"Skver", Komsomol koʻli, Oʻrda: "Eski Toshkent" oʻzbek filmlarida

E’lon qilingan sana· 2 038
"Skver", Komsomol koʻli, Oʻrda: "Eski Toshkent" oʻzbek filmlarida

Oʻzbek kinematografiyasi boy tarixga ega. Birinchi kino suratga olingan kundan to hozirgacha bir qator yaxshi filmlar ishlangan. Ularda poytaxt Toshkent shahri ham ozmi-koʻpmi namoyish etilgan. Afisha.uz har xil davrlarda ishlangan va Toshkent har xil koʻrinishda namoyish etilgan filmlarni bir yerga jamladi.

“Yor-yor” (1964)

Ushbu film 1960-yillardagi Toshkentni tomosha qilish uchun ajoyib imkoniyat hisoblanadi. Masalan, film Oʻrdadagi koʻchalar tasviri bilan boshlanadi. Bundan tashqari hozirgi kunda Toshkent shahrida uchratishning hech ham iloji boʻlmagan ba’zi narsalarni, jumladan, trolleybuslar, daraxtlar va muxlislar bilan toʻlib toshgan “Paxtakor” stadionini koʻrish mumkin.

Filmda koʻrsatilgan ba’zi binolar hozirda oʻzgartirilgan boʻlib, Chilonzordagi savdo markazi “Makro” supermarketlar tarmogʻiga aylantirilgan. Ammo oʻsha joy xalq tilida haligacha “Чилонзор торговый центр” nomi bilan ataladi.

“Mahallada duv-duv gap” (1960)

Shuhrat Abbasov tomonidan suratga olingan klassik oʻzbek filmi oʻtgan yillar davomida Toshkent nimalarni yoʻqotganini yaxshiroq anglashga yordam beradi.

Film hozirgi Amir Temur xiyoboni, “Magic City” bogʻi va Alisher Navoiy teatrining yuqoridan olingan kadrlari bilan boshlanadi.

Kinokartinaning avvalida muallif aytadigan ilk soʻzlar ham nimalargadir ishora berayotgandek tuyiladi.

“Taajjub. Koʻz oʻngingda boʻlib turgan narsalarni koʻp ham payqamaysan kishi”.

1960-yillardagi Toshkentning yuqoridan olingan kadrlari butun film davomida namoyish etiladi va koʻzlarni quvnatadi.

“Chinor ostidagi duel” (1979)

Film voqealari asosan Jizzax viloyatining Forish tumanida kechsa-da, kinokartina avvalida va oxirida Toshkent manzaralarini koʻrish mumkin.

Masalan, film avvalida va oxirida Nortoy Alisher Navoiy teatri oldidagi favvorada suratga tushadi. “Taniyman, Parijdan bular” jumlasining mashhurlashib ketishiga ham aynan “Chinor ostidagi duel” filmi sabab boʻlgan.

“Chantrimore"(1990)

Erkin A’zam qalamiga mansub “Anoyining jaydari olmasi” asari asosida suratga olingan “Chantrimore” filmi esa bizni 1990-yillardagi Toshkent sayriga chorlaydi.

Hozir “Buyuk ipak yoʻli” nomi bilan ataladigan metro bekati va uning atrofidan olingan kadrlarda yashillik xuddi hech qachon tugab qolmaydigandek koʻrinadi.

“Tangalik bolalar” (1990)

Ushbu filmning ba’zi voqealar “Xalqlar doʻstligi” metrosining atrofida suratga olingan. Shoir Zokir va uning doʻsti Nortoy Toshkentga kelgach, birinchi boʻlib metroga tushmoqchi boʻladi va “Xalqlar doʻstligi"ning hozirda vaqtincha yopilgan ikkinchi vestibyulidan kiradi.

U vaqtda metroga kirishda hali turniketlar oʻrnatilmagan va agar jeton sotib olmay oʻtmoqchi boʻlsangiz, yoʻlingizni qisib qoladigan moslamalar toʻxtatib qolardi.

Bundan tashqari filmning ba’zi sahnalari “Oʻzbekiston” mehmonxonasi oldida va “Sayilgoh” koʻchasida (Brodvey)ham suratga olingan.

Doston Ubaydullayev oʻziga mashhurlik olib kelgan “Biz tomonga bir qarab qoʻy” qoʻshigʻini “Xalqlar doʻstligi” san’at saroyining oldidagi maydonda ijro etadi.

“Yaratganga shukur” (1997)

Zulfiqor Musoqov filmi orqali esa 1990-yillar oxiridagi Toshkentga sayrga otlanamiz. Kinokartina kadrlari Mirobod dehqon bozori bilan boshlanadi.

Shuningdek, filmda “Toshkentland” koʻngilochar bogʻidagi attraksionlar, koʻl va daraxtlarni koʻrish mumkin. Fondagi melanxolik musiqa esa begʻubor bolalik davrlariga qaytara oladi.

“Togʻlik kuyov” (1999)

Yuqorida nomi tilga olingan filmlar kabi “Togʻlik kuyov” ham Toshkentning yuqoridan olingan kadrlari bilan boshlanadi. Birinchi sahnada “Xalqlar doʻstligi” san’at saroyi va uning atrofidagi daraxtlar namoyish etilgan (balki u kadrlarda daraxtlarga e’tibor qaratilmagandir, lekin biz yoʻqotgan narsalarimiz haqida koʻproq oʻylaymiz).

Shuningdek, filmning ba’zi epizodlari Mirzo Ulugʻbek nomidagi Markaziy bogʻda suratga olingan. E’tiborimizni yana bir bor cheksiz yashillikka, daraxtlarga qaratdik.

“Osmondagi bolalar” (2002)

Zulfiqor Musoqovning yana bir shedevr filmi bilan 2000-yillar boshidagi Toshkentga sayr qilamiz. Bosh qahramonlar, 4 nafar yigit tramvayga oʻtirgan holda shahar markazi tomon yoʻlga chiqadi.

Ular haqiqatan madaniy markazga tashrif buyuradi. Kino tomosha qilishadi, bogʻni sayr qilishadi va karaoke kuyalashadi. Tungi Toshkent manzaralari filmga alohida chiroy baxsh etadi va tomoshabinni ham oʻsha davrga olib ketadi.

“Begona bahor” (2005)

Hozirgi kunlarimizga yaqin boʻlgan Toshkentni “Begona” bahor filmida uchratish mumkin. Masalan, Umida oʻqiydigan Nizomiy nomidagi pedagogika universitetining koʻrinishi hozirgi kungacha deyarli oʻzgarmagan. Lekin nomi oʻzgarib, Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va adabiyoti universitetiga aylantirilgan.

Bundan tashqari film soʻnggidagi mashhur epizod “Xalqlar doʻstligi” metro bekati atrofida suratga olingan. Yuqoridan olingan kadrlar bu filmda ham Toshkentga yuqoridan qarash imkonini beradi.

Toshkent “vayb"ini berishi mumkin boʻlgan boshqa filmlar.

“Sevishganlar”

“Telba”

“Sarvinoz”

“Seni izlab”

“Oling quda, bering quda”

“Uchrashuv”

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ