Xivada an'anaviy VI Xalqaro Strongmen – bahodirlar o‘yinlari boʻlib oʻtdi. Foto

Xiva shahrida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi tashabbusi hamda Xorazm viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan VI Xalqaro Strongmen — bahodirlar o‘yinlari o‘z yakuniga yetdi.

Qadimiy Ichan-qal'a va Arda Xiva turizm majmuasida o‘tkazilgan nufuzli musobaqa dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan kuchli sportchilarni bir maydonga jamladi. Uch kun davom etgan bellashuvlarda ishtirokchilar kuch, chidamlilik va mahorat bo‘yicha murakkab sinovlarda o‘z imkoniyatlarini namoyish etdilar.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston vakili Muhammadali To‘xtamatov musobaqa g‘olibiga aylandi. Ikkinchi o‘rinni Yangi Zelandiya sportchisi Tiano Dean Russel Faapoi, uchinchi o‘rinni esa Litva vakili Jokuzus Vilius egalladi.

G‘olib va sovrindorlar esdalik sovg‘alari hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Shuningdek, xalqaro turnirda qatnashgan barcha sportchilarga ham qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.