Yangi Toshkentda Ar Riyod mavzesi quriladi

Saudiya investorlar Yangi Toshkent hududida Ar Riyod mavzesi barpo etishni rejalashtirmoqda, deya xabar bermoqda Gazeta.
Ta’kidlanishicha, bu haqda Saudiya Arabistonining Al Majdiah va First Avenue kompaniyasi rahbari Abdusalom al Majid 15-oktabr kuni O‘zbekiston prezidenti bilan uchrashuvda ma’lum qilgan.
“Saudiya Arabistonida keyingi yillarda O‘zbekistonga sarmoya kiritish niyatida bo‘lgan ishbilarmonlar tobora ko‘paymoqda. Biz ham barqarorlik hukm surgan O‘zbekistonga yaxshi niyatlar bilan investitsiya ajratishga qaror qildik. Jumladan, Yangi Toshkent hududida Ar Riyod mavzesini o‘zbekistonlik hamkorlar bilan barpo etmoqchimiz. Bu borada ishonchingizni oqlaymiz”, — dedi kompaniya rahbari.
Prezident ushbu taklifni ma’qullagan. “Ar Riyod mavzesini barpo etsak, bu ikkita xalqni birlashtirishga ham ko‘prik bo‘ladi”, — dedi u.
Avvalroq Yangi Toshkent hududida Saudiya Arabistonining boshqa bir kompaniyasi Yaponiya va Janubiy Koreya kompaniyalari ishtirokida aeroport qurilishida qatnashishi ma’lum boʻlgandi.