“Friends”, "1+1", “My Girl”: do‘stlik haqida hikoya qiluvchi 10 ta film va seriallar

Do‘stlik haqidagi eng yaxshi filmlarning qiziq tomoni shundaki, ularning hech biri “haqiqiy do‘st qanday bo‘lishi kerak” degan tayyor qo‘llanma bermaydi. Aksincha, ular do‘stlikning juda turli shakllarda bo‘lishini ko‘rsatadi.
Ba’zi do‘stlik turlari bolalikdan boshlanadi, ba’zida haqiqiy do‘st siz bilan 10 yil davomida birga yashaydigan “Friends"dagi olti kishilik qahramonlar kabi katta davra bo‘ladi. Ba’zilari esa “1+1"dagi kabi hayotingizga mutlaqo tasodifan kirib kelgan bir inson bilan paydo bo‘ladi va butun hayotingizni, dunyoqarashingizni o‘zgartirib yuboradi. Kimdir sizni eng og‘ir vaziyatda ham tashlab ketmaydi, yana kimdir esa aynan kerakli paytda hayotingizni o‘zgartirishga majbur qiladi. Balki shuning uchun ham do‘stlik haqidagi filmlar bizga bunchalik yaqin va iliq hislarni uyg‘otadi. Chunki ekrandagi qahramonlardan birida o‘zimizni, boshqasida esa hayotimizdagi eng yaqin insonni ko‘ramiz.
Filmlar do‘stlik munosabatlarini turlicha tasvirlaydi: kulgili, qayg‘uli, romantik, ba’zida esa fantastik voqealar fonida. Shu ma’noda, Afisha.uz do‘stlik, sadoqat va bir-birini qo‘llab-quvvatlash haqida hikoya qiladigan eng yaxshi oʻntaligini jamladi.
Friends

Do‘stlik haqidagi seriallar to‘g‘risida gap ketganda birinchi bo‘lib hammaning hayoliga “Friends” kelsa kerak.
“Friends” hozirgacha eng ko‘p qayta-qayta ko‘riladigan, tomoshabinni zeriktirib qo‘ymaydigan turli-tuman voqea sahnalariga boy qiziqarli sitkom. Reychel, Monika, Fibi, Joui, Chendler va Ross — olti do‘stning Nyu-Yorkdagi hayoti, 10 mavsum davomida millionlab tomoshabinlarning kundalik hamrohiga aylangan. Ular birga kuladi, janjallashadi, ajrashadi, ishini yo‘qotadi, sevib qoladi va eng muhimi, qanday muammoga duch kelmasin, yana bir joyga yig‘iladi.
Ushbu sitkomning asosiy kuchi ham shunda: u katta dramatik voqealardan ko‘ra, yoshlarning oddiy hayotini e’tibor markaziga qo‘yadi. Birga kofe ichish, ishxonadagi muammolarni muhokama qilish yoki bir-birining sevgilisi haqida fikr bildirish ham tomoshabinga katta voqeadek tuyula boshlaydi.
Filmni nega tomosha qilish kerak: agar do‘stlik deganda ko‘z oldingizga birgalikdagi quvnoq vaqt o‘tkazish, hazillar qilish, kulish, janjallashish va baribir hechnima bo‘lmagandek yarashib ketish keladigan bo‘lsa, bu ro‘yxatni aynan “Friends"dan boshlash mumkin. Do‘stlar bilan birgalikda miriqib tomosha qilinadigan, kayfiyatni ko‘taradigan va vaqt o‘tishi bilan qahramonlarni haqiqiy tanishlaringizdek his qildirishga qodir serial.
“1+1” (The Intouchables)

Do‘stlik har doim ham bir xil odamlar o‘rtasida paydo bo‘lavermaydi. Ba’zida bir-biriga umuman o‘xshamaydigan ikki inson eng yaqin do‘stlarga aylanadi.
“1+1” qalin do‘stlar — badavlat, ammo baxtsiz hodisa sabab tanasi falajlanib, nogironlar aravachasiga bog‘lanib qolgan Filip ismli aristokrat bilan uning endigina qamoqdan chiqqan va ish qidirayotgan yigit Drissning munosabatlari haqida hikoya qiladi. Driss hamda Filipning hayotga bo‘lgan munosabati keskin farq qilsada, eng qizig‘i, aynan manashu farq ularni bir-biriga yaqinlashtiradi.
Yoqimli jihati, qahramonlar bir-biriga achinish bilan emas, oddiy inson sifatida munosabatda bo‘ladi. Driss Filipni nogironligi bilan emas, avvalo odam sifatida ko‘radi. Biri boy, biri kambag‘al; biri vazmin, biri shovqinkor; biri hayotdan deyarli voz kechgan, ikkinchisi esa uning hayotiga qiziqarli, yangi va o‘ziga xos energiya olib kiradi.
Film real insonlar — Filippe Pozzo di Borgo va uning qarovchisi Abdel Sellou hayotidan ilhomlangan hikoyaga asoslangan.
Nega ko‘rish kerak: kuldiradi, ta’sirlantiradi va chin do‘st qiyin damlarda sizga yordam berishi hayotingizni o‘zgartirish uchun, sizga maslahatlari yoki moddiy kuch bilan emas, shunchaki yoningizda yelkadosh bo‘lishi kerakligining o‘zi yetarli ekanini eslatadi.
The Sisterhood of the Traveling Pants

Film ayniqsa qizlar o‘rtasidagi do‘stlikni romantik munosabatlardan mustaqil ravishda, hayotning eng muhim rishtalaridan biri sifatida ko‘rsatishi bilan ajralib turadi.
Lena, Tibbi, Karmen va Bridjit — bolalikdan birga ulg‘aygan to‘rt dugona. Yozgi ta’til oldidan ular tasodifan hammalariga birdek yarashadigan jinsi shim topib olishadi. Qizlar uni navbatma-navbat kiyib, yoz davomida bir-biridan uzoqda bo‘lsa ham, o‘zaro aloqani saqlab turishga kelishib olishadi. Shu oddiy shim to‘rt qizning do‘stligi, sevgisi, oilasi va ulg‘ayish davridagi sinovlarini bog‘lab turuvchi ramzga aylanadi.
“Girly night” uchun eng yaqin dugonalaringiz bilan, albatta, ko‘rishingiz kerak bo‘lgan yoqimli vaybli, komfort film.
How I Met Your Mother

“How I Met Your Mother” — sitkomining asosiy motivi bosh qahramonning o‘zi uchun “U"ni topishi bo‘lsada, umuman olganda, do‘stlar haqidagi qiziqarli va yoshlik davrida, albatta, tomosha qilish kerak bo‘lgan eng yaxshi filmlardan biri hisoblanadi.
Serial 2030-yilda Ted Mosbining farzandlariga ularning onasi bilan qanday tanishgani haqida hikoya qilib berishi bilan boshlanadi. Hikoya esa Tedning 2005-yildagi hayoti va uning eng yaqin do‘stlari bilan munosabatlari atrofida rivojlanadi.
Film davomida Ted va uning Nyu-Yorkdagi eng yaqin do‘stlari: Marshall, Lily, Barney va Robin turli xil sarguzashtlar bilan birgalikda ulg‘ayadi. Ular sevishadi, ajrashadi, turmush quradi, boshqa shaharlarga ketadi va yana qaytib uchrashadi — lekin yillar davomida bir-birining hayotidagi eng muhim odamlardan bo‘lib qolaveradi.
My Girl

Bu film bolalikdagi eng samimiy do‘stlikni va uning birdaniga qanday fojiaga aylanib ketishi mumkinligini ko‘rsatgan filmlardan biridir. Makolay Kalkin ijro etgan Tomas Jey obrazi kino tarixidagi eng ko‘p ko‘z yosh to‘kdirgan bolalar personajlaridan biridir. Filmni ko‘rgan deyarli har bir avlod bu voqeani unutolmaydi.
11 yoshli Veyda o‘lim haqida g‘alati tushunchalarga ega bo‘lib, bu haqda haddan tashqari ko‘p o‘ylaydigan qizaloq. Buning sababi ham bor: onasi vafot etgan, otasi esa ularning uyida dafn marosimlari byurosini yuritadi.
Uning eng yaqin va deyarli yagona do‘sti qo‘shni bola Tomas Jey bilan birga o‘tkazgan yozi butun umri davomida esidan chiqmaydigan darsga aylanadi. Tomas allergiyasi sabab deyarli hamma narsadan ehtiyot bo‘lib yuradi, lekin Veyda bilan birga eng g‘alati sarguzashtlarga ham doim tayyor bo‘ladi. Ularning munosabati odatiy bolalikdagi do‘stlikdan ko‘ra chuqurroq: ikkalasi ham kattalar dunyosini hali to‘liq tushunmaydi, shuning uchun bir-biridan taskin va jasorat topadi.
“My Girl"ni oddiy bolalar filmi deb atash qiyin. U do‘stlik, ilk yo‘qotish va bolalikning bir kun kelib tugashi haqida. Shu sabab film bolalikda ko‘rganlar uchun ham, uni ulg‘aygach ilk marta tomosha qilayotganlar uchun ham ta’sirlidir.
One Day

Emma va Dekster universitetni tugatgan kun — 15-iyulda tasodifan tanishib qoladi va munosabatlarini do‘stlik bilan davom ettirishga qaror qilishadi. Shu kundan boshlab hayotlarining har yilidagi aynan 15-sanada nimalar sodir bo‘lishi va munosabatlarining qanday rivojlanishi tasvirlari bilan asarga o‘zgacha uslub va tomoshabinda boshqacha qiziqish uyg‘otib, film so‘ngiga qadar uning bor e’tiboriyu hislarini bir nuqtaga jamlab tura oladi.
Bir yil o‘tadi. Keyin yana bir yil. Emma va Dekster ulg‘ayadi, ishga kiradi, boshqa insonlarni sevadi, xato qiladi, kelishmovchiliklar tufayli uzoqlashadi, yana qayta uchrashishadi, do‘stliklari esa yildan yilga mustahkamlanib boradi. Va aynan shu uzoq do‘stlik ularni asta-sekin sevgiga olib keladi.
Do‘stlik, muhabbat, vaqt, qadr, beqaror va beshavqat hayot qonunlari haqidagi chuqur hissiy hikoya.
Film Devid Nikollsning shu nomdagi (One Day) bestseller romani asosida suratga olingan. Rejissyor Lone Sherfig har yili bir xil kun — 15-iyulda qahramonlar hayotiga “tashrif buyurish” g‘oyasini shu qadar mohirlik bilan ishlatganki, film chiqqach roman yana bestsellerlar ro‘yxatiga qaytgan. 2024-yilda esa Netflix bu hikoyani mini-serial shaklida qayta ekranlashtirdi va u ham katta muvaffaqiyat qozondi.
Bridge to Terabithia

Doim yolg‘iz yuradigan Jess ismli asosiy qahramon maktabda o‘zini boshqalardan biroz boshqacha his qiladigan, rasm chizishni yaxshi ko‘radigan bola. Bir kuni uning sinfiga Leslie ismli yangi qiz keladi, ular avvaliga raqib bo‘lishadi, keyin esa eng yaqin do‘stlarga aylanadi. Bu do‘stlik esa Jessning butun hayotini o‘zgartirib yuboradi.
Ikkovi o‘rmondagi eski daraxtzor ichida o‘zlarining “Terabitiya” nomli hayoliy qirolligini yaratib u yerda birgalikda sarguzashtlar o‘tkazishadi. Bu joy maktabdagi masxaralardan, oiladagi muammolardan, real hayotdagi kattalar tushunmaydigan boshqa tashvishlardan uzoqlashishi, tasavvurlarini erkin qo‘yib yuborish mumkin bo‘lgan alohida dunyoga aylanadi.
Nega tomosha qilish kerak: Filmning eng katta kuchi — Jess va Leslining munosabatlari shunchaki birga vaqt o‘tkazadigan ikki o‘smirning do‘stligi emas: ular bir-biriga o‘ziga ishonishni, qo‘rquvlarni yengishni va dunyoga boshqacha ko‘z bilan qarashni o‘rgatadi.
“Terabitiya” esa filmda shunchaki fantastik joy emas. U tasavvur, erkinlik va bolalikning o‘ziga xos sehrli dunyosi ramziga aylanadi.
Oshiq qalblar (Ae Dil Hai Mushkil)

Do‘stlik va muhabbat haqida hikoya qiluvchi hind romantik dramasi.
Film Londonda o‘qiyotgan Ayan va musiqa bilan shug‘ullanuvchi Alizehning tanishuvidan boshlanadi. Ular tez fursatda juda yaqin do‘st bo‘lib qolishadi.
Ular birgalikda Alizehning “Bollivudcha orzular”ini amalga oshirish uchun sarguzahstli sayohatlar qilishadi, maroqli vaqt o‘tkazishadi. Lekin, muammo shundaki, Ayan vaqt o‘tishi bilan Alizehga do‘st sifatida emas, sevgan insoni sifatida qaray boshlaydi. Shundan keyin film bir tomonlama muhabbat, do‘stlikni saqlab qolish va sevgan insoningni o‘zingniki bo‘lmasa ham harqanday vaziyatda qadrlash haqida hikoya qiladi.
Ayan va Alizeh obrazi sevgi-muhabbat munosabatlaridan ustun turadigan do‘stlikning nodir namunasidir.
“Oshiq qalblar"da Ranbir Kapoor va Anushka Sharma bosh rollarni ijro etgan, Aishwarya Rai Bachchan esa muhim qahramonlardan birini gavdalantirgan, hatto kichik bir lek muhim bo‘lgan epizodda Bollivud qiroli Shohruhxon ham ishtirok etgan.
Hachi: A Dogʻs Tale (Hatiko)

Voqealar AQShda yashovchi professor Parker Uilson va vokzalda tasodifan topib boqib olingan it o‘rtasidagi munosabatdan boshlanadi. Va yillar davomida ular ajralmas do‘stga aylanadi. Har kuni Hachi professorni vokzalgacha kuzatib qo‘yadi va ish kunining oxirida uni yana kutib oladi. Ammo bir kuni professor uyga qaytmaydi, hatto professor vafot etganidan keyin ham it uni har kuni bekatda kutib turishda davom etadi.
Shundan keyin Hachining vokzalda egasini kutishi sadoqatning eng ta’sirli ramzlaridan biriga aylanadi.
Nega tomosha qilish kerak: Filmning asosiy kuchi — unda ortiqcha dramatik dialoglar yoki murakkab syujet yo‘qligida. Hachining harakatlari orqali sadoqat, mehr va ayriliq juda sodda, ammo kuchli tarzda ko‘rsatiladi. Richard Gere ijrosidagi Parker va Hachi o‘rtasidagi munosabat esa filmning hissiy markazini tashkil qiladi.
“Hachi"ni ayniqsa haqiqiy voqealarga asoslangan, hayvonlar va insonlar o‘rtasidagi mehr haqida filmlarni yaxshi ko‘radiganlar tomosha qilishi mumkin. Faqat oldindan tayyor bo‘ling: bu ro‘yxatdagi eng ko‘p yig‘latishi mumkin bo‘lgan filmlardan biri, uni yig‘lamasdan tomosha qilish deyarli mumkin emas.
Film yapon iti Xachiko haqidagi real voqeaga asoslangan. Akita zotli it 1920-yillarda Tokiodagi Shibuya stansiyasida vafot etgan egasini yillar davomida kutgani bilan mashhur bo‘lgan. Uning sadoqati shu qadar mashhur bo‘lganki, Shibuyada Xachiko sharafiga haykal o‘rnatilgan.
Uch savdoyi

Bollivud tarixida eng mashhur do‘stlik haqidagi komedik dramalardan biri.
Film markazida uch nafar muhandislik talabasining institut yillaridagi do‘stligi bir-birini qo‘llab-quvvatlashi va yillar o‘tsa ham uzilmaydigan rishtasi turadi. Shu bilan birgalikda, film ta’lim tizimidagi kamchiliklaru bosim, ota-ona kutuvlari, muvaffaqiyat ortidan quvish va o‘zi istagan hayotni tanlash haqida. Ammo bularning barchasi uch do‘stning hazillari, sarguzashtlari va bir-biri uchun yordam qilgan ishlari orqali hikoya qilinadi.
Nega tomosha qilish kerak: “Uch savdoyi"ning eng yaxshi jihatlaridan biri, do‘stlikni idealizatsiya qilmasligida. Uchovlon ham xato qiladi, tortishadi, bir-biridan ranjiydi, ammo eng og‘ir vaziyatlarda yonma-yon turadi. Rancho esa do‘stlariga shunchaki yordam bermaydi, ularni o‘z qo‘rquvlaridan chiqishga undaydi.
Film kuldirishi bilan birga, “Muvaffaqiyat o‘zi nima?”, “O‘zimiz xohlagan hayotda yashayapmizmi?” va “Haqiqiy do‘st qanday bo‘ladi?” degan savollarni ham o‘rtaga tashlaydi. Shu ma’noda, “Uch savdoyi” — do‘stlik, yoshlik, orzular va o‘z yo‘lini topish haqida bir vaqtning o‘zida kuldiradigan, yig‘latadigan va o‘ylantiradigan film.
The Perks of Being a Wallflower

Film o‘smirlikdagi do‘stlikning inson hayotini qanchalik o‘zgartirishi mumkinligini juda samimiy tarzda ko‘rsatib beradi.
Charli maktabdagi oddiy o‘quvchilar kabi emas: u tortinchoq, yolg‘iz o‘z olamiga berilgan va o‘tmishidagi og‘ir voqealar travmasi bilan yashaydi. Yangi o‘quv yilida esa u Sem va Patrik ismli tengdoshlari bilan tanishadi.
Shu tariqa uning hayotida do‘stlik, musiqa, ilk muhabbat va o‘zini anglashga to‘la yangi davr boshlanadi. Do‘stlari unga o‘zini boshqalar orasida begona his qilmaslik va hayotdagi kichik lahzalardan zavqlanishni o‘rgatadi.
Do‘stlik — bu uni tanlashimiz mumkin bo‘lgan yagona munosabat turi. Ota-onani tanlab bo‘lmaydi, sevgi-muhabbat esa o‘zi sizni tanlaydi, lekin do‘stlar bu biz o‘z ixtiyorimiz bilan hayotimizga olib kiradigan vaqt o‘tib esa eng yaqin qadrdonga aylanadigan insonlarimizdir.
Do‘stlik haqida filmlar ko‘p, ammo ularning har biri bu tuyg‘uning boshqa bir qirrasini ko‘rsatadi: kimdir bolalikdagi beg‘ubor do‘stlikni, kimdir yillar va masofaga qaramay saqlanib qoladigan yaqinlikni, yana kimdir ayriliq va yo‘qotish orqali inson hayotida do‘stning o‘rni qanchalik katta ekanini hikoya qiladi.
"Doʻstlar"dan "Silikon vodiysi"gacha. Sitkom janridagi 7 ta mashhur serial
Hozirgi kunda AQShda ishlanayotgan seriallar odatda 8–10 qismdan iborat boʻlmoqda. Qisqalik seriallar uchun modaga aylanib boʻlgan. Ammo 2000-yillarning boshida sitkom janri ommalashgan boʻlib, unda koʻplab qismli seriallar yaratilgan. Agar siz uzoq vaqt davomida tomosha qilish uchun serial qidirayotgan boʻlsangiz Afisha.uz eng yaxshi va mashhur 7 ta sitkomni bir yerga jamladi.