Majid Majidi, Jafar Panohiy, Abbos Kiarostami: Eron kinematografiyasining 7 filmi

E’lon qilingan sana· 275
Majid Majidi, Jafar Panohiy, Abbos Kiarostami: Eron kinematografiyasining 7 filmi

Eron asrlar davomida adabiyot va falsafa bilan tanilgan bo‘lsa, so‘nggi o‘n yilliklarda bu xalqning ichki ovozi, dardlari va orzulari ekranga ko‘chdi. Ayniqsa, 1979-yildan keyingi davrda senzura va nazoratlar kuchayganiga qaramay, Eron rejissyorlari san’at orqali sukutdagi haqiqatni aytishga urindi.

Eron filmlari — bu faqat syujet emas. Bu uzoq kamera planlari, jimjitlikdagi qarashlar, go‘yoki oddiy, ammo ma’noga to‘la voqealar orqali insoniyat, haqiqat, bolalik, oila, qishloq hayoti va ichki ozodlik haqida aytilgan chuqur so‘zdir. Abbos Kiorastami, Majid Majidi va Jafar Panohiy kabi rejissyorlar bu kinolarni xalqaro miqyosga olib chiqdi. Ularning asarlari bolalar ko‘zi bilan kattalar dunyosiga nazar tashlashga, umidsizlik bilan kurashishga, ayollarning jim qarshiligini tinglashga, yerdan esayotgan shamol orqali borliqni his etishga koʻmaklashadi.

Quyidagi jamlanmada Afisha.uz aynan insoniylik, sokin qarshilik va hayot go‘zalligi haqidagi eng yorqin Eron filmlarini bir joyga toʻpladi.


Badkonake Sefid / The White Balloon

Rejissyor Jafar Panohiyning mustaqil debyut ishi bo‘lgan ushbu film mashhur ijodkor Abbos Kiorastami ssenariysi asosida suratga olingan. “Oq pufak” 1995-yilgi Kann kinofestivalida “Caméra d’Or” mukofotini qo‘lga kiritgan va The Guardian tomonidan “Eng yaxshi 50 ta oilaviy film” ro‘yxatiga kiritilgan.

Hikoya Navro‘z arafasida, oltin baliq sotib olmoqchi bo‘lgan kichkina qizaloq — Roziya atrofida kechadi. Uning oddiy, lekin yurakdan chiqqan orzusi — kattalar befarqligi, qarashiligi va bolalarning kuchsizligini aks ettiruvchi oyna vazifasini o‘taydi.


Khane-ye Dust Kojast / Where is my friends house

Rejissyor Abbos Kiorastami tomonidan suratga olingan ushbu film uning “Koker trilogiyasi"ga kiruvchi birinchi asari hisoblanadi. “Do‘stimning uyi qayerda?” 1989-yilgi Lokarno kinofestivalida Bronza sovrini bilan taqdirlangan, shuningdek, dunyo kinosi ixlosmandlari tomonidan Kiorastamining eng ta’sirli ishlaridan biri sifatida e’tirof etilgan. Film nomi mashhur eronlik shoir Sohrab Sepehrining she’ridan olingan.

Syujet markazida sakkiz yoshli Ahmad turadi. U do‘stining daftari o‘zida qolib ketganini anglab, uni qaytarish uchun boshqa qishloqqa — noma’lum manzil sari yo‘l oladi. Oddiy vazifa ortida bolalar olami, axloqiy tanlov, do‘stlik va mas’uliyat kabi chuqur mavzular aks ettirilgan.


Zire darakhtan-e zeytun / Through the Olive Trees

Bu film Abbos Kiorastami tomonidan suratga olingan va uning mashhur “Koker trilogiyasi"ning uchinchi, yakuniy qismi hisoblanadi. Film 1994-yilda yaratilgan bo‘lib, shu yili Kann kinofestivalida “Palma d’Oʻr” uchun asosiy tanlovga kiritilgan va xalqaro kino tanqidchilari tomonidan iliq kutib olingan.

Syujet voqealari Eronning shimolidagi Koker qishlog‘ida, zilziladan so‘ng suratga olinayotgan film atrofida kechadi. Kiorastami o‘z filmida “film ichida film” usulidan foydalangan — kameralar ishini kuzatgan holda, real hayot bilan sahnalashtirilgan voqealar o‘rtasidagi chiziq asta-sekin yo‘qoladi. Asosiy qahramon Husayn — filmda rol o‘ynar ekan, aslida kameraning orqasida o‘zi sevgan qiz Halimaning mehrini qozonishga urinishda davom etadi.


Rangi Khoda / The Color of Paradise

Filmni mashhur eronlik rejissyor Majid Majidi tomonidan suratga olingan va Eron kinosida insoniylik, e’tiqod va muhabbat mavzularini o‘ta nafislik bilan ko‘rsatgan asarlardan biridir. Film 1999-yilda yaratilib, xalqaro miqyosda katta e’tibor qozongan; u bir necha nufuzli festivallarda, jumladan Montreal xalqaro kinofestivalida “Eng yaxshi film” mukofotiga sazovor bo‘lgan. Film shuningdek, Oskar uchun Eron tomonidan “Eng yaxshi xorijiy til film” nominatsiyasiga tavsiya etilgan.

Asar markazida ko‘zi ojiz bola — Muhammad turadi. U Tehrondagi ko‘zi ojizlar maktabida tahsil oladi va yozgi ta’tilga qishlog‘iga — onasi va buvisi bag‘riga qaytadi. Biroq otasi o‘zi uchun yangi turmush qurish niyatida bo‘ladi va o‘g‘lini “og‘ir yuk” deb biladi shu sababli, undan voz kechish yo‘llarini qidira boshlaydi.

Filmni tomosha qilish.


Avaze gonjeshk-ha / The Song of Sparrows

Majid Majidining yana bir insoniylik, mehnat va oila haqida hikoya qiluvchi chuqur falsafiy va yurakni junbushga keltiruvchi filmi. Asar 2008-yil Berlinaleda (Berlinn xalqaro kinofestivali) “Eng yaxshi erkak roli” mukofoti bilan taqdirlangan — bu mukofot bosh rolni ijro etgan Reza Najiga berilgan.

Shahar va qishloq o‘rtasidagi keskin tafovut, moddiy dunyo bilan ma’naviyat to‘qnashuvi filmning asosiy mavzularidan biri. Bosh qahramon Karim Tehron yaqinidagi fermer xo‘jaligida tuyaqushlar fermasida ishlaydi. Ammo bir kun kelib, farzandi qulog‘ini tuzatishga harakat qilayotib ishdan ayriladi. Ishsiz qolgan Karim velosipedini minib katta shaharga yo‘l oladi va odamlarning yuklarini tashish orqali pul ishlashni boshlaydi. Asta-sekin shaharning jozibasiga berilib borar ekan, soddaligi va halolligi sinovdan o‘tadi. Bu orada, uning farzandlari esa buzilgan suv quvurini tuzatishga harakat qiladilar — bu esa filmda inson mehnati, birdamlik va oilaning ma’naviy kuchi timsoliga aylanadi.


Ta’m-e Gilas / Taste of Cherry

Rejissyor Abbos Kiorastamining eng yirik xalqaro muvaffaqiyatga erishgan filmi bo‘lib, 1997-yilda Kann kinofestivalida bosh mukofot — Palma d’Oʻr bilan taqdirlangan. Film nafaqat Eron kinosi, balki jahon muqobil kinofilmlari tarixida muhim burilish nuqtasiga aylangan.

Film markazida o‘z hayotidan to‘ygan, sukutda yashayotgan erkak — janob Badii turadi. U Tehron chekkasidagi tepaliklarda mashinasini haydab, o‘z joniga qasd qilishni rejalashtiradi va o‘ziga qabri yoniga kelib, ertalab uni ko‘mib yuboradigan inson qidiradi. Kiorastami bu filmda har qanday musiqadan voz kechadi — sukunat, shamol ovozi, yer shovqini, mashina g‘ildiragining g‘ichirlagani bularning barchasi hayotning o‘z “sadosi"ga aylanadi. Kamera uzoq, harakatsiz, jim. Ammo har bir suhbat, har bir pauza tomoshabinni hayot, ma’no, yolg‘izlik va tanlov haqida chuqur fikrlashga chorlaydi.


Bad ra khahad bord / The Wind Will Carry Us

Navbatdagi Abbos Kiorastami rejissorligida ishlangan film hayot, o‘lim va kutish falsafasini sokin, ammo chuqur uslubda tadqiq etgan. Film Venetsiya kinofestivalida “Gran-pri” (Silver Lion) bilan taqdirlangan va xalqaro kino tanqidchilari tomonidan Eron kinematografiyasining durdonalaridan biri deb e’tirof etilgan.

Filmda shaharlik jurnalist hayotining so‘nggi damlarini yashayotgan ayolning vafotini kutib, bu voqeani hujjatlashtirish uchun Eronning chekka qishlog‘iga kelishadi. Ammo ayol hali o‘lmaydi, va ular “kutish” holatida qoladilar. Kutish cho‘ziladi, vaqt sekin oqadi. Filmda harakatdan ko‘ra, kutish, jimlik va qorong‘ilik ko‘proq. Film nomi ham mashhur fors shoiri Furoʻg' Farruxzodning “Shamol bizni olib ketadi” she’ridan olingan bo‘lib, undagi ruh filmga poetik asos bo‘lib xizmat qiladi.

Farangiz Akbarova
Muallif
Farangiz Akbarova
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Taqiqlardan Oskar gʻolibligigacha: Eng yaxshi Eron filmlari

Eron kino sanoati XX asr boshidan beri mavjud, biroq u jahon darajasiga faqat 1960-yillarda, Madaniyat vazirligida toʻlaqonli kino boʻlimi tashkil etilgandan soʻng, birinchi televizion maktablar va kasaba uyushmalari tashkil etilganda chiqdi. Hozirda Eron loyihalari muntazam ravishda yirik festivallarda namoyish etilmoqda, rejissyorlar Abbos Kiarustami va Asgar Farhodiyning asarlari BBC Culture tomonidan chet tilidagi eng yaxshi 100 ta film qatoriga kiritilgan. Afisha.uz Eronning eng yaxshi filmlarini bir yerga jamladi.

Majid Majidi, Jafar Panohiy, Abbos Kiarostami: Eron kinematografiyasining 7 filmi — Toshkent Afishasi