Blokbasterlar soyasida qolgan durdona: 2025-yilning eng yaxshi badiiy filmi

E’lon qilingan sana· 183
Blokbasterlar soyasida qolgan durdona: 2025-yilning eng yaxshi badiiy filmi

2025-yil kinoteatrlarda “shovqin yili” sifatida tarixga kirdi. “Hayvonlar shahri 2” animatsiya olamida misli ko‘rilmagan rekordlarni yangiladi, “Avatar 3: Olov va kul” esa IMAX ekranlarini yana bir bor voqealikka aylantirdi. Jeyms Gann boshchiligidagi “Supermen” esa nostalgiyani qurol qilib, DC kinoolamiga yangi hayot bag‘ishladi.

Bu loyihalarning barchasi o‘z va’dasining ustidan chiqdi: katta pullar sarfladi va evaziga ulkan olomonni kinoteatrlarga chorlay oldi. Ammo yil poyoniga yetib, shovqin tina boshlagach, professional kino hamjamiyatida g‘alati, ammo kutilgan burilish yuz berdi.

Tanqidchilar va kinoakademiyalar “yilning eng yaxshisi” degan sharafli nomni milliardlab dollar ishlagan blokbasterlarga emas, balki ko‘pchilikning nazaridan chetda qolgan, ammo o‘zining vazmin salobati bilan ajralib turadigan “Kurash ketidan kurash” (“One Battle After Another”) filmiga ravo ko‘rdi.

Bu shunchaki bir guruh “aqlli"larning o‘ziga xos didi emas, balki san’at olamining yakdil e’tirofidir. Masalan, yaqinda bo‘lib o‘tgan Oltin Globus (Golden Globe) taqdirlash marosimida Andersonning ushbu asari naq 9 ta nominatsiyaga qoʻyilib, ularning to‘rttasida, jumladan, “Eng yaxshi film” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.

Bundan tashqari, mustaqil kinoning eng nufuzli mukofoti sanalgan Gotham Awardsda “Yilning eng yaxshi filmi” deya e’tirof etilishi va Metacritic platformasida 100 balldan 95 ball bilan baholanishi — bu filmning shunchaki yaxshi emas, balki yilning eng muhim kinematografik hodisalardan biri ekanidan dalolat beradi.

Xo‘sh, Pol Tomas Andersondek noyob rejissyorligidagi, Leonardo Di Kaprio, Shon Penn va Benisio Del Toro kabi tan olingan kuchli aktyorlar ishtirokidagi ushbu film nega bunchalik e’tirof topdi-yu, ammo siz u haqda koʻp eshitmagansiz? Javob, ehtimol, filmning o‘z tabiatida yashiringandir.

Gap shundaki, “Kurash ketidan kursh” filmi zamonaviy blokbasterlar gapiradigan tilda so‘zlashmaydi. Garchi uning byudjeti 175 million dollarga yaqinlashsa-da, u “Supermen” yoki “Avatar” kabi e’tiboringizni “baqirish” bilan tortib olishga urinmaydi. Tomas Pinchonning murakkab qatlamli “Vineland” romani asosida qurilgan bu hikoya tomoshabindan qulaylikni emas, balki intellektual mehnatni talab qiladi.

Film 90-yillardagi soʻl radikallar harakati, zo‘ravonlik va g‘oya o‘rtasidagi ziddiyatlarni shunday shafqatsiz haqqoniylik bilan ochib beradiki, kinoga shunchaki ko‘ngilxushlik uchun kirgan odam o‘zini og‘ir yuk ostida his qilishi tabiiy. Zaldan chiqib ketganlar haqidagi gap-so‘zlar ham filmning kamchiligi emas, balki uning tomoshabinga qo‘ygan narxidir.

Rejissyorning daholigi shundaki, u voqeani dialoglar orqali emas, tasvirning sukunat tili orqali hikoya qiladi. Uning kamerasiga e’tibor bersangiz, u shoshmaydi, xuddi voqealar rivojini kuzatuvchi donishmand kabi og‘ir-vazmin harakatlanadi.

Ayniqsa, Di Kaprio va Shon Penn o‘rtasidagi shiddatli ta’qib sahnasini olaylik. Oddiy rejissyor bunday vaziyatda kamerani silkitib, montajni tezlatib, tomoshabinni vizual shovqin bilan chalg‘itishga uringan bo‘lardi. Anderson esa aksincha yo‘l tutadi.

U kamerani barqaror ushlab, bizga tezlikni emas, balki qochayotgan odamning nafas olishidagi og‘irlikni va ta’qibchining sovuqqon nigohini ko‘rsatishga imkon beradi. Hatto mashinalar hayqirib borayotgan daqiqalarda ham siz ekrandagi harakatni emas, balki ikki xarakter o‘rtasidagi uzilmas, tarang bog‘liqlikni his qilasiz. Natijada, ekranda shunchaki “nima bo‘layotganini” ko‘ribgina qolmay, “nima uchun” shunday bo‘layotganini vujudingiz bilan sezib turasiz. Aynan shu — tomosha qildirish va his qildirish o‘rtasidagi ulkan farqdir.

Filmning yana bir qudrati uning janr chegaralarini buzib o‘tishidadir. Tashqi ko‘rinishdan bu siyosiy triller bo‘lib tuyulsa-da, uning markazida nihoyatda shaxsiy, og‘riqli insoniy drama yotadi. Di Kaprio gavdalantirgan qahramon shunchaki g‘oyalar qurboni emas, balki o‘z oilasini o‘tmishning salbiy ta’siridan asrashga urinayotgan otadir.

Anderson tomoshabinni har bir o‘q ovozidan ko‘ra, qahramonning ko‘zlaridagi chorasizlikni chuqurroq his qilishga undaydi. Bu yerdagi qo‘rquv mavhum emas, u haqiqiy. Biz ekranda superqahramonlarni emas, xuddi o‘zimizga o‘xshash xato qiladigan, qo‘rqadigan va sevadigan jonli insonlarni ko‘ramiz.

Albatta, blokbasterlarning ham o‘z o‘rni bor. “Hayvonlar shahri 2” bizga quvonch, “Avatar 3” esa vizual mo‘jiza ulashadi. Lekin “Kurash ketidan kurash” esa bizga savol beradi. U bizni kinoteatrdan xushchaqchaq kayfiyatda chiqarmaydi, aksincha, ichimizda bir bezovtalik uyg‘otadi: Mafkura uchun zo‘ravonlik oqlanadimi? O‘tmish bilan yuzlashish — uni unutishmi yoki kechirish?

Agar siz kinoni shunchaki ko‘zlar uchun emas, qalb va aql uchun tomosha qilsangiz, kassadagi shovqin pasayganda ushbu filmni albatta izlab toping. U hozir raqamli platformalarda mavjud va o‘zining haqiqiy — fikrlaydigan tomoshabinini kutmoqda.

Samandar Erkinjonov
Muallif
Samandar Erkinjonov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling