O‘zbekistonda lyuks turdagi sayyohlik poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

E’lon qilingan sana· 756
O‘zbekistonda lyuks turdagi sayyohlik poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekiston Italiya kompaniyasi bilan lyuks turdagi sayyohlik poyezdi qatnovini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

2023-yil 17-oktabr kuni UNWTO Bosh Assambleyasi sessiyasi doirasida O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev, “O'zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Xikmatilla Rahmetov va Italiyaning “Arsenale Group” kompaniyasi bosh direktori Paolo Barletta o‘rtasida anglashinuv Memorandumi imzolandi.

Unga ko‘ra, 2026-yil oxiridan boshlab O‘zbekistonning tarixiy shaharlari o‘rtasida “Luxury Train Cruising” sayyohlik poyezdi qatnovi yo֥‘lga qo‘yiladi. Loyiha O’zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ko’magida amalga oshiriladi.

Gazeta.uz'ning yozishicha, Arsenale 66 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan 38 kupeli, 13 ta vagondan iborat bo‘lgan hashamatli poezd ishlab chiqarish ustida ish olib boradi. Kompaniya vakillari poyezdni zamonaviy jihozlar bilan ta’minlashni, vagonlardagi xizmat ko‘rsatish sifati va interer dizayni “italyancha bo‘lishini” ta’kidlagan.

Xabarga ko’ra, poyezd marshruti Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlari bo’ylab tashkil etiladi. Afisha.uz muharriri bu turdagi poyezdlar qanday bo‘lishiga qiziqib, “Arsenale Group” faoliyatini o‘rgandi va quyidagilarni aniqladi.

“Arsenale” kompaniyasi hashamatli (luxury) mehmonxonalarni tashkil etish va boshqarish hamda hashamatli poyezd vagonlarini loyihalab, temir yo‘llaridagi barqaror turizm loyihalarini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi. “Train Cruising” bo‘yicha kompaniya portfoliosida Italiya, Saudiya Arabistoni va BAAdagi loyihalar bor.

Italiyaning shimolidan janubigacha qamrab olingan temir yo‘l loyihasi — “Orient Express La Dolce Vita"da sayyohlar lyuks, maxsus (La Dolce Vita) va delyuks vagonlarda sayohat qilishi mumkin. Shuningdek, uchta xalqaro marshrut Italiyani Parij, Istanbul va Split bilan bog’laydi va sakkiz mamlakatni kesib o‘tadi.

Kelgusi yildan La Dolce Vita poyezdlari Rimdan va Sitsiliya orqali ikki kishi uchun 6 000 yevrodan bir kechadan uch kechagacha bo‘lgan sayohatlarni taklif qilishni boshlaydi. Eng eksklyuziv kabina (La Dolce Vita) bir kecha uchun kamida 25 000 yevro turadi.

“Arsenale” xuddi shunga o‘xshash loyihalarni Saudiya Arabistoni va BAAda ham tashkil etish va rivojlantirishni rejalashtirgan. Kompaniya saytida keltirilgan faylda “La Dolce Vita” poyezdlari va vagonlarining interyerlari loyihasini ko‘rish mumkin.

“Arsenale Group” kompaniyasi bosh direktori Paolo Barletta bu kabi poyezdlarni “relslardagi hashamatli kruiz” deb atagan. Kompaniya harakatlanuvchi tarkiblarni qayta (hashamatli) jihozlashga 240 million yevro investitsiya kiritgan.

Italiyada 2024-yilda ishga tushuvchi ushbu turdagi poyezdlar harakatiga allaqachon barcha joylar oldindan band qilib bo‘lingan. Joy band qilish uchun sayohatchilar oldindan 500 yevrodan to‘lagan.

“Arsenale” O‘zbekistonda aynan shunga o‘xshash hashamatli poyezd vagonlarini tashkil etmoqchimi yoki yo‘q, hozircha ma’lum emas, kompaniya saytida bu bo‘yicha ma’lumot paydo bo‘lgani yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Toshkent—Samarqand” va “Navoiy—Buxoro” yo‘nalishlari uchun 6 ta tezyurar poyezd olib kelinishi haqida xabar berilgandi.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2023 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ