Toshkentda yana 18 ta gastronomik koʻcha ochiladi

23-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumanidagi O‘zbekiston ovozi ko‘chasida tashkil etilgan gastronomik turizm ko‘chasi faoliyati bilan tanishdi. Prezidentga poytaxtda faoliyat yurituvchi turizm va gastronomik ko‘chalarda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berildi.
Ta’kidlanishicha, 2025-yilda poytaxtda jami 26 ta ko‘cha tun-u kun faoliyat yuritishga o‘tdi. Bu yo‘nalishga 540 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Natijada 1 103 ta yangi savdo va servis obyekti tashkil etilib, 315 ta tadbirkor 24/7 rejimida ishlashni boshladi, 26 ta xorijiy brend faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
2026-yilda yana 18 ta yangi turizm ko‘chasini tashkil etish, 500 ta yangi obyektni ishga tushirish va 7 ming nafargacha yangi ish o‘rni yaratish rejalari haqida ma’lumot berildi.

Prezident Mirzo Ulug‘bek tumanida gastronomik turizm ko‘chalari sonini yanada ko‘paytirish, mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish, xizmatlar sifatini oshirish va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar bergani aytiladi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Toshkentning bir necha hududida, xususan, “Xalqlar do‘stligi” metro bekati yonidagi Bunyodkor, Taras Shevchenko, Sergeli tumani va boshqa manzillarda 24 soatli gastronomik koʻcha ochilgandi.