"Osh boʻlsin": odamlarni birlashtiradigan "Kamolon" osh markazi haqida

E’lon qilingan sana· 880
"Osh boʻlsin": odamlarni birlashtiradigan "Kamolon" osh markazi haqida

O‘zbek milliy oshxonasi asrlar davomida o‘zining boy ta’mi bilan maqtanib kelgan. Toshkentdagi yana bir katta osh markazlaridan biri “Kamolon” ushbu an’analarni zamonaviylik bilan uyg‘unlashtirgan maskan sifatida o‘ziga xos mavqega ega. Mazkur markaz nafaqat mazali taomlari, balki qulay muhit va shinam muhiti bilan ham mijozlarni o‘ziga jalb qiladi.

Afisha.uz “Osh boʻlsin” rukni doirasida poytaxtda mashhur boʻlgan osh tayyorlanadigan markazlarga borib, ular haqida yozishga qaror qildi. Muharrirlarning navbatdagi manzili “Kamolon” boʻldi. Quyida ushbu osh markazi haqida soʻz boradi.

Hozirda Toshkent shahrida Kamolon osh markazining uchta filiali faoliyat yuritadi. Bular, Bunyodkor shoh koʻchasida, Labzakdagi Zulfiyaxonim koʻchasida va Shayxontohur tumani Gulzor chorrahasida boʻlib, biz Labzakdagi osh markaziga yoʻl oldik.

Shu oʻrinda bir muhim eslatma bilan boʻlshishni lozim topdik. Agar tushlik yoki kechki ovqat kabi tashrif buyuruvchilar koʻp boʻladigan vaqtda borishni rejalashtirgan boʻlsangiz, biroz ertaroq harakat qilishingizga toʻgʻri keladi. Chunki xoʻrandalar koʻpligi sababli joy topa olmay qolishingiz mumkin.

Biz ham shu muammoga duch keldik va havo biroz sovuq boʻlishiga qaramay tashqaridagi joyda oʻtirdik. Bundan tashqari, osh markazining yertoʻlasida (“подвал”) ham joylar bor. Ammo u yer ham tashrif buyuruvchilar bilan toʻlgan edi.

Kafedagi shinam va iliq muhitga oʻzbek klassik musiqalari hamrohlik qiladi. Bu shinamlikni hatto shovqin va ofitsiantlarning tezlik bilan uyoqdan buyoqqa oʻtib yurishi ham buza olmaydi. Interyerga ham alohida e’tibor berilgani sezilib turadi. Xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning e’tiborli ekani va tez harakat qilishini darajani belglab berishi tabiiy.

Kafeda oshning toʻrt xilidan, xususan, zigʻir oshi, toʻy oshi, choyxona palov hamda choʻngʻara guruchidan qilingan oshlardan ta’tib koʻrish mumkin. Bundan tashqari, kafeda moshkichiri, halim, kaboblar va bir qator suyuq ovqatlar ham taklif etiladi. Ammo koʻpchilik bu yerga osh yeyish uchun keladi. Shuningdek, “Beshqozon"da boʻlgani kabi bu yerda ham koʻplab turistlarga duch kelish mumkin.

Biz odatimizga sodiq qolgan holda barcha 4 turdagi oshni buyurtma qildik. Ularning barchasi bir vaqtda, 5−6 daqiqadan soʻng yetib keldi. Bundan tashqari, ikki xil choy va uch xil salat ham dasturxondan oʻrin oldi.

Toʻy oshining bir portsiyasi oʻrtacha hajmda boʻlib, bemalol toʻyishingiz mumkin. Osh markaziga borishdan oldin u haqda bildirilgan izohlarni oʻqish jarayonida oshdagi goʻshtning kamligi boʻyicha biroz salbiy fikrlarga ham duch kelgandik, lekin amalda unday boʻlib chiqmadi. “Kamolon"dagi toʻy oshining hamma narsasi tobida boʻlgan deya olamiz.

Choʻngʻara guruchidan qilingan oshni aynan andijonlik muharririmiz tatib koʻrdi va “agar kimnidir “anjan oshi"ga taklif qilmoqchi boʻlsam, qoʻrqmasdan “Kamolon"ni tanlasam boʻlar ekan”, deya fikr bildirdi. Shuning oʻzi ham bu oshga yetarlicha baho boʻla oladi. Quyida keltirilgan suratdagi, guruch ham, goʻshtlar ham, qalampirlar ham ishtaha ochishi tabiiy.

“Kamolon"da tayyorlanadigan oshlar ichida choyxona palov alohida ajralib turadi. Osh bilan birga pishgan sarimsoq toʻq odamning ham ishtahasini ochib yuboradi. Undagi jizzalar ham, goʻshtlar ham maromida solingan. Oshlardan qaysi birini tanlashda qiynalsangiz choyxona palov varianti yetakchilik qilishi mumkin.

Zigʻir yogʻida pishirilgan oshni ham yomon deb boʻlmaydi. Toʻgʻri faqat “Samarqand oshi"ni tayyorlash bilan shugʻullanadigan restoranlar kabi zoʻr boʻlmasa-da, tavsiya qilish mumkin.

Narxlar haqida ma’lumot berishdan oldin bir narsa e’tiborimizni tortdi. “Kamolon"ning saytida keltirilgan narxlar va kafening oʻzida keltirilgan narxlar bir-biriga toʻgʻri kelmaydi.

Osh markazining saytida quyidagi narxlar keltirilgan:

  • zigʻir oshi — 46 000 soʻm;
  • choʻngʻara guruchidan qilingan osh — 49 000 soʻm;
  • toʻy oshi — 44 000 soʻm;
  • choyxona oshi — 46 000 soʻm.

Kafega kelib, osh buyurtma qilsangiz bu narxlar taxminan 4000−5000 soʻmga arzonlaydi.

Toshkent shahrida ilk “Kamolon” osh markazi (saytidagi ma’lumotlarga koʻra) 2017-yilda ochilgan. Faoliyat yuritayotganiga 10 yil ham boʻlmagan boʻlsa-da, tizimli osh markazi yarata olgani bilan ajralib turadi. Bu yerda sevis, xoʻrandalar bilan aloqa hamda yetkazib berish xizmatlari tashkil etilgan. Oʻzbek milliy taomi — osh bilan tanish boʻlmagan, lekin tanishishni istayotgan yoki turli xildagi palovlardan tatib koʻrishni istayotgan odamlar uchun “Kamolon” ayni muddao boʻla oladi.

Murojaat uchun telefon raqami: (+998) 55−500−1661.

Sayt: “kamolonosh.uz

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Mirjalol Qosimov
Fotosuratchi
Mirjalol Qosimov