“Erta ungan lola” qisqa metrajli filmi xalqaro festivalda mukofotlandi

E’lon qilingan sana· 53
“Erta ungan lola” qisqa metrajli filmi xalqaro festivalda mukofotlandi

Yosh ssenarist va rejissyor Axadjon Oxunovning “Erta ungan lola” qisqa metrajli badiiy filmi III Xalqaro “Yevraziya Kinofest” doirasida o‘tkazilgan tanlovda “Rus tilidagi eng yaxshi xorijiy film” nominatsiyasi bo‘yicha Maxsus mukofot bilan taqdirlandi.

Film voqealari Ikkinchi jahon urushi voqealari fonida boʻlib oʻtadi. Unda Kursk yaqinidagi o‘rmonlarda qurshovda qolgan o‘zbek razvedkachisi serjant Qobil va yetim qiz Galinaning taqdirini hikoya qilinadi.

Kinokartinada urushning og‘ir sinovlari, insoniylik, mehr-oqibat, jasorat va umid g‘oyalari chuqur badiiy talqin etilgan. Qor orasida erta ochilgan lola esa bolalik, hayotga intilish va inson qalbidagi so‘nmas umid ramzi sifatida namoyon bo‘ladi.

Rejissyor Axadjon Oxunov O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “Kino va televideniye rejissyorligi” ta’lim yo‘nalishida 2-bosqich talabasi hisoblanadi.

Avvalroq qisqa metrajli oʻzbek filmi Kann shahrida o‘tkazilgan xalqaro festivalda gʻolib boʻlgandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling