshidan oxirigacha ko‘radigan bo‘lsak, Timoti Shalame ijrosidagi Polning transformatsiyasi juda ajoyib ko‘rsatilgan. U oqko‘ngil o‘smirdan qattiqqo‘l insonga, egoist lider avtokratga aylanadi.

Film so‘nggida 3-qism chiqishiga ishora berib ketilganini hisobga olsak, kinoijodkorlarga bir taklif bermoqchiman: “Dyuna 3"ni Qoraqalpog‘istonda suratga olinglar — u yerda ham qumlik, u yerda ham suv birinchi darajali muammo”.

Nozima Xoshimova:

Nima uchun “Dyuna-2"ni tomosha qilish kerak? Eng avvalo, vizual va audio effektlari uchun deyish, nazdimda toʻgʻri boʻladi. Chunki film bejizga IMAX formatidagi kinoteatrlar uchun moslashtirilmagan. Oʻzim shaxsan e’tibor bergan eng asosiy jihat — bu qaysidir payt choʻl atmosferasi shunchalik realdek koʻrinadi-ki, ekranni his qilmaysiz. Oʻsha sahro taftini sezasiz.

Syujetga keladigan boʻlsak, Arakkis va Polning atrofidagi voqealar men uchun biroz chigaldek tuyuldi. Qandaydir bir liniya asosida siljish yoʻq. Uning Masih sifatida tanilishi ham, tan olinishi ham juda tez va mantiqiy ketma-ketlik asosida emas.

Chani. Shu ismni eshitganda, endi men “isterika” tushunchasini eslashni boshlasam kerak. Chunki film boshida u haqiqatdan ham Polni qoʻllab-quvvatlovchi, uning kelajagiga ishonuvchi obraz sifatida tasvirlanadi, lekin keyin… Nima sababdan xafa boʻlayotganini va qaysi jihatlar uchun unga qarshi fikr bildirayotganini oʻzi ham tushunmayotgandek tuyuldi menga. Kitobdagi Chani bilan uning faqat ismi bir xil xolos.

Xarkonnenlar bilan motiv ham biroz chigal. “Yovuzlik uchun yovuzlik” formulasi asosida nimadirlar qilmoqchi boʻlishdi-yu, nimadirga erishilganiga guvoh boʻla olmadik. Faqat Ostin Batlerning xarizmatik chiqishlaridan zavqlanish mumkin.

Umuman olganda, filmda menga bir kulminatsion nuqta yetishmadi.

Davlat boshqaruvi, oʻlim va boqiylik, sevgi emotsiyalardan ustun boʻlmasligi, e’tiqod va ishonch tushunchalarini — “Dyuna 2” da koʻrish mumkin, ammo…

Savollar koʻproq syujetga, qolgan tomonlariga — gap boʻlishi mumkin emas.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov

Дюна: Часть вторая

Дюна: Часть вторая
Original nomi
Dune: Part Two
Janr
drama, fantastika, sarguzashtlar, jangari
Vaqt
166 daqiqa / 2:46
Premyera
29-fevral 2024 (O‘zbekiston) / 28-fevral 2024 (Jahon)
Reyting
IMDB 8.7Kinopoisk 8.4
Yosh
  • PG-13
Byudjet
$ 122 000 000
Rejissyor
Deni Vilnev
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ