Metroning "Paxtakor" bekatida hojatxona hamda ona va bola xonasi ishga tushurildi

Toshkent metropolitenining “Paxtakor” bekatida yo‘lovchilar uchun ona va bola xonasi hamda hojatxona o‘z ish faoliyatini boshladi. Bu haqda Metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, hojatxonadan foydalanish narxi — 3 ming so‘m, bu ma’lumotlar lavhasida yozib qoʻyilgan. Undan Ikkinchi jahon urushi faxriylari, nogironligi bor shaxslar, 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar, nafaqadagi fuqarolar, Chernobil falokati ishtirokchilari, shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bepul foydalana oladi. Buning uchun ma’lumotni tasdiqlovchi hujjat taqdim etilishi kerak.
Oldinroq “Paxtakor” bekatidan tashqari “Buyuk ipak yo‘li”, “Amir Temur xiyoboni”, “Mustaqillik maydoni”, “Olmazor”, “Beruniy”, “Chorsu”, “Do‘stlik” va “Bodomzor” bekatlariga hojatxona qurilishi ma’lum qilingandi. Ma’lumot uchun, “Buyuk ipak yoʻli” bekatida 13-fevral kuni hojatxona hamda onalar va bolalar xonasi ishga tushgandi.
Bundan tashqari, “Amir Temur xiyoboni” metro bekatida ham bu kabi xonani qurish ishlarining so‘nggi bosqichi amalga oshirilmoqda va tez orada foydalanishga topshirilishi ko‘zlangan.