Oldin va hozir: “Opa-singillar” seriali aktyorlari 14 yil ichida qanchalik o‘zgardi?

O‘zbek telerejissurasining eng mashhur vakillaridan biri Zamira Begimqulova tomonidan suratga olingan “Opa-singillar” seriali ilk bor katta ekranlarda 2012-yilda efirga uzatilgan bo‘lib, 140 qismdan iborat. Ijodkor loyiha suratga olinishiga o‘g‘il ko‘rolmaslikda ayblangan ayollar sabab bo‘lganini aytgan.
Beqimqulovaning “Tutash taqdirlar” seriali namoyish etilganidan so‘ng Nazar Eshonqul unga “Opa-singillar” seriali g‘oyasi ustida ishlashni taklif etgan. Yozuvchining asosiy qahramoni Nafisa (Gavhar Sharipova ijro etgan) bo‘lgan, biroq ssenariy yozilish jarayonida qo‘shimcha personajlar hayoti ham ochilgan.
Afisha.uz 14 yildan so‘ng “Opa-singillar” aktyorlarining bugungi hayotiga nazar tashlaydi — ular qanday o‘zgargani, ijodiy faoliyatidagi yangi bosqichlar va loyihadan keyingi yo‘li haqida qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etadi.
Gavhar Sharipova
Serialda Nafisa rolini ijro etgan aktrisa Gavhar Sharipova 1980-yilda Navoiy shahrida tug‘ilgan, ayni paytda hayot bo‘lganda 46 yoshni qarshilagan bo‘lardi. U 2019-yilda haydovchi tegajog‘lik qilgani uchun yurib ketayotgan yuk mashinasidan o‘zini tashlab halok bo‘lgan.
2001-yilda Toshkent Davlat san’at institutini drama-teatr va kino aktyorligi yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. Bir muddat O‘zbek Milliy akademik drama teatrida faoliyat ko‘rsatgan. Ilk roli Gotold Lessingning “Donishmand Natan” spektaklidagi Rexa obrazi bo‘lgan.
Gavhar o‘zbek kinosida ham o‘zining bir qator takrorlanmas obrazlari bilan tomoshabinlar yodida qoldi. “Alpomish” filmida Qaldirg‘och, “Aldangan ayol” filmida Mastura singari qahramonlarni gavdalantirdi. U qator filmlarga ovoz berib, dublyaj san’atida ham o‘z imkoniyatlarini namoyon etdi.
Nargiza Ro‘ziboyeva
Serialda Nasiba rolini o‘ynagan aktrisa Nargiza Ro‘ziboyeva 1988-yilda Toshkent viloyati Chirchiq shahrida tug‘ilgan. U 2010-yilda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Estrada aktyorligi yo‘nalishini tamomlagan.
Ijodkor serialdan keyin ham bir qancha videofilmlar va “Meros yoxud Zurriyot-2” teleserialida suratga tushdi, biroq ularning hech biri “Opa-singillar"dagi mashhurlikni takrorlamadi. U o‘zini xonandalikda ham sinab ko‘rdi. 2014-yilda Narmin taxallusi bilan “Kechmas” nomli taronani taqdim etdi.
Ro‘ziboyeva 2016-yilda rejissyor Ulugb’ek Sharmetovga turmushga chiqdi va familiyasini Sharmetovaga o‘zgartirdi. U 10 yildan beri O‘zbekiston rus akademik drama teatri aktyori sifatida faoliyat yuritadi. U 2025-yilda “Kinoteatr” telekanalida efirga uzatilgan “Tez yordam” serialida bosh rolni ijro etdi.
Kamola Arslonova
Kichik singil Shahnoza roli bilan muxlislarga yaxshi tanish bo‘lgan aktrisa Kamola Arslonova 1986-yilda tug‘ilgan. U ham san’at oliygohini tugatgan hamda bir muddat kino va teatr aktrisasi sifatida faoliyat yuritgan.
Arslonova Turkiyaga qilgan sayohati davomida Mesut ismli yigit bilan tanishgan, juftlik 2014-yilda turmush qurgan. Ular hozir Izmir shahrida yashaydi. Ularning qiz va o‘g‘il farzandlari bor.
Kamola Instagram’dagi postlaridan birida qizini o‘zbek yigitiga turmushga uzatishni xohlamasligini, lekin o‘g‘il farzand ko‘rsa, O‘zbekistondan kelin qilish niyati borligini yozgan. U o‘zbek qizlari qadrini bilishni va o‘zini sevishni o‘rganishi kerakligi aytgan.
Mahmud Ismoilov
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mahmud Ismoilov serialda Rustam rolini ijro etgan. U hozirda 72 yoshda. Aktyor so‘nggi yillarda bir nechta og‘ir kasalliklarni boshdan kechirdi.
Ijodkor 2015-yildan beri O‘zbek milliy akademik drama teatri aktyori sifatida faoliyat yuritmoqda. “U o‘ynagan har bir roli orqali insonlarning ichki olamini yuksak mahorat bilan ochib berib, tomoshabinlarning va hamkasblarining olqishlariga sazovor bo‘ldi”, deyiladi aktyor haqida teatr sahifasida.
U so‘nggi intervyularidan birida o‘zbek televideniyesida saviyasiz film va seriallar ko‘payganini tanqid qilib, noprofessional aktyor-aktrisalar bilan bir kadrda turishni xohlamasligini aytgandi. Shu orqali ijodkor filmlarda ko‘rinmayotgani sababini ochiqlagan.
Sayyora Yunusova
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Sayyora Yunusova 1956-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U serialda qizlarning onasi — Ra’no rolini ijro etgan. U 1973−1977-yillarda Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutida tahsil olgan.
Yunusova 1977-yildan hozirgi kunga qadar O‘zbek milliy akademik drama teatrida faoliyat yuritib kelmoqda. Teatr sahnasida 80 dan ortiq obrazlarni yaratgan. 40 dan ortiq badiiy filmlar va seriallarda ham turli obrazlar yaratgan.
2021-yilda unga “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi”, 2022-yilda esa “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni topshirilgan. Aktrisa 2025-yilda premyera qilingan “Shamsiqamar” filmida ham rol ijro etdi.
Behzod Mirzayev
“Opa-singillar"da Murod rolini o‘ynagan aktyor Behzod Mirzayev 1982-yilda Asaka tumanida tug‘ilgan. U O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini tamomlagan.
Ijodkor oliygohda tahsil olib yurgan vaqtlaridanoq aktyorlik sohasiga ilk qadamlarini qo‘ygan. Zamira Begimqulova Mirzayevni o‘zining barcha mashhur loyihalariga taklif qilgan. Rejissyor uni o‘z o‘g‘lidek ko‘rishini aytadi.
Behzod Mirzayev 2007-yilda aktrisa Zahro Mirzayevaga uylangan. Ularning uch o‘g‘il farzandi bor. U bir necha yillardan beri o‘zi o‘qigan institutda Aktyorlik mahorati fanidan talabalarga dars berib keladi.
Dilorom Karimova
Serialda Ruqiya obrazini gavdalantirgan O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Dilorom Karimova ayni vaqtda 78 yoshda. U ijodiy faoliyatini 1967-yildan boshlagan.
“Parvona” spetaklidagi Nazokatning kelinoyisi obrazi uning iqtidorini xalqqa tanitishga yordam bergani aytiladi. Aktrisa keyinchalik faoliyatini televideniyeda davom ettiradi.
U ko‘pchilikka manzur bo‘lgan “Quyoshi botmaydigan yurt” serialining ham muallifi, ham rejissyori hisoblanadi. 2017-yilda otasi xotirasiga bag‘ishlangan “Po‘rtana” nomli kitobi nashr etiladi.
Sobirjon Rahimjonov
“Opa-singillar"da Abduvahob ota rolini o‘ynagan aktyor Sobirjon Rahimjonov 1941-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 1959-yildan beri teatr va kinoda faoliyat yuritib keladi.
U Teatr san’ati va rassomlik institutining “Musiqali drama” bo‘limida o‘qigan. Talabalik yillarining boshlaridayoq Muqimiy teatrida o‘z faoliyatini boshlagan. Rahimjonov bugunga qadar minglab film va multfilmlar dublyajida ishlagan.
Aktyor O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist unvoniga sohib bo‘lgan. 2022—2024-yillarda “Otalar so‘zi” telenovellasida turli obrazlarni gavdalantirdi, 2021-yildan beri “Iqror” videofilmlarida suratga tushib kelmoqda.
Rasulxon Qodirxonov
Serialdagi Ikrom rolini bilan tomoshabinlar orasida keng tanilgan Rasulxon Qodirxonov 1985-yilda Toshkent viloyati Ohangaron tumanida tug‘ilgan. 2005—2009-yillarda Sa’nat oliygohida musiqali drama yo‘nalishida o‘qigan.
U 2010-yillardagi mashhurlikdan so‘ng o‘zini qo‘shiqchilik sohasida ham sinab ko‘rgan va “Bog‘chalarda”, “Birga bo‘lamiz” qo‘shiqlarini taqdim etgan. Biroq bundan keyin u xonandalikni to‘liq davom ettirmadi, faqat aktyorlik bilan cheklandi.
Qodirxonov so‘nggi yillarda Muqimiy nomidagi oʻzbek davlat musiqali drama teatrida aktyorlik bilan shug‘ullanmoqda. Shuningdek, u to‘y va marosimlarda boshlovchilik ham qilib kelmoqda.
Feruza Sabitova
“Opa-singillar"da Munira rolini ijro etgan aktrisa Feruza Sabitova hozir 46 yoshda. U yoshligida Buxorodagi musiqa maktabida o‘qigan. Keyinchalik esa Toshkent davlat san’at oliygohida tahsil olgan.
Sobitova kinoga 1996-yilda “Amir Temur” filmidagi epizodik roli bilan kirib kelgan bo‘lsa-da, tomoshabinlarga asosan Shoxruxning “Bolaligim” nomli klipidagi obrazi bilan tanilgan.
Bugungi kunda aktrisa novellalarda faol ravishda suratga tushmoqda. Shuningdek, teleshoularda ham doimiy mehmon sifatida ishtirok etadi. U Instagram’da 100 mingdan ortiq obunachiga ega.
Rayhon Ulasenova
Serialda Shohida rolini ijro etgan aktrisa Rayhon Ulasenova ayni vaqtda 44 yoshda. U 20 yil davomida “Ilhom” teatrida faoliyat yuritgan.
Aktrisa bir necha yil davomida san’at oliygohida talabalarga tahsil bergan. U institutda ishlagan yillarini, hech kim uni o‘z fikridan qaytarolmaganini xotirlaydi.
Professional boshlovchi, kino va seriallardagi rollari bilan tanilgan mahoratli ijodkor so‘nggi yillarda “Zirapcha” teleshousida loyiha direktori vazifasida ish olib bordi.
Boir Xolmirzayev
Serialda Rasul rolini ijro etgan Boir Xolmirzayev Tojikistonning So‘g‘d shahrida 1961-yilda tug‘ilgan. Muqimiy teatrining bosh rejissori. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist.
Aktyor oilasida o‘nta farzandning ikkinchisi bo‘lgan. Boir Xolmirzayev 1983-yilda Toshkent teatr va rasomchilik san’ati oliygohining musiqali darama bo‘limini tamomlagan.
Xolmirzayev o‘z faoliyatini 1983-yilda Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrida boshlagan va hozirda ham shu yerda faoliyat yuritadi.
Feruza Saidova
Mungli ayol obrazi bilan o‘zbek tomoshabiniga yaxshi tanish bo‘lgan aktrisa Feruza Saidova serialda Nazokat rolini ijro etgan. U loyihada ikkinchi darajali, biroq muhim syujet chiziqlaridan birida ishtirok etadi.
Saidova 2017-yilda “Xazonrezgi” filmidagi roli uchun Qirg‘izistonda “Ak ilbirs” mukofotini qo‘lga kiritib, “Markaziy Osiyoning eng yaxshi aktrisasi” deya e’tirof etildi. 2018-yilda esa Olmaota xalqaro kinofestivalida “Eng yaxshi ayol roli uchun” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
Aktrisa so‘nggi yillarda ham faol ravishda ijod bilan shug‘ullanmoqda. U 2025-yil 15-may kuni premyera qilingan Zulfiqor Musoqovning “Umida (Fudziyama haqida tush)” filmida bosh rolni ijro etdi.
Azizbek Qobilov
“Opa-singillar” serialida Sardor rolini ijro etgan aktyor Azizbek Qobilov Navoiy shahrida tug‘ilgan. Uning serialdagi shaxsiyati ikkiga bo‘lingan qahramon obrazini mahorat bilan gavdalantirgani muxlislar orasida keng tanilishiga xizmat qilgan.
Qobilov uzoq yillardan beri O‘zbek milliy akademik drama teatri aktyori sifatida faoliyat yuritadi. U “Parvona” spektaklida O‘tkuriy obrazini gavdalantirish orzusi borligini ta’kidlagan.
Aktyor so‘nggi yillarda bir nechta qisqa va to‘liq metrajli filmlarda rol ijro etdi. U, shuningdek, Madaniyat va ma’rifat telekanalida efirga uzatiladigan “Qaqnus” ko‘rsatuvining doimiy ishtirokchilaridan hisoblanadi.
Muhammadali Abduqunduzov
Serialda Sardorning otasi Nosir rolini ijro etgan aktyor Muhammadali Abduqunduzov 1952-yilda Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida tug‘ilgan. U 1998-yilda “O‘zbekteatr” ijodiy ishlab chiqarish boshqarmasining bosh direktori vazifasiga tayinlangan.
Abduqunduzov 1974-yilda Toshkent davlat san’at institutini tugatgan. Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romanidan ishlangan shu nomdagi 10 qismli videofilmdagi Bobur roli aktyorga katta shuhrat keltirgan.
Ijodkor 1997-yilda O‘zbekiston va 2000-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikalari xalq artisti unvoniga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan ham taqdirlangan.
Saida Rametova
O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Saida Rametova 1957-yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan. Maktabni tugatib do‘konda sotuvchi bo‘lib ishlay boshlagan.
Toshkentga “Kopirativniy” texnikumga kirgan vaqtida teatrda Erkin Komilov va Gulchehra Jamilova ishtirokidagi spektaklni ko‘rgach, aktrisalikka ishtiyoqi oshgan. O‘sha vaqtda Erkin Komilov Saida Rametovani san’at institutiga olib borgan
Aktrisa 1984-yildan bugunga qadar yuzlab film, serial va kliplarda bosh va turli darajadagi rollarni ijro etgan. “Mendirman Jaloliddin” tarixiy serialidagi Turkon xotunning kanizi Oygul roli Saida Rametovaning so‘nggi rollaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Elbek Fayziyev
Serialda Javlon rolini ijro etgan aktyor Elbek Fayziyev ayni vaqtda ham faol ijod bilan shug‘ullanmoqda. U so‘nggi yillarda bir nechta tarixiy filmlarda rol o‘ynadi.
Jumladan, “Islomxo‘ja” va “Bahodir Yalangto‘sh” filmlarida turli obrazlarni gavdalantirdi. Shuningdek, Fayziyev bosh rolda bo‘lgan “Yo‘lbarsning tug‘ilishi” filmi suratga olinishi rejalashtirilgan.
Aktyor 2026-yilda efirga uzatilgan Netflix`ning “Blind Sherlock” mini-serialida epizodik rol ijro etdi. U bunday katta jamoada ishlaganidan faxrlanishini ta’kidlagan.
Gulchehra Nosirova
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulchehra Nosirova 1964-yil 14-yanvar kuni tavallud topgan. Avvalgi Toshkent teatr va rassomlik institutini tamomlagan.
Ijodiy faoliyati davomida “Super kelinchak”, “Oshiqlar”, “Xiyonat”, “Sehrli qalpoqcha”, “Koreyalik kelin”, “Achchiq hayot”, “Ayriliq” kabi filmlar hamda ko‘plab spektakllarda o‘ziga xos rollarni ijro etgan.
Aktrisa teatrda katta mashhurlikka erishgan vaqtlari ko‘plab kinolardan taklif bo‘lgani, biroq ularda ishtirok etishgacha bormagani haqida aytgan. Kastingdan oldin rolga kim olinishi kelishilgan bo‘lardi, deb eslaydi u.
“Opa-singillar” serialining suratga olish jarayonlari haqida qiziqarli faktlar

2010-yilda serialni suratga olish ishlari boshlangan. 2012-yilda esa uning ilk qismi ekran yuzini ko‘rgan. Ijodiy guruh 4 yilda 140 qismli serial suratga olishga muvaffaq bo‘lgan.
Zamira Begimqulova o‘sha yillari qiz farzand ko‘rgani uchun ajrimlar soni ortgani, o‘g‘il farzand ko‘rolmayotgan ayollar ruhiy tushkunlikka tushib qolgani serialni suratga olishga sabab bo‘lganini aytgan.
Birinchi faslining ovozlashtirish ishlari yakunlanmay turib, turk seriali efirdan olib tashlanishi sabab yarim tayyor ish efir yuzini ko‘rgan. Jamoa deyarli to‘rt yil dam olish kunisiz ishlagan.
Serial prodyuseri Muzaffar Sa’dullayev (“Osmondagi bolalar” filmidagi Hamdam) va uning qarindoshlari uylarida suratga olingan. U Gavhar Sharipovaga ham o‘z yonidan qo‘shimcha haq to‘lagan.
Saundtrek
Serial rasmiy musiqasini mashhur san’atkor Abzal Husanov bastalab, ijro etgan. Ushbu qo‘shiq loyihaning muvaffaqiyatlaridan biri sifatida baholanadi. U o‘sha vaqtlarda har bitta radiokanaldan tinimsiz yangrar edi. Qo‘shiqning muxlislari hozirgacha ilk notadan uni tanib olishadi.



































