“Mabodo koʻrmay qolgan boʻlsangiz”: Oʻzbekcha YouTube hafta ichida

E’lon qilingan sana· 255
“Mabodo koʻrmay qolgan boʻlsangiz”: Oʻzbekcha YouTube hafta ichida

Oxirgi paytlarda YouTube’ning o‘zbek segmenti ham ancha faollashdi, kontentlar ko‘paydi. Hozir videolar shu darajaga yetdiki, ko‘rib tugatib bo‘lmaydi, hatto sifatli va mazmunlilarini ham. Hafta davomida e’lon qilingan materiallarni foydalanuvchilar keyinroq ko‘rish uchun o‘tkazib yuboradi, lekin u videoni keyinchalik eslamasligi ham mumkin. Shu munosabat bilan Afisha.uz har hafta oxirida YouTube‘da e’lon qilingan o‘zbekcha kontentlarni bir joyga to‘plab, “Mabodo ko‘rmay qolgan bo‘lsangiz” rukni ostida e’lon qilib boradi.

Podkastlar

“Davlatga dushman, xalqqa doʻst — Troll.uz asoschisi Umid Gafurov” | Bu Podcast

Bir nechta loyihalar, xususan, “Troll.uz”, “Pakapak”, “Tanish-bilish” reklama agentligi va “Tirikchilik” brendi kabilar asoschisi Umid Gafurov “Bu Podcast"da mehmon boʻldi. Mualliflar podkast davomida uning hayoti, loyihalari va rejalari haqida keng suhbatlashgan.

“Anjir podkast | 9-son | Jaloliddin Masharipov bilan suhbat

Futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Jaloliddin Masharipov Osiyo Kubogidan soʻng ilk marta ommaga koʻrinish berdi. U “Anjir podkast"da mehmon boʻlib, Osiyo Kubogidan milliy jamoa ishtiroki, penaltini amalga oshirolmagandan soʻng ichidan nimalar oʻtgani, Saudiya Arabistoni va Erondagi faoliyati, bizneslari va boshqa mavzularda gapirgan.

“Oʻzbekistonlik.Podkast #1 | Ilm vs Texnologiya: Qaysinisi boʻlmasa hayot toʻxtaydi?”

“Oʻzbekistonlik” loyihasi qoshida endi podkast ham suratga olinmoqda. Uning birinchi sonida bir nechta IT bizneslar egasi Bobir Akilxanov hamda Kolumbiya Universiteti yordamchi professori Aziza Shonazarova mehmon boʻlgan.

Suhbat davomida qahramonlarning qiziqarli karyera yo‘li hamda ularning mavzu yuzasidan fikrlari o‘rin oʻlgan.

Mualliflik videolari

“Dollar ishonchlimi? — Moliyaviy piramidalar” | “Bekipedia”

“Subyektiv” loyihasi mualliflaridan biri Bekmirza Rashidov oʻz loyihasini yuritmoqda. U bu videosida moliyaviy piramidalar qanday ishlashi haqida batafsil gapirib bergan.

“Islom dunyosidagi birinchi ayol davlat rahbari | Qora atirgul | Benazir Bhutto | U kim edi?” | “Alimoff”

Nurbek Alimov Pokistonning ilk ayol prezidenti, “Qora atirgul” nomini olgan Benazir Bhuttoning hayoti, siyosiy faoliyati haqida video tayyorladi.

“Moskvadagi teraktni Rossiyani oʻzi qildimi? | “Xuddi shunday”

22-mart kuni Rossiya poytaxti Moskva shahrida terakt sodir boʻldi. “Xuddi shunday” blogi muallifi ma’lumotlar mayda-mayda va koʻp boʻlgani uchun, eng asosiylarini bitta videoda jamlashga qaror qilgan. Bugungi video davomida voqea rivojining xronologiyasini bilib olishingiz mumkin.

“Shogun (Syogun) — 2024-yilning eng yaxshi seriali” | “Susambil”

“Shogun” 2024-yilning eng muvaffaqiyatli loyihalaridan biri boʻldi. Koʻpchilik muxlislar mazkur serialni bejizga “Taxtlar oʻyini” serialiga oʻxshatayotgani yoʻq, deydi “Susambil” muallifi Nodir Nishonov.

27-fevral sanasida “Hulu” platformasida Jeyms Klavellning romani asosida suratga olingan “Shogun” serialining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Loyihaning ilk epizodlari ommaviy axborot vositalari va tanqidchilar tomonidan iliq qarshilandi. Nufuzli Rotten Tomatoes sayti esa serialni 100% yangilik olib kirgan loyiha sifatida eʼtirof etdi. Nodir Nishonov ushbu serialning yaralish tarixi va unga asos boʻlgan kitob haqida gapirib beradi.

Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ