Belarusda "Oʻzbek kinosi kunlari" boʻlib oʻtdi

Belarus poytaxti Minsk shahrida 7−8 iyul kunlari “O‘zbekiston madaniyati kunlari” doirasida “O‘zbek kinosi kunlari” bo‘lib oʻtdi. Bu haqda Kinematografiya agentligi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 7-iyul kuni ochilish marosimi boʻlib oʻtgan va unda Belarus Madaniyat vazirining o‘rinbosari Sergey Sarakach va O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov so‘zga chiqqan. Shundan rejissyor Abu Tolib Adamkulov tomonidan suratga olingan “O‘g‘il” nomli to‘liq metrajli badiiy film namoyish etilgan.

Zulfiya Qurolboy qizi qalamiga mansub bo‘lgan mazkur film oila, vijdon va tanlov haqidagi chuqur psixologik drama janrida suratga olingan bo‘lib, unda qishloq va shahar hayoti qarama-qarshiligi, ota-ona ishonchi, umr yo‘ldoshning sadoqati hamda farzand qalbidagi og‘riqli savollar orqali insondagi maʼnaviy masʼuliyat haqida hikoya qiladi.

Mazkur kino kunlari doirasida rejissyor Dilbar Yusupova tomonidan suratga olingan “Namozshomgul” nomli to‘liq metrajli hamda rejissyorlar Suhrob Qodirov hamda Dilshod Usmonovlar tomonidan suratga olingan va Fransiyaning Kann shahrida bo‘lib o‘tgan 17-xalqaro Inklyuziv filmlar festivalida Gran-pri sohibiga aylangan “Qadam. Quyosh bolasi Yusuf” nomli qisqa metrajli badiiy filmlarning ham namoyishlari bo‘lib oʻtgan.