"Quyoncha Jojo"dan "Kapernaum"gacha. Bolalar bosh qahramonga aylangan filmlar

E’lon qilingan sana· 280
"Quyoncha Jojo"dan "Kapernaum"gacha. Bolalar bosh qahramonga aylangan filmlar

Barchamiz bolalar uchun ishlangan “Uyda yolgʻiz”, “Uddaburon bolalar” kabi film franshizalarini bilamiz. Bundan tashqari “Garri Potter” yoki “Uzuklar hukmdori” kabi kinokartinalarni ham bolalar, ham kattalar zavq bilan tomosha qilishi mumkin.

Bugungi toʻplamda esa Afisha.uz kattalar uchun moʻljallangan, ammo bolalar bosh qahramonga aylangan filmlar haqida ma’lumot beradi.

“Quyoncha Jojo”
Jojo Rabbit

Jahon urushlari davridagi bolalar haqida koʻplab filmlar suratga olingan. Ammo Tayki Vaytiti tomonidan 2019-yilda suratga olingan “Quyoncha Jojo” filmi avvalgilariga oʻxshamaydi.

Ushbu filmda bolakay jang maydoni yoki konslagerdagi qiyinchiliklarni koʻrmaydi. Ammo undan ham yomonroq boʻlgan holga tushadi. U oʻzi ishongan qahramoni va idealogiyasining parchalanishiga guvoh boʻladi.

“Charli va shokolad fabrikasi”
Charlie and the Chocolate Factory

“Charli va shokolad fabrikasi” bu — klassika. Bolakayning katta orzusi va uning amalga oshishi fonida bir oilaning kambagʻallik bilan, barcha narsaga erishgan qahramonning esa yolgʻizlik va bolalik jarohatlari bilan kurashishi tasvirlangan.

Agar siz bu filmni koʻrmagan boʻlsangiz bu xatoni toʻgʻrilashingiz mumkin. Koʻrgan boʻlsangiz qayta tomosha qilish orqali bolalikni yana bir bor eslashingiz mumkin.

“Yaxshi bolalar”
Good Boys

Film oʻzi orzu qilgan kechaga tashrif buyurish uchun bir qancha sarguzashtlarni boshdan kechiradigan 6-sinf oʻquvchilari haqida. “Yaxshi bolalar” kinokartinasi qora yumor janrida suratga olingan boʻlib, agar sizda bu bilan muammo boʻlsa filmni koʻrmaslik tavsiya etiladi.

Bundan tashqari 6-sinf oʻquvchilari rolini oʻynagan aktyorlarning ijrosini ham maqtash mumkin.

“Kapernaum”
Capernaum

Bundan avvalgi film kulishingizni kafolatlasa “Kapernaum” katta ehtimol bilan sizni yigʻlatadi. Bu shunday film-ki, agar hayotingizdan noliyotgan boʻlsangiz, kinoni koʻrish va qahramonlarning taqdirini kuzatish davomida fikringiz oʻzgaradi.

Katta ehtimol bilan Instagram’dagi reels’larda koʻzingiz tushgan bolakay va uning “Men ota-onamni sudga bermoqchiman” jumlasi aynan shu filmga tegishli.

“Qizaloq, kinoda oʻynashni xohlaysanmi?”
Девочка, хочешь сниматься в кино?

Sobiq ittifoq davrida 1977-yilda suratga olingan mualliflik filmi rejissyor Adolf Bergunkerga tegishli. Kinokartinada uchinchi sinfda oʻqiydigan qizga filmda suratga tushishni taklif qilishadi. Qiz esa barchani hayratda qoldirgan holda buni rad etadi.

Filmda barcha qizni kinoda oʻynashga koʻndirish payiga tushadi. Ogohlantiramiz: film chuqur qaygʻuga solib qoʻyishi mumkin.

“X loyihasi”
Project X

Film omadsiz bolalar tashkil etgan va uning ovozi butun Amerikaga tarqalgan dahshatli bayram kechasi haqida soʻzlaydi.

Qora yumor, drayv va shoʻx oʻsmirlik davridan bir parcha koʻrmoqchi boʻlsangiz “X loyihasi” ayni muddao boʻladi.

“Ota-onalar uchun tuzoq”

Ikki bir xil egizak qiz ajrashgan ota-onasini 14 yildan keyin yana birlashtirishga harakat qiladi. Shu paytgacha opa-singillar oʻzlari bilmagan holda bir-biridan ajralib ketgandi. Ammo ular tasodifan yozgi lagerda uchrashib qoladi.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ