Javohir Zokirov va Tohir Saidov bosh rollarni oʻynagan qozoq kinosi: "Афган" filmiga taqriz

E’lon qilingan sana· 224
Javohir Zokirov va Tohir Saidov bosh rollarni oʻynagan qozoq kinosi: "Афган" filmiga taqriz

Oʻzbekiston kinoteatrlarida 9-maydan boshlab, qozogʻistonlik kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan “Біздің жігіттер. Афган” filmi premyera qilina boshlandi.

E’tiborlisi, kinokartinada asosiy yovuz qahramonni oʻzbekistonlik aktyor Javohir Zokirov ijro etgan. Shuningdek, Tohir Saidov ham muhim personajlardan birini gavdalantirgan. Afisha.uz ushbu film boʻyicha taqrizni taqdim etadi.

Ehtiyot boʻling, spoylerlar bor.

Film syujeti

Afgʻonistondan Qozogʻistonga katta miqdordagi narkotik moddalar kirib keladi. Buning oldini olish uchun maxsus guruh tuziladi. Vazirlik u yerga razvedkachi Oraz va uning Afgʻonistondagi urushda qatnashgan va mamlakatni yaxshi biladigan ikki doʻstini yuborishga qaror qiladi.

Uch nafar faxriyga “keksalardan” nafratlanadigan yosh razvedkachi qoʻshiladi. Ikki avlod oʻrtasidagi ziddiyatga qaramay, ular giyohvandlik muammosini hal qilishlari kerak.

Afgʻoniston madaniyati, odamlari, koʻchalari bilan yaxshi tanish boʻlgan Oraz va uning doʻstlari Xalid ismli shaharni qoʻlga olgan, narkotik moddalarini tarqalishining boshida turgan odamni qidira boshlaydi. Bunda ularga Abdulla (Tohir Saidov ijrosida) ismli afgʻonistonlik eski doʻsti yordam beradi.

Syujetda aql-bovar qilmas holatlar ham, hayotiy voqealar ham bor. Ba’zi qismlarda “logikani oʻchirib qoʻyish"ga toʻgʻri keladi. Saspenslar, effektlar, ranglar bilan yaxshi darajada ishlangani seziladi. Menimcha, Afgʻonistondagi hayot boricha koʻrsatilmagan. Urgʻu narkotiklarning yoshlarga, jamiyatga ta’siriga qaratilgan.

Bosh qahramonlarning bunday “jahannam"ga yoʻl olishi uchun motivlar ham yetarlicha emas. Toʻgʻri ularning biri saratonga chalingan va oʻlimidan oldin oilasiga katta pul qoldirib ketish niyatida. Ammo ikkinchi qahramon qizining toʻyi uchun pul topish istagida boʻlsa, ikkinchisi taksopark ochish uchungina Afgʻoniston tomon yoʻl olmoqchi.

Aktual mavzu

Qozogʻistonda narkotiklar haqida filmlar ishlash odatiy holga aylanib qoldi. Masalan, “Irina Kayratovna” jamoasi tomonidan ishlangan “Закладка” filmi va rejissyor Aytore Joldaskalening “Шекер” seriallarini misol qilib keltirish mumkin.

Koʻp hollarda san’at asarlari jamiyat qiyofasini akslantiradi. Qozogʻistondagi yoshlar orasida narkotik muammosi bor va ijodkorlar buni aytishdan, koʻrsatishdan nafaqat qoʻrqmayapti, balki toʻxtamayapti ham. Hozirda bor va aktual muammoning koʻziga tik qaray olish kuzatilmoqda. Bu juda koʻpchilik oʻrganishi kerak boʻlgan jarayondir.

Aynan shunday kinokartinalar orqali narkotiklar qanchalik yomonligi, qanday oqibatlarga olib kelishi va unga qarshi davlat miqyosida kurashish kerakligini eslatmoqda.

Kino haqida

Soʻnggi yillarda Qozogʻiston kinosidagi oʻsish yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Buni mamlakatda suratga olingan film Oʻzbekiston kinoteatrlariga ham kirib kelishi va katta qiziqishlarga sabab boʻlayotgani bilan ham sezish mumkin.

“Біздің жігіттер. Афган” filmi janri ekshn-komediya hisoblanadi. Kinokartinadagi ekshn sahnalar sifatli darajada suratga olingan. Ushbu film postanovkachi rejissyor Yerasil Baybolovning ilk katta ishi boʻlsa-da, omadli chiqqanini e’tirof etish lozim.

Yana bir holat shunda-ki, filmni men bilan tomosha qilgan fotograf doʻstim kino davomida juda koʻplab chiroyli tabiat manzaralarini payqadi. Kinokartina Turkiya va Qozogʻistonda suratga olingan boʻlsa-da, Afgʻonistonda goʻzal manzaralar borligiga e’tibor qaratilgan. Drondan olingan kadrlar (eslatib oʻtamiz, film Qozogʻiston va Turkiyada suratga olingan) ham umumiy kartinani toʻldiradi.

Filmda hazillar ham yetarlicha. Ijodkorlar bunday jiddiy mavzu haqida kino ishlay turib, hazillarni ham unutib qoldirmagan. Yaxshi tomoni shunda-ki, hazillar krinj hissini uygʻotmaydi va haqiqatan yuzingizga tabassum yugurtiradi.

Oʻzbekistonlik sifatida Javohir Zokirov va Tohir Saidovning ijrosini maqtamaslik ilojsiz. Javohir Zokirov oʻz xarizmasi bilan filmdagi bosh antogonist, asosiy narkobaron Xalid rolini mahorat bilan gavdalantirgan. Bu rolda undan boshqa birovni tasavvur qilish ilojsiz. Tohir Saidovning ijrosi ham yuqori darajada.

Kinoni koʻrish davomida Kventin Tarantinoning “Manfur kimsalar” (Бесславные ублюдки) filmiga ham, Javohir Zokirov deganda birinchi hayolga keladigan “Sotqin” filmiga ham belgilarni uchratish mumkin.

Umuman olganda esa mintaqada bunday filmlar ishlanayotgani va chegaralar kengayayotgani odamni xursand qiladi.

Shunga qaramay, film oʻzbek tiliga tarjima qilinmagani meni xafa qildi. Qozogʻistonlik kinoijodkorlar ishlagan filmni Oʻzbekistonda turib rus tilida koʻrganimni ta’kidlash kerak.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov

Афган

Афган
Original nomi
Біздің жігіттер. Афган
Janr
komediya, jangari
Vaqt
90 daqiqa / 1:30
Premyera
9-may 2024 (O‘zbekiston) / 11-aprel 2024 (Jahon)
Yosh
  • 16+
Rejissyor
Yerasыl Baybolov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ