Disneyning yashirin psixologiyasi: nega har bir malika hayvon doʻstga muhtoj?

1937-yilda “Oppog‘oy va yetti gnom” animatsion filmi butun dunyoni hayratga soldi. Lekin tomoshabinlarni eng ajablantirgan narsa syujet emas, balki malikaning hayvonlar bilan odamdek erkin muloqot qilishi edi. O‘sha davrda buni hech kim jiddiy qabul qilmagan: shunchaki ertakdagi go‘zal detallar, deb o‘ylashgan.
Ammo oradan 90 yil o‘tgach, bir hayratli naqsh ko‘zga tashlanadi: deyarli barcha Disney malikalarining yonida biror hayvon do‘st bor. Bu shunchaki tasodifmi? Yoki biz ilgari sezmagan, chuqurroq psixologik sabab bormi?
Bu haqiqatan ham Disney’ning ixtirosimi?
Aslida, yo‘q. Sehrli yoki donishmand hayvonlar haqidagi hikoyalar ko‘plab xalqlarning ertaklarida uchraydi: ruslarda — yordamchi Sivka-Burka, arab rivoyatlarida — yo‘l ko‘rsatuvchi Simurg‘ qushi, o‘zbek xalq ertaklarida esa jasorat timsoli bo‘lgan Tulpor oti. Disney bu g‘oyani o‘ylab topmagan, u uni zamonaviy uslubda qayta talqin qilgan va bu hayvon obrazlariga chuqur psixologik ma’no yuklagan.
Ammo bu yerda Disneyning haqiqiy ustunligi boshqacha: u hayvon do‘stlarni shunchaki “sehrli yordamchi” sifatida emas, malikalarning ichki holatini ifoda etuvchi ko‘zgu sifatida tasvirlagan.
8 ta malika — har birining yashirin psixologiyasi
Oppog‘oy va yetti gnom — bu Disney malikalarining ilk va eng sodda modeli. Yetim qiz gnomlar va hayvonlar orasida o‘ziga oila topadi. Gnomlar — uning himoyasiz bolaligining ramzidir: kichik, zaif, lekin mehribon. Ular hech qachon Oppog‘oyga “katta bo‘l”, “o‘zgargin” demaydi. Bu — shartsiz qabul, har bir yolg‘iz bolaning eng katta orzusi.
Sindirella va sichqonlar — ezilgan qiz atrofidagi eng zaif mavjudotlar bilan do‘stlashadi, chunki ular ham jamiyatning eng “past” qatlamida. Sichqonlar — Sindirellaning yashirin aqli: ular zukko, chaqqon va doim yo‘l topadi. U zaiflik his qilganda, sichqonlar unga o‘zining kuchliligini isbotlaydi.
Aurora va hayvonlar — uyquga ketgan malika tabiat bilan bogʻlanadi, chunki unga insonlar xavfli. Hayvonlar uning xavfsizlik dunyosi — ular uni hech qachon xafa qilmaydi yoki tark etmaydi. Aurora ular bilan gaplashganda, aslida oʻzining ichki ovozi bilan suhbatlashadi. Bu esa uning yolgʻizlikdan qochish usuli.
Ariel va Sebastian — isyonkor qiz va unga pand beruvchi krab. Sebastian — Arielning ehtiyotkor, aql-idrokli egosi: “Buni qilma, xavfli,” deydi. Lekin aynan shu ichki kurash Arielni mustahkam qiladi. Bu — o‘z qarorlarini tan olish, ulg‘ayish jarayoni.
Bella va Maxluq — jamiyatda “boshqacha” bo‘lgan qiz, jamiyat tomonidan “yirtqich” deb qabul qilingan mavjudotni sevib qoladi. Maxluq — Bellaning ichki qo‘rquvlari. Uni qabul qilish esa o‘zini qabul qilish deani. Bu o‘z-o‘zini sevish haqidagi hikoya: hatto “g‘alati” bo‘lsang ham, sevgiga loyiqsan.
Jasmin va qoplon Raja — saroy devorida ulg‘aygan malika o‘zining ichki yovvoyiligini Raja orqali ifodalaydi. Jamiyat undan itoat, muloyimlik kutadi, lekin Jasmin ichkarida erkinlik istaydi. Raja esa uning ozod va isyonkor ruhi. Bu tashqi ta’sirlardan ortiq bo‘lgan ichki kuch haqida.
Mulan va ajdar Mushu — Xitoy an’analariga ko‘ra ajdar — ota-bobolar ruhi. Lekin Mushu aslida Mulan’ning ichki ovozi: kuchsiz, shubhali, lekin chin yurakdan uni qo‘llaydi hamda birga oʻsadi, kuchayadi. Bu oʻziga ishonch qurish jarayoni.
Moana va Hei Hei — jasur qiz sayohatga eng ahmoq xoʻroz bilan chiqadi. Hei Hei — kulgili, beparvo, lekin sadoqatli xoʻroz. U hayotga yengil qaraydigan odamlarni eslatadi. Moana jiddiylikka cho‘kayotgan paytda, Hei Hei unga hazil, tabassum va xotirjamlikni olib keladi. Ba’zida eng kuchli do‘st — sizni haddan tashqari jiddiy qabul qilmaydigani bo‘ladi.
Xulosa: doʻstlik yoki terapiya?
Disney’ning hayvon doʻstlari na oddiy fantaziya, na ramzlar toʻplami. Bu insonning eng chuqur ehtiyojini qondirish usuli: tushunilish va qabul qilinish.
Har birimiz ba’zida Sindrella kabi yolgʻizmiz, Ariel kabi boshqachiroq boʻlishni xohlaymiz, Bella kabi “gʻalati” his etamiz. Va har birimizga oʻzimizni qabul qiluvchi “hayvon doʻst” kerak.
Ehtimol, shuning uchun biz hali ham Disney multfimllarini tomosha qilamiz. Axir ular bizga eng muhim darsni eslatadi: haqiqiy doʻst seni qanday boʻlsang, shunday qabul qiladi.
