Fotosayr: Toshkent brodveyi (sayilgohi) bo‘ylab

Toshkent markazining eng serharakat, ammo sokin burchaklaridan biri Brodvey (sayilgoh) bo‘lib, u poytaxt hayotining o‘ziga xos ramziga aylanib ulgurgan. Bu yerda har kuni ijod, savdo va sayr uyg‘unlashadi: kimdir rasm chizadi, yana kimdir antikvar buyumlar sotadi, boshqasi shunchaki yurib, shaharning yoqimli muhitidan bahra oladi.
Ko‘cha bo‘ylab terib qo‘yilgan suratlar orasida yurarkansiz, go‘yo ochiq osmon ostidagi galereyada sayr qilayotgandek bo‘lasiz. Yo‘l chetlarida antikvar buyum sotuvchilari ham joylashgan bo‘lib, ularning stollari eski tanga, soat, taqinchoq va sovet davridan qolgan nishonlarga to‘la.
Biroz yursangiz, havoda qahva va taom hidi aralashadi. Qatorlashgan restoran va kafelar brodvey muhitiga yana bir ruh bag‘ishlaydi. Kimdir soya ostida kofe ichib dam olishi, kimdir ochiq terrasada do‘stlari bilan suhbat qurishi mumkin.
Iliq kunlarda bu yerda stol tennisi o‘ynayotgan yoshlarni, samokat va velosiped uchayotgan sevishganlarni uchratish mumkin. Ko‘chada har doim bir harakat, hayot bor, go‘yo brodvey hech qachon uxlamaydigan joy.
Kech tushganda chiroqlar yonadi, ko‘cha bo‘ylab musiqachilarning ohanglari taraladi va siz bu manzarani suratga olish uchun qo‘lingizni avtomatik ravishda telefoningizga cho‘zganingizni sezmay qolasiz.
Brodveyni “Amir Temur xiyoboni” metro bekatidan boshlab, “Mustaqillik” metro bekatida tugatish mumkin. Sayr uchun lokatsiya va yo‘nalish bu yerda.
Fotosayr: Eski shaharning jin ko‘chalari bo‘ylab
Toshkentning eski shahar qismi — Olmazor tumanidagi Hastimom mahallasining tor ko‘chalari hamon o‘zining 1865-yillardagi holatini saqlab qolgan. Yangi qurilgan Islom sivilizatsiyasi markazi va ta’mirlangan Hazrati Imom masjidining orqa tomonida joylashgan bu manzil chin samimiyat, qo‘shnichilik va mahalla muhitini his qilish uchun yaxshi sayr yo‘nalishlaridan biri bo‘la oladi.
Fotosayr: Islom sivilizatsiya markazi bo‘ylab
Toshkentning tarixiy yuragi hisoblangan Hazrati Imom majmuasi va u joylashgan Qorasaroy ko‘chasi rekonstruksiya ishlaridan so‘ng bahavo joyga aylandi. Xususan, majmua yonida qurilgan Islom sivilizatsiya markazi poytaxtga Samarqanddagi Registon muhitidan bir parcha bergandek bo‘ladi, go‘yo.
Fotosayr: Abdulla Qodiriy (Ganga) sayilgohi
Ikki yoni yashillik bilan o‘ralgan alleya oila, do‘stlar yoki yaqin insoningiz bilan sayr uchun muqobil variant bo‘ladi.
Fotosayr: "Moviy gumbazlar" xiyoboni
Afisha.uz Toshkentning koʻrkam va hordiq chiqarish uchun yoqimli boʻlgan manzillari boʻylab fotosayr ruknini boshlaydi.