Hafta artisti: Lola

E’lon qilingan sana· 1 376
Hafta artisti: Lola

Bu — Afisha.uz'ning har hafta e’lon qilib boriladigan yangi formatdagi “Hafta artisti” rukni. Unda biz bir ijodkorni tanlab, u haqida qisqacha ma’lumot va e’tiborga molik treklarini ulashib boramiz. Bu, o‘ylaymizki, uzoq davom etadi va siz yangi artistlarni kashf qilasiz, avvaldan tanish bo‘lganlarini esa yaqinroq bilib olishingiz va qo‘shiqlarini qayta tinglashingiz mumkin bo‘ladi. “Hafta artisti"ning navbatdagi qahramoni — Lola!

Lola haqida

Lola — ijtimoiy faol qo‘shiqchi. Yo‘q, bu yerda ijtimoiy tarmoqlarini faol tarzda yuritish nazarda tutilmayapti. Uning oxirgi kliplari, chiqishlari uning ijtimoiy-siyosiy hayotda o‘z pozitsiyasi borligini bildirib turadi. U bir necha bor “ochiq kiyimlari” va “ma'naviyatsiz” chiqishlari uchun tandiqlarga uchrab, hatto litsenziyasi tortib olingandan bir necha yil o‘tib, mana shu voqealarga ishora sifatida “Sevgingni menga ayt” qo‘shig‘i va unga ishlangan klipini chiqaradi. Bu o‘ziga xos “protest”. Klip haqida batafsil pastroqda gaplashamiz. Hozir artist haqida qisqacha ma’lumot.

Lola Yo‘ldosheva 1985-yilning 4-sentyabrida Samarqandda tug‘ilgan. Uning ijodga kirib kelishi 2000-yillar boshlariga to‘g‘ri keladi. U dastlab Maya taxallusi ostida asosan ruscha qo‘shiqlar kuylagan. 2004-yilda kuylangan “Muhabbatim” qo‘shig‘idan so‘ng o‘zbek auditoriya ham uni taniy boshlaydi. Uni ko‘pchilik qo‘shiqlaridan tashqari “Kelgindi kuyov” filmidagi Zaynab obrazi bilan ham taniydi.

Lola 2004-yilda o‘zining ilk filmi bo‘lgan “Sevinch"da rol ijro etgan. Va bu tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olinadi. Aktrisa bu kinoda saratonga chalingan qiz rolini o‘ynaydi. Filmga o‘zining “Orzu” qo‘shig‘i saundtrek qilingan. Bundan bir yil o‘tib, Lola Rustam Sagdiyev rejissyorligidagi “Kelgindi kuyov” filmida Zaynab obrazini gavdalantiradi. Film katta mashhurlikka erishadi va Lola aktrisa sifatida ham obro‘ qozona boshlaydi. Shundan so‘ng Lola yana bir nechta filmlarda muvaffaqiyatli rol ijro etgan.

2002-yildan boshlab albom e’lon qilishni boshlagan qo‘shiqchining portfelida hozirgacha 7 ta albom bor. Ularning oxirgisi 2014-yilda chiqarilgan (“Kel”). Umuman olganda, Lola oxirgi vaqtlarda qo‘shiq kuylashda ancha passivlashib qoldi (2023-yildagi “XFaktor” loyihasidagi ishtirokini hisobga olmasa). Uning oxirgi e’lon qilgan qo‘shig‘i “Sevgingni menga ayt 2” qo‘shig‘i bo‘ldi. Klip 2019-yilning 13-noyabrida artistning YouTube sahifasiga joylangan. O‘shanda beri na Telegram kanalda, na YouTube kanalda birorta qo‘shiq e’lon qilindi. Lola boshqa qo‘shiqlarini ham o‘zining YouTube kanalida o‘chirib tashlagan.

Lolaning senzuraga uchrashi

Lola 2015-yilda muammoga duch keladi. U ommaviy tanqidga uchraydi. Bunga sabab — o‘sha yildagi Rayhon konsertidagi chiqishi. O‘shanda u “Koʻnikmadim” duetini ijro etish uchun “milliy mentalitetga zid” ochiq qizil libosda chiqqani uchun “Oʻzbeknavo"dan ogohlantirish olgan. Shundan so‘ng ushbu tashkilot ayol qo‘shiqchilarning sahnada “yelkasi yoki soni ochiq” kiyim kiyishni, “yarimyalang‘och” kiyinishni taqiqlagan.

Bu mojarolarga o‘sha paytdagi Oʻzbekiston Bosh vazirining oʻrinbosari, Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Elmira Bositxonova (hozirda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligida vazirning birinchi o‘rinbosari) ham aralashgan. U Lolaning chiqishi bo‘yicha shunday degan: “Ayrim xonandalarimizning turli ajnabiy va milliylikka yot liboslarni kiyishlari, yoshlarning tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan sayoz qoʻshiq matnlari, qoʻpol, behayo va beandisha harakatlar aks ettirilgan kliplarning oila davrasida koʻriladigan ekranlarga uzatilayotganini nima bilan izohlash mumkin?”. Buning ortidan esa “O‘zbeknavo” Lolaning litsenziyasini qaytarib olgan.

“Sevgingni menga ayt” klipi haqida

Lola 2019-yilda “protest” qildi. Yuqoridagi voqealar ushbu shedevr klip yaralashiga sabab bo‘lgan. “Sevgingni menga ayt” qo‘shig‘iga ishlangan klipda senzuralar tanqid ostiga olinadi. Unda ko‘p yashirin ishoralar bor. Quyida klipni batafsil sharhlashga harakat qilaman.

Asosiy sahnalar metro, Chorsu bozori va eski mahallalarda suratga olingan, ya’ni Lola bu klipni oddiy odamlar ichida olgan. Video Lola boshqachiligidagi qizlar guruhi metroga tushib kelishi va bozorga kirib kelishi bilan boshlanadi. Shu payt raqqos qizlardan biri noodatiy rangga bo‘yalgan sochini to‘g‘rilaydi va bu soqolli erkakning yuziga tegadi. Bu bilan Lola noodatiy tarzda bo‘yalgan sochlar va soqol qo‘yishlarga qarshi bildirilgan tanqidlarga ishora qilib, bular insonning o‘z huquqi ekanini aytmoqchi bo‘ladi.

Klip davomida bir necha marotaba ko‘rsatkich barmoq bilan harakatlar ko‘rsatiladi. Bu o‘sha paytlarda yoshlar orasida mashhur bo‘lgan chechen va umuman, Kavkaz tomonlarda keng tarqalgan (ya'ni ularga ergashish) surat tushish (☝️) pozasiga ishora bo‘lishi mumkin. Pastdagi birinchi skrinshotga e’tibor bersangiz, raqqoslar ham yuzini maksimal tarzda jiddiy qiyofaga kirib olgan.

Aytgancha, yuqorida ko‘rsatilgan kadrda arava bilan ular bir necha marta “skver” atrofini aylanishadi. Bu o‘sha yerdagi “daraxtlar qirg‘ini"ga ishora bo‘lishi ham mumkin.

Keyingi kadr: Lola yana maksimal jiddiy qiyofadagi yosh o‘g‘il bolalar bilan o‘tiradi. Ular xuddi bir qolipga solingandek harakat qilishadi va shunday yuz qiyofasiga ega.

Shundan so‘ng ulardan sal chetroqda yosh qiz bola alohida o‘tirgani, ularga mayus termulib turgani ko‘rsatiladi. Bu bilan Lola ayollar huquqlari haqida gapirmoqchi bo‘ladi.

Piyodalar o‘tish yo‘lagidan o‘tish nimaga ishoraligini “The Beatles” guruhining muxlislari yaxshi bilsa kerak. Guruh “Abbey Road” albomi muqovasini shunday surat bilan e’lon qilishgan.

Keyingisi: agressiyaga to‘lgan erkaklar. O‘sha mashhur Chorsu bozorining “fud kortida” agressiv reaksiya bilan kabob yeyayotgan bir guruh erkaklar ko‘rsatiladi. Ularga qo‘shilib yosh bola ham jahldor bo‘lgan.

2019-yilning oktyabr oyida, ya’ni klip chiqishidan bir yilda oldin o‘sha paytdagi O‘zbekiston fermerlar kengashi raisi Aktam Hayitov go‘sht narxi oshishiga izoh berar ekan, “Biz ko‘p go‘sht yeyapmiz”, degan edi. Yuqoridagi kadr shunga ishora bo‘lishi ham mumkin.

“Sevgingni menga ayt 2”

Lola “Sevgingni menga ayt” yaxshi kutib olingandan so‘ng uning davomini suratga olishga qaror qiladi va o‘sha yilning o‘zida suratga oladi. Klip eski, SSSR davrida olingan kinolardek boshlanadi. Lola o‘z qo‘shig‘i bilan badiiy kengash qarshisiga chiqib keladi. Kengash rahbarlari esa unga qarab bunday deydi: “Komissiyamizning asosiy maqsadi — bizning urf-odatlarimiz, an’analarimizga rioya qilish. Shuningdek, milliy mentalitetimizga zid bo‘lgan kliplarni internetda tarqalishini oldini olish hisoblanadi”. Bunda zal ham maksimal tarzda SSSR kayfiyatida dekoratsiya qilingan — qizil rangdagi plakatlar va undagi yozuvlar, stol-stullar.

Zalda o‘tirgan birgina muxlis hatto shunga ham qarsak chaladi. Komissiyaning gapi sal yuqoriroqda yozilgan voqealarga, qarsak chalgan erkak obrazi esa qarsakbozlikka ishora hisoblanadi.

Lola klip davomida o‘tgan safargi klipida Maroon 5'ga taqlid qilinganini aytgan “xeyter"larga ham javob berib ketadi. Ulardan biri hatto bu guruh nomini to‘g‘ri aytolmaydi, lekin unga savol beradi: “tomingiz ketganmi yo “Marufga taqlid qilyapsizmi?!”. Qabul komissiyasi ham uni kimligiga qizib ko‘radi va Maroon 5'ning “behayo” klipini yashirin tarzda ko‘rishda davom etadi. Epik nuqta.

Kengash a’zolari unga milliy kiyim kiyishni tavsiya qilgandan so‘ng undan keyin Lola cho‘girma kiyib oladi va kamroq raqsga tushishni, kamroq harakat qilishni va bir xilda turishni boshlaydi. Ya’ni bu bilan Lola qolipga solib qo‘yilishini aytmoqchi bo‘ladi.

Keyingi kadrda “jamiyat uchun xavfli” ayollar chiqib kela boshlaydi. Ro‘yxat bo‘yicha “ma'naviy yordamga muhtoj ayol"ga navbat kelganida Lola shu yerda ekanini aytadi va ular bilan ketadi.

Klipning kulminatsion nuqtasi qo‘shiqning birinchi qismida “ajratib qo‘yilgan” qizcha bilan sodir bo‘ladi. U Lola ketgandan keyin sahnaga chiqib kelib, “hurmatli hay’at a’zolari sizlarga shuni aytmoqchimanki…”, deb baqirishni boshlaydi. Taqiqlar, ajratishlardan to‘yib ketgan qizcha va nihoyat yorilib, hammayoqni buzib tashlaydi. Plakatlar tushib, hay’at a’zolarining qog‘ozlari uchib ketadi. Shundan so‘ng milliy kiyimdagi qizcha istalgandek raqsga tushishni boshlaydi. Chegara buzib o‘tildi.

Boshqa e’tiborga molik qo‘shiqlar

Albatta, Lolaning ijodi yuqoridagi qo‘shiqlar bilan cheklanib qolmaydi. U bungacha ham ma’noli va tom ma’noda xit qo‘shiqlar yaratib kelgan. Quyida keltiriladigan qo‘shiqlarning ko‘pi nostalgiya his qildirishi mumkin. Shu sababli ehtiyot bo‘ling yoki qo‘lingizga ro‘molcha oling.

“Muhabbatim”

“Toshkent-Samarqand”

“Undan nimam kam” (feat “Bolalar”)

“Yurak”

“Qolaymi, ketaymi”

“Qiynalar qalbim”

“Yarim baxt”

“Jonim sog‘indim”

“Qaytmaydi”

“Love me”

“Nima qilay”

“Yig‘lar osmon” (feat Shohruhxon)

“Jonim ayt”

“Ko‘nikmadim” (feat Rayhon)

“Sog‘indim”

“Xabar ol”

“Bilmaysan”

“Sevgingni menga ayt 2”

“Sevgingni menga ayt 2” qo‘shig‘i mana shunday so‘zlar bilan tugaydi: “O‘zbek shou biznesga omad, cho‘ntakka daromad”. Mana shu so‘zlar bilan qo‘shiqni 2019-yilda e’lon qilgan Lola bundan keyin birorta qo‘shiq chiqargani yo‘q.

Kinolar

“Sevinch” (2004-yil)

“Kelgindi kuyov” (2005-yil)

“Yondiradi, kuydiradi” (2011-yil)

“Jodugar” (2012-yil)

“Hafta artisti"ning oldingi sonlari:

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ