“Tirik tarix” dasturidagi filmlarni suratga olish boʻyicha tanlov eʼlon qilindi

E’lon qilingan sana· 219
“Tirik tarix” dasturidagi filmlarni suratga olish boʻyicha tanlov eʼlon qilindi

“Tirik tarix” dasturidan oʻrin olgan filmlarni ishlab chiqarish boʻyicha tanlov eʼlon qilinmoqda. Bu haqda Kinematografiyani rivojlantirish markazi Axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, tanlov ikki bosqichda oʻtkaziladi. Birinchi bosqichi 2024-yilning 10-oktyabridan 10-noyabrigacha davom etadi. Unda bir oy davomida belgilangan mavzular boʻyicha kinoloyihalar tanlovi oʻtkaziladi va har bir mavzu boʻyicha bitta eng yaxshi loyiha tanlab olinadi.

Ikkinchi bosqichda tanlab olingan kinoloyihalar eʼlon qilinadi va ularni amalga oshirish boʻyicha kinokompaniyalar hamda kinostudiyalar oʻrtasida pitching oʻtkaziladi hamda har bir kinoloyihani amalga oshirish boʻyicha gʻoliblar aniqlanadi.

Ta’kidlanishicha, ishtirokchilar eʼlonda koʻrsatilgan manzil va tartib asosida oʻz loyihalari sinopsislarini Kinematografiya agentligiga yuborishi kerak.

Tanlovga taqdim etiladigan sinopsislar quyidagi talablar asosida koʻrib chiqiladi:

  • filmning asosiy qahramonlari, ularning oʻziga xos xarakteri, asosiy syujet liniyasi, voqealar rivoji, avj nuqtasi va yechimi aks etgan boʻlishi;
  • oʻzbek tilida, adabiy til va imlo qoidalariga rioya qilingan holda A4 formatda, 14 shriftda, 1,5 intervalda yozilgan boʻlib, hajmi 3−5 sahifadan kam boʻlmasligi kerak;
  • takliflar berish muddati tugagan paytda kamida ikkita taklif olingan boʻlsa, tanlov oʻtkazilgan deb topiladi;
  • tanlovda bitta yoki birorta ishtirokchi qatnashmagan taqdirda tanlov oʻtkazilmagan deb topiladi hamda ayni oʻsha shartlar va talablarga muvofiq takroran eʼlon beriladi;
  • kinoloyihalar tanlovi komissiyasi aʼzolari oʻn ish kuni davomida kinoloyihalar — sinopsislarni koʻrib chiqadi, baholaydi, gʻolib kinoloyihani belgilaydi va yigʻilish bayoni bilan rasmiylashtiradi.

Tanlovda qatnashishni istagan ijodkorlar sinopsislarini arizasi, ismi-sharifi va oʻzi haqida qisqacha maʼlumotni biriktirgan holda “Milliy kengash ishchi guruhiga” deb qayd etilgan konvert hamda elektron variantda Kinematografiya agentligiga taqdim etishi lozim.

Ma’lum qilinishicha, Tanlovga taqdim etilgan sinopsislar va kinoloyihalar taqriz qilinmaydi va mualliflarga qaytarilmaydi.

Ushbu havola orqali “Tirik tarix” dasturida kinoloyihalar tanlovi o‘tkaziladi mavzular bilan tanishish mumkin.

Qoʻshimcha ma’lumot olish uchun telefon raqami: (+998) 90−327−4813.