Oʻzbekona retro bayram: “Xalq korporativi”dan reportaj

E’lon qilingan sana· 4 118
Oʻzbekona retro bayram: “Xalq korporativi”dan reportaj

Humo Arena’da 27-dekabr kuni “Xalq korporativi” nomli Yangi yil gala-konserti boʻlib oʻtdi. Unda oʻzbek shou-biznesining oʻnlab taniqli vakillari hit taronalarini ijro etdi. Afisha.uz muxbirlari mazkur shou dasturda mehmon boʻlib, reportaj tayyorladi.

Yangi yil bayrami arafasida aholiga madaniy hordiq va bayram kayfiyatini ulashish maqsadida tashkil etilgan dasturda bir qator mashxur san’atkorlar oʻz qoʻshiqlarini ijro etdi. Xususan, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Sevara Nazarxon, afsonaviy “Bolalar” va “Setora” guruhlari, taniqli xonandalar — DJ Piligrim, Nilufar Usmonova, Yorqinxoʻja Umarov va yoshlarning sevimli guruhlaridan biri “Benom” oʻz ijod mahsullari bilan chiqish qildi.

Konsertda “Bolalar” guruhi oʻzining bir qator hit taronalari, jumladan, “Hayolim senda”, “Popuri”, “Kerak emas” kabi qoʻshiqlarini muxlislar bilan birga kuylab, hammani raqsga tushirdi.

“Men konsertlarni juda ham yaxshi koʻraman. Ayniqsa, ushbu sport saroyidagi sahnalarda qoʻshiq kuylash yoqadi. Bugungi bayram kechasidagi atmosfera zoʻr, yoshlardagi energiya bizni ruhlantirib turdi. Haqiqiy shou boʻldi, desam adashmayman. 2024-yil 1-iyun kuni hamma muxlislarimni Humo Arena’da yakkaxon konsertimda kutib qolaman. Yangil yil bayrami barcha yurtdoshlarimizga va mehmonlarga muborak boʻlsin”, — dedi Tohir Sodiqov.

Afsonaviy “Setora” guruhi “Borsan”, “Sogʻinaman”, “Ohim” singari retro taronalarini ijro etib, zaldagilarni yoshlik davrlarga qaytardi.

“Bugun juda ham chiroyli va esda qolarli kecha boʻldi. Katta sahnaga anchadan beri chiqmagan edik. Hozir energiyaga boy yoshlarni koʻrib, biz bilan birga qoʻshiq kuylashlariga guvoh boʻlib, yoshlikka qaytgandek boʻldik. Hammani Yangi yil bilan chin qalbdan tabriklaymiz”, — dedi guruh vakili Kamila Xoʻjayeva.

Uning aytishicha, guruh toʻliq tarkibda yaqin yillarda yakkaxon konsert taqdim etishi rejalashtirilmoqda.

Gala-konsertni taniqli boshlovchilar Oyxon Iforzoda va Jamshid Xojiniyozovlar olib bordi.

Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ