"Bottle of water": Buyuk Britaniya madaniyatini koʻrsatadigan film va seriallar

E’lon qilingan sana· 151
"Bottle of water": Buyuk Britaniya madaniyatini koʻrsatadigan film va seriallar

Buyuk Britaniya deganda xayolingizga nima keladi? Juda koʻp yomgʻir yogʻadigan shaharlar, tezkor futbol, britancha qora yumor yoki oʻziga xos aksentmi? Britaniyaliklar madaniyatining shunday jihatlarini oʻz kino va seriallarida ham ajoyib tarzda koʻrsata oladi.

Quyida Afisha.uz mana shunday Buyuk Britaniyaliklar tomonidan ishlangan film va seriallar haqida ma’lumot beradi.


Filmlar

“Notting Hill”

Rojer Michell rejissyorligida 1999-yilda suratga olingan filmda bosh rollarni Xyu Grant va Juliya Roberts ijro etgan. Ushbu juftlikning oʻzi ham filmga boʻlgan qiziqishni oshiradi. Bunda London hayoti muhiti, britancha yumor va oddiy odamlar hayoti namoyish etiladi.

Romantik komediya Notting-Hilldagi (London tumanlaridan biri) kitob do‘konining kamtarin egasi haqida hikoya qiladi. Bosh qahramonning hayoti uning kichik kitob doʻkoniga kino yulduzi qo‘llanma sotib olish uchun kirganidan keyin keskin oʻzgarib ketadi…

Filmni tomosha qilish.


“Snatch”

Jeyson Stethem, Bred Pitt kabi aktyorlarning yanada koʻproq tanilishiga sabab boʻlgan film rejissyori Gay Richi hisoblanadi. Uni butun dunyo uchun britancha kriminal janrdagi kinokartinalarning tashrif qogʻozi boʻlgan deyish mumkin.

Voqealar ikkita parallel hikoyadan tashkil topgan. Birinchisi firibgar Frenki “toʻrt barmoq” tomonidan amalga oshirilgan olmosning o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchisi boks jangini tashkil etishga urinayotgan, ammo irlandiyalik bokschi Mikki “lo‘li” bilan o‘yin tufayli muammoga duch kelgan omadsiz promouterlar Turk va Tommi bilan bog‘liq.

Filmni tomosha qilish.


“The Kingʻs Speech”

Bu ssenariy muallifi Devid Saydlerning fantaziyasi emas, balki tarixiy haqiqat hisoblanadi. Georg IV haqiqatan ham ko‘p duduqlanardi, ayniqsa, omma oldida nutq so‘zlash arafasida. Britaniya qirollari va britancha lahjaning birlashtirgan film.

Albert — York gertsogi. U akasi taxtdan voz kechganidan keyin taxtga o‘tirishga tayyorlanmoqda. Albert Britaniya monarxiyasining buzilmas an’analarini davom ettirib, qirol Jorj IV bo‘lishi kerak. Lekin u sulolaning davomchisi bo‘lishni sira istamaydi. Buning jiddiy sababi bor — u duduqlanadi.

Filmni tomosha qilish.


“About Time”

“Love Actually” va “Notting-Hill” filmlari rejissyori 2013-yilda yana bir bor britancha ruhiyatni beradigan filmni ishlaydi.

Timning omadi keldi — u yosh, kelishgan, istiqbolli advokat, buning ustiga u… vaqt bo‘ylab sayohat qilishni biladi. O‘z orzusidagi qizni maftun qilish uchun u birinchi uchrashuvni qayta-qayta takrorlashga tayyor. Darhaqiqat, bir ko‘rishdayoq muhabbat hamisha ham bir ko‘rishdayoq paydo bo‘lavermaydi…

Filmni tomosha qilish.


“A Street Cat Named Bob”

Rejissyor Rojer Spottisvudning yorqin avtobiografik filmi, u giyohvand moddalarga qaramlikdan aziyat chekkan va iroda kuchi hamda malla mushuk tufayli tuzalib ketgan. Bosh qahramon deyarli hamma narsasini ishini, uy-joyini yoʻqotgandi, ota-onasi undan yuz oʻgirgandi.

Bir payt u zararli odatidan voz kechishga qat’iy qaror qiladi. Albatta, bu oson bo‘lmaydi. Giyohvandlik odamni darhol qo‘yib yubormaydi, ba’zida esa hech qachon qo‘yib yubormasligi mumkin.

Filmni tomosha qilish.


Seriallar

“Sherlock”

Bu serial haqida ortiqcha izohning hojati yoʻq. Seriallar boʻyicha koʻplab reytinglarda yuqori pogʻonalarda turadigan “Sherlock” Benedikt Kamberbetchning ijrosi va syujet jihatdan oʻziga rom etadi.

Daho, ammo g‘alati odatlari boʻlgan xususiy detektiv Sherlok Xolmsning urush faxriysi Jon Uotson bilan tanishuvi, ularning Beyker-strit koʻchasida birga yashashi va murakkab jinoyatlarni tergov qilishi haqida hikoya qilinadi.

Serialni tomosha qilish.


“The Crown”

Netflix tomonidan ishlangan serial nomidan ham Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II hukmronligiga bag‘ishlangan tarixiy dramatik janrda ekani ma’lum. Uning yaratuvchisi va ssenariy muallifi Piter Morgan hisoblanadi.

Serial XX asrning ikkinchi yarmida Buyuk Britaniyani shakllantirgan siyosiy va shaxsiy voqealarni, shuningdek, fitnalar va romantik hikoyalarni yoritadi. Qirolichaning shaxsiy hayotini omma oldida ochib beradi.

Serialni tomosha qilish.


“Peaky Blinders”

Bu serial ham oʻzbek tomoshabinlari orasida ancha mashhur hisoblanadi. Unda Britaniyaning Birmingem shahridagi gangsterlari va urushdan keyingi Angliya hayoti hikoya qilinadi. Bosh qahramon rolini ijro etgan Kilian Myorfining xarizmasi ishqibozlari yetarlicha topiladi.

Serial birinchi jahon urushidan keyin shahardagi eng nufuzli to‘dalardan biriga aylangan Shelbi oilasi haqida hikoya qiladi va uning rahbari Tomas Shelbi oʻtkir bosh kiyimlardan qurol sifatida foydalanib, jinoiy imperiyani kengaytirish va raqobatchilarga qarshi kurashishga intiladi.

Serialni tomosha qilish.


“Downton Abbey”

Bu XX asr boshlarida Yorkshirdagi aristokratik Krouli oilasi va ularning xizmatkorlari hayoti haqidagi Britaniya tarixiy teleseriali.

Syujet 1912-yilda “Titanik"da graf Grentemning merosxo‘rlari halok bo‘lganidan so‘ng boshlanadi, bu esa oilaning boyligini xavf ostiga qo‘yadi, chunki qonunga ko‘ra uzoq qarindoshlari graf unvonining merosxo‘ri bo‘ladi.

Serial Birinchi jahon urushi va urushdan keyingi yillar kabi tarixiy voqealarni qamrab oladi va Daunton aholisining hayoti qanday o‘zgarayotganini ko‘rsatadi.

Serialni tomosha qilish.


“Fleabag”

Serial 2013-yilda tanqidchilarning eng ijobiy baholariga sazovor bo‘lgan Fibi Uoller Bridjning shu nomdagi monospektakliga asoslangan. Unda “toʻrtinchi devorning buzilishi” holatini koʻrish mumkin. Shuningdek, haqiqiy britancha yumorning ham guvohi boʻlish mumkin.

Komedik film syujeti bu dunyoda nimanidir o‘zgartirishga jon-jahdi bilan intilayotgan, ammo atrofdagilarning yordami va maslahatlarini qabul qilishga mutlaqo qodir bo‘lmagan yosh, qaysar va doimiy ravishda muammolarga duch keladigan Fibi atrofida aylanadi.

Serialni tomosha qilish.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov

Majid Majidi, Jafar Panohiy, Abbos Kiarostami: Eron kinematografiyasining 7 filmi

Eron asrlar davomida adabiyot va falsafa bilan tanilgan bo‘lsa, so‘nggi o‘n yilliklarda bu xalqning ichki ovozi, dardlari va orzulari ekranga ko‘chdi. Ayniqsa, 1979-yildan keyingi davrda senzura va nazoratlar kuchayganiga qaramay, Eron rejissyorlari san’at orqali sukutdagi haqiqatni aytishga urindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
"Bottle of water": Buyuk Britaniya madaniyatini koʻrsatadigan film va seriallar — Toshkent Afishasi