Oʻzbek kinosida revolyutsiya yoki tanqidlarga loyiq loyiha?: "Dacha" filmiga obzor

4-iyun kuni ITV onlayn platformasida rejissyor Sunnat Namozovning yangi triller-slesher janridagi “Dacha” filmi premyera qilindi. Kinokartina tayyor boʻlishiga qaramay, rejissyorning soʻzlariga qaraganda, kinoteatrda qoʻyish uchun ruxsat berilmagandi. Keyinroq rejissyor kinoni Netflix’ga sotish harakatlari boshlanganini ma’lum qildi.
Kino chiqqandan keyin esa kinomanlar ikkiga boʻlindi. Bir tomon bu film oʻzbek kinosini oʻzgartirishini ta’kidlasa, ikkinchi tomon tanqidlar yogʻdirishni boshladi. Afisha.uz muharriri oxirgi vaqtlarda media olamida shovqin koʻtarishga erishgan filmni tomosha qildi va quyida bu haqda oʻz fikrlarini bildiradi.

Premyeragacha boʻlgan voqealar
“Dacha” filmi va uning atrofidagi voqealarni ikki xil tahlil qilish mumkin. Avvaliga rejissyor va uning jamoasi uchun filmning piar kampaniyasini tashkil etgani uchun besh baho qoʻyish mumkin. Kinokartinani reklama qilish jarayonida foydalanish mumkin boʻlgan bir qator “karta"lar bor edi.

Jumladan, filmning janri oʻzbek kinosi uchun biroz yangi ekani, uning kinoteatrlarda namoyish etish uchun ruxsat berilmagani va Netflix’ga sotish imkoniyati. Filmning marketing jamoasi shu imkoniyatlardan maksimal foydalana oldi va bu haqda juda koʻpchilik eshitdi. Ayni holat “Dacha"ning ommalashishiga sabab boʻldi va bu yaxshi sotuvlarga olib kelishi mumkin.

Ammo shu oʻrinda agressiv reklama kinoning zarariga ham ishlaganini ta’kidlash lozim. Sababi, tomoshabin juda katta narsa kutib yuborishni boshladi. Butun dunyoda esa slesher janridagi filmlar bir martalik hisoblanadi va tomoshabin undan katta ma’no yoki oʻtkir syujet kutmaydi.

Hatto ijodkorlar tomonidan “oʻzbek kinosini tiriltirish” kabi fikrlarning yangrashi ham yuz berdi. Ammo aniqki, bitta kino suratga olish bilan “oʻzbek kinosini qutqarish"ning iloji yoʻq (shu oʻrinda, oʻzi oʻzbek kinosini qutqarish kerakmi, degan savol ham yuzaga keladi).

Film syujeti
Bir nechta yaqin doʻstlar (ular orasida oʻzaro kelishmovchiliklar yoki yashirin muhabbat uchqunlari ham bor) dam olish kunlarini oʻtkazish uchun shahar tashqarisidagi soʻlim va odamlardan uzoq boʻlgan dachaga yoʻl oladi. Film avvalida tomoshabinga ularning yashash tarzidan biroz kadrlar koʻrsatiladi. Biroq hech qaysi qahramonning hayotiga chuqur kirilmaydi.
Dachaga ketish vaqtida mahalliy aholidan kimdir u dachaga bormaslikni maslahat beradi, lekin yoshlar buni shunchaki hazilga yoʻyishadi.

Dachada avvaliga hamma narsa juda ajoyibdek koʻrinadi. Jumladan, musiqa, hazil-huzullar va kelajak uchun rejalar. Ammo shu bilan birga gʻalati ishlar ham boshlanadi.
Chiroqning sababsiz oʻchib-yonishi, uzoqdan eshitilgan gʻayritabiiy tovushlar va boshqa odatiy horror filmlarga xos boʻlgan voqealar yuz beradi. Yoshlar buni dastlab bir-birlariga hazil qilyapti deb oʻylaydi. Keyin esa haqiqiy ekshn boshlanadi va… film tugaydi. Ha, kinokartinaning koʻp bor ta’kidlangan “oʻziga xosligi” shunda boʻlsa kerak.

Muammo nimada?
Ssenariy asosini tashkil etuvchi hikoya chizigʻiga nazar tashlasak, uning juda tez yakunlanganini koʻramiz. Koʻplab savollar ochiq qoladi, chunki bu savollarga javoblar ssenariyning oʻzida ham yozilmagan. Bu buyuk filmlardagi kabi finalni tomoshabinning oʻziga qoldirish emas, balki toʻliq ishlanmagan film kayfiyatini beradi.

Deyarli hech qaysi qahramonning motivatsiyasi oxirigacha tushuntirilmagan. Goʻyo mualliflar tomoshabinga hamma narsani ipidan-ignasigacha aytib berishni xohlamagandek yoki shunchaki ulgurmagandek tuyuladi. Ma’lumot uchun, film 1 soatu 13 daqiqani tashkil qiladi.
Shu bilan birga, baʼzi voqealar va sahnalar bir-biri bilan qovushmasligiga guvoh boʻlish mumkin. Bir sahnadagi mantiq ikkinchisiga oʻtganda parchalanib ketadi va mantiqiy bogʻliqlik zanjiri uziladi. Buni ikki doʻst oʻrtasida muhabbat paydo boʻladigan epizodda koʻrish mumkin.

Biroq adolat nuqtai nazaridan qaraganda, slesher janrining oʻziga xos yozilmagan qonuniyatlarini ham unutmaslik kerak. Ushbu janr uchun chuqur falsafiy maʼno, mukammal mantiqiy zanjir yoki benuqson ssenariy birlamchi vazifa hisoblanmaydi. Aksincha, qonli sahnalar, kutilmagan hujumlar va qahramonlarning biroz mantiqsiz qarorlari slesherlar uchun mutlaqo tabiiy va odatiy holatdir.

Ammo filmni tomosha qilayotgan odam qonning ham tabiiyligini his qilmaydi. Aktyorlar ijrosi ham bunga proporsional tarzda boʻlib, “Dacha"ni koʻrish davomida muxlislar bemalol oʻzini Stanislavskiydek his qilishi va bir necha marta “Ishonmayman”, deya takrorlashi mumkin. Bosh qahramon Murod Nasimovning biroz boʻrttirilgan ijrosini esa boshqa aktyor va aktrisalar bilan oʻrtada kontrastni yuzaga keltiradi.

Shuning uchun ham, agar tomoshabin shunchaki asabni salgina taranglashtirish va janr elementlarini tushunish uchun kino koʻrmoqchi boʻlsa, “Dacha” ayni muddao boʻladi.
Xulosa
Yuqorida keltirilgan fikrlarga qaramay, kinokartinani “yer bilan bitta qilib tashlash"dan biroz tiyilish mumkin. Birinchi oʻrinda janrning yangi ekanini va rejissyorning debyut ishi ekanini hisobga olish lozim. Umid qilamizki, yoʻl qoʻyilgan xatolardan kerakli xulosalar chiqariladi va “Dacha” keyingi kinolar uchun yaxshi tajriba vazifasini oʻtaydi.

Shunchaki, an’anaviy oʻzbek kinolarida namoyish etish mumkin boʻlmagan kadrlar yoki moddalarni koʻrsatish orqali filmning darajasini oshirib boʻlmaydi. Har qanday kinoda ham birinchi oʻrinda yaxshi yozilgan ssenariy turadi.
“Hali ham Netflix’da ko‘rishimiz ehtimoli yo‘q emas”: “Dacha” triller filmi rejissyori bilan suhbat
O‘zbek kinosida triller filmlar kam uchraydi, yaqinda ijtimoiy tarmoqlar mana shunday film haqida gapirishni boshladi. Uning nomi ham o‘zgacha — “Dacha”. Bu yo‘nalishdagi filmlar kamligi yetmagandek, borini ham kinoteatrda namoyish etishga ruxsat tegmadi: rejissyor Sunnat Nomozovning triller-slesher janridagi “Dacha” filmi kinoteatrda qo‘yish uchun ruxsat berilmagan. Afisha.uz rejissyor bilan bog‘lanib, film, taqiq va uning faoliyati haqida suhbatlashdi.
Kinoteatrlarda koʻrsatishga ruxsat berilmagan "Dacha" filmini qanday tomosha qilish mumkin?
Rejissyor Sunnat Nomozovning triller-slesher janrida suratga olingan "Dacha" filmi 4-iyun kuni ITV platformasida premyera qilinadi.