Nolanning niyatini to‘liq tushunib bo‘lmaydi. Film she’riy ruhini yo‘qotgan. Kutilgan yangilik yuz bermadi: “Odisseya” filmi tanqidchilariga nima yoqmayapti?

E’lon qilingan sana· 508
Nolanning niyatini to‘liq tushunib bo‘lmaydi. Film she’riy ruhini yo‘qotgan. Kutilgan yangilik yuz bermadi: “Odisseya” filmi tanqidchilariga nima yoqmayapti?

Kristofer Nolanning “Odisseya” filmi tanqidchilar tomonidan iliq kutib olinmoqda va kassa yig‘imlarida rekordlar o‘rnata boshladi. Mutaxassislar rejissyorning Homer dostonini o‘ziga xos talqin qilganini hamda Mett Deymon ijrosini yuqori baholamoqda. Nolanning muxlislari esa film premyerasini muvaffaqiyatsizlikka uchratishga uringan tanqidchilar bunga erisha olmaganidan mamnun.

Biroq film atrofidagi bahslar hanuz davom etyapti. Avvalgi e’tirozlarga yana biri qo‘shildi: Nolan “Odisseya"ni 70 millimetrlik plyonkada IMAX formatida suratga olgani sababli tomoshabinlarning katta qismi uni rejissyor ko‘zlagan shaklda tomosha qila olmayapti. Chunki bunday formatni namoyish eta oladigan kinoteatrlar dunyoda juda kam.

Yilning eng kutilgan kinopremyerasi haqida tanqidchilar va tomoshabinlar nimalar deyayotgani bilan tanishtiramiz.

Kassa yig‘imlari

Kino sanoatiga ixtisoslashgan Deadline nashri prognoziga ko‘ra, “Odisseya” AQSH prokatidagi ilk dam olish kunlarida 117 million dollar yig‘adi. Bu film byudjetining qariyb yarmiga teng. Variety esa biroz kamroq prognoz berib, ilk hafta oxiri tushumi 90−100 million dollar bo‘lishini taxmin qilmoqda.

Premyeradan oldingi namoyishlarning o‘zidayoq film qariyb 18 million dollar ishlab topgan. Mutaxassislar fikricha, “Odisseya” bir nechta rekordlarni yangilashi mumkin. Jumladan:

  • yil boshidan buyon ekranlarga chiqqan badiiy filmlar orasidagi eng muvaffaqiyatli start;
    Universal Pictures tarixidagi R reytingiga ega film uchun eng yuqori ochilish natijasi (hozircha bu rekord “Fifty shades of grey” filmiga tegishli);
  • aktyor Mett Deymon faoliyatidagi eng muvaffaqiyatli premyera.

Nolanning avvalgi filmi — “Oppengeymer” (2023) prokatning ilk dam olish kunlarida taxminan 80 million dollar yig‘gan edi. Rejissyorning shaxsiy rekordi esa 2012-yilda suratga olingan “Qora ritsar: Afsonaning qaytishi” filmiga tegishli. U ilk dam olish kunlaridayoq 160 million dollar ishlab topgan.

Kino sanoatida prokatning dastlabki to‘rt kuni eng muhim davr hisoblanadi. Odatda aynan shundan keyin kassa tushumlari sezilarli darajada pasaya boshlaydi. Shu sababli kino industriyasi vakillari va tahlilchilar ilk kunlardagi natijalarni alohida kuzatib boradi.

Vulture sharhlovchisi Alison Uillmorning yozishicha, Itaka qiroli Odissey Nolan filmlariga xos qahramonlardan biri: u o‘z kasbi (yoki taqdiri) bilan oilasi o‘rtasida ikkilanadigan va oxir-oqibat birinchisini tanlaydigan erkak. Entertainment Weekly tanqidchisi Uesli Stensel esa bu filmni “Nolanning eng nolancha filmi” deb atab, unda “Boshlanish” (“Inception”)dagi tomoshaboplik va “Oppengeymer"dagi intellektual yondashuv uyg‘unlashganini ta’kidlaydi.

Tanqidchilar, avvalo, rejissyorning Homer dostoniga ijodiy yondashuvini va Mett Deymon ijrosini maqtamoqda. Masalan, kino tanqidchisi Piter Trevers Odissey obrazini aktyorning faoliyatidagi eng yaxshi rollardan biri deb atagan. Empire nashri tanqidchisi Jon Najent esa filmning vizual yechimlarini yuqori baholab, uni “imkon qadar eng katta ekranda” tomosha qilishni tavsiya qiladi.

Rus tilidagi matbuot ham asosan filmni ijobiy baholadi. Republic bosh muharriri Zinaida Pronchenko “Odisseya"ning bugungi kun uchun dolzarbligiga to‘xtalib, shunday yozadi: “Diniy dunyoqarashga xos tayyor javoblar bo‘lmagan sharoitda shaxsiy mas’uliyat masalasi — rejissyor qayta talqin qilgan Homer asarining asosiy g‘oyasidir. Bugungi voqelikda qahramonlar endi o‘zlarining antiqahramonona, garchi qadimgi davrga xos bo‘lsa ham, xatti-harakatlari uchun mas’uliyatni xudolar zimmasiga yuklay olmaydi”.

“Kinopoisk” muallifi Stanislav Zelvenskiy esa Nolan filmining odatiy Gollivud blokbasterlari fonida keskin ajralib turishini qayd etadi: “Katta ko‘lamli filmlar yetarlicha topiladi. Ammo dunyoga bunchalik tushkun, pessimist, shu bilan birga ommabop va hatto populistik nigoh bilan qaraydigan filmni topishga urinib ko‘ring. Albatta, xayolga Deni Vilnyov keladi, ammo uning o‘zi ham Nolan yonida deyarli yo‘qolib qoladi”.

Albatta, “Odisseya"ni yoqtirmagan tanqidchilar ham bor. Masalan, National Review muallifi Armond Uayt premyeradan ancha oldin ijtimoiy tarmoqlarda aytilgan e’tirozlarni takrorlaydi. Uning fikricha, Nolan Homer asarini so‘l va liberal qarashlarga moslashtirib, afsonaviy qahramonlar rollariga qora tanli va transgender aktyorlarni tanlagan, buning natijasida vatanparvarlik, qahramonlik va tantilik kabi an’anaviy qadriyatlardan voz kechgan.

Biroq film faqat konservativ nuqtayi nazardan tanqid qilinmayapti. The New Yorker sharhlovchisi Richard Brodining fikricha, Nolan syujetdan deyarli barcha xudolarni chiqarib tashlagani (Zendaya ijro etgan Afina bundan mustasno) sababli Homer asarini soddalashtirib, voqeani yanada oddiy va kundalik tusga kiritgan.

Beyond the Cinerama Dome nashri muallifi Tina Kakadelis esa rejissyor urush va mas’uliyat haqida aytmoqchi bo‘lgan barcha fikrlarini avvalroq “Oppengeymer” filmida ham ilgari surganini ta’kidlaydi. Euronews tanqidchisi Devid Murikand esa hikoya juda shoshma-shosharlik bilan bayon qilinganini tanqid qiladi. Uning fikricha, film qariyb uch soat davom etsa-da, unda shunchalik ko‘p voqea sodir bo‘ladiki, tomoshabin ularni hissiy jihatdan anglab ulgurmaydi.

Tomoshabinlar nima deyapti?

Turli reyting platformalaridagi ko‘rsatkichlar e’tiborni tortmoqda. Xususan, Rotten Tomatoes saytida tomoshabinlar “Odisseya"ni tanqidchilardan ham yuqori baholagan — film 2,5 ming ovoz asosida 97 foiz ijobiy baho olgan (taqqoslash uchun, tanqidchilar reytingi 95 foiz). IMDb`dagi reyting biroz pastroq bo‘lsa-da, baribir yuqori: 60 ming foydalanuvchi bahosi asosida film 10 balldan 8,3 ball to‘plagan.

Nolan muxlislari filmga qarshi olib borilgan tanqidiy kampaniya uning muvaffaqiyatiga ta’sir qilmaganidan xursand. X foydalanuvchisi @KenFromMars_ shunday yozadi: “Yelena rolini qora tanli aktrisa ijro etayotganidan norozi bo‘lgan irqchilar va mutaassiblar endi aytgan gaplarini qaytarib olib, Nolanga munosib baho berishlariga to‘g‘ri keladi”.

Rejissyorga bag‘ishlangan @NolanAnalyst fan-sahifasi esa: “Bir yil davomida muvaffaqiyatsiz ekstremistlar aktyorlarni ta’qib qildi, film haqida yolg‘on ma’lumotlar tarqatdi, treylerlarga ataylab dislayk bosdi. Ammo oxir-oqibat tanqidchilar ham, tomoshabinlar ham olqishlayotgan haqiqiy durdona asar yaratildi”, — deya yozgan.

Ayrim tomoshabinlar esa film tanqidchilar ta’kidlaganchalik “progressiv” emas, deb hisoblamoqda. Threads foydalanuvchisi iamdronegirl shunday fikr bildirgan: “Tushunmayapman, Yelena ekranda bir daqiqa, Afina ko‘pi bilan ikki daqiqa ko‘rinadi, Kalipso ham unchalik ko‘p vaqt olmaydi. Film, Nolan filmlarida bo‘lgani kabi, asosan erkak qahramonlarga qaratilgan. Unda erkaklar yana nimadan norozi?”

  • false
  • false
  • false
  • false
  • false
  • false

Filmga bo‘lgan munosabat treylerlar chiqqan paytdagi bahslardan ancha farq qilmoqda. Nolan “kun tartibi"ga xizmat qilayotgani yoki yunon madaniyatini hurmat qilmayotgani haqidagi tanqidlar hanuz yangramoqda. Biroq inklyuziv aktyorlar tarkibi, zamonaviy til yoki ranglar yechimidan ko‘ra, tomoshabinlarni ko‘proq xavotirga solayotgan narsa — rejissyorning filmni IMAX kameralarida suratga olgani bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda muntazam eslatilishicha, “Odisseya"ni Nolan ko‘zlagan formatda dunyo bo‘ylab atigi 41 ta kinoteatr namoyish eta oladi. Shulardan sakkiztasi Kaliforniyada joylashgan, Shimoliy Amerikadan tashqarida esa atigi yettita shunday kinoteatr bor. Ular Buyuk Britaniya, Fransiya, Belgiya, Chexiya va Avstraliyada joylashgan.

Foydalanuvchilar IMAX va oddiy formatdagi bir xil kadrlarni taqqoslab, Nolan “aksariyat tomoshabinlarni imkoniyatdan mahrum qilgani"ni yozmoqda. Filmning premium formati allaqachon internet memiga aylangan. X ijtimoiy tarmog‘ida film aqlli soat ekrani, muzlatkich eshigi, Game Boy konsoli va hatto sigir terisiga tushirilgan suratlar tarqalib, ularga “Nolan aynan shunday ko‘rishni xohlagan” mazmunidagi kinoyali izohlar qo‘shilmoqda.

Ba’zi tomoshabinlarga esa film haddan tashqari jiddiy tuyulgan. Nolan siklop Polifem ishtirokidagi mashhur so‘z o‘yinidan voz kechgan. Rejissyorning fikricha, bu hazilni zamonaviy tilga tabiiy tarzda tarjima qilib bo‘lmaydi. Homer dostonida esa Polifem uni ko‘r qilgan odam kimligini boshqalarga tushuntira olmaydi, chunki Odissey o‘zini “Hech kim” deb tanishtirgan bo‘ladi.

“Odisseya” AQShda 2026-yilgi kassa rekordini o‘rnatdi

Kristofer Nolanning "Odisseya" filmining soʻnggi treyleri e'lon qilindi

Yakuniy treylerda asosiy e’tibor keng ko‘lamli jang sahnalari, qadimgi yunon mifologiyasidagi afsonaviy mavjudotlar hamda Troya urushidan so‘ng Odisseyning uyiga qaytish yo‘lidagi hissiyotlarga boy sarguzashtiga qaratilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling