Ichan qal'adagi javohir: Xivada joylashgan Ipak muzeyiga sayohat

E’lon qilingan sana· 172
Ichan qal'adagi javohir: Xivada joylashgan Ipak muzeyiga sayohat

Oʻzbekistonning qadimiy shaharlari, xususan, Xiva shahridagi qadamjolar haqida soʻz borar ekan sayyohlarning xayoliga birinchi boʻlib Ichanqal’a majmuasi keladi. Bu yerda bir hududda juda koʻplab binolarni koʻrish, tarix qa’riga shoʻngʻish mumkin. Ammo ular orasida bir muzey borki, uni tarix va zamonaviylikni uygʻunlashtirgan deyish mumkin. Uning nomi — Ipak muzeyi.

Afisha.uz muhrarrirlari Xivaga sayohati doirasida ushbu muzeyga borib, ipak tarixi, qadimda uning roli qanday boʻlgani va bugungi kunda qanday ahamiyatga ega ekanini oʻrgandi. Quyida ushbu muzey haqida soʻz boradi.

Ipak — tabiat yaratgan eng nozik va eng hashamatli tolalardan biri. U ipak qurti ishlab chiqaradigan pilladan olinadi. Pillaning ustida qurt maxsus suyuqlik ajratadi va u qotib, ingichka, yaltiroq ipchaga aylanadi. Tarkibida asosan fibroin oqsili, seritsin yelimi hamda oz miqdorda mineral moddalar boʻlgani sababli ipak pishiq va silliq boʻladi. Shuningdek, go‘zal tovlanadi.

Muzeyga kirish narxi — 30 000 soʻm. Bu toʻrtta mahorat darsini oʻz ichiga oladi. Avvalo muzeyga kirishingiz bilan sizga choy va shirinliklar taklif etiladi. Muzey xodimlarining mehri va oʻz ishini yaxshi koʻrishi mehmonlarga qilinadigan muomiladan ham sezilib turadi.

Ushbu muzeyga tashrif buyuruvchilarga choy taklif qilinishining oʻziga xos sababi bor. Afsonalarga koʻra Xitoy yurti malikasi tut daraxti ostida choy ichib oʻtirgan vaqtda uning piyolasiga bir narsa tushadi. Malika uning nima ekanini koʻrish uchun sochiga qistirilgan toʻgʻnogʻich bilan teginadi va shu vaqtda ip choʻzilib chiqadi. Keyin esa malika turmush oʻrtogʻi uchun bu ipak ipdan bosh kiyim toʻqib beradi. Choy ichish an’anasi shu voqea bilan bogʻlanadi. Muzeyda ham tut daraxti mavjud.

Choy va shirinliklardan soʻng ipakchilikning Oʻzbekiston hududidagi tarixiga bagʻishlangan ekskursiya boshlanadi. Muzey xodimlari hammasini bir boshdan tushuntiradi. Ekskursiya davomida Xorazmda ishlatilgan ipak pullari, pilladan ipning qanday olinish jarayoni, qanday toʻqilishi, ipga qanday rang berilishi haqida ma’lumot beriladi.

Muzey xodimining qayd etishicha, ipak matosidan qilingan kiyimlar yurak urishi va qon bosimini normada ushlab turishga, nafas olishning yaxshilanishiga yordam beradi.

Mahorat darslari muzeyga kirish narxiga qoʻshilgan boʻlib, bepulga pilladan ip chiqarish, adras matosini toʻqish, gilam toʻqish va sharf boʻyash kabi jarayonlarda ishtirok etish mumkin. Bularning barchasida muzey xodimlari siz bilan hamrohlik qiladi, muhim texnikalarini tushuntiradi va oʻrgatadi.

Ta’kidlanishicha, bir kunda muzeyga 15−20 nafar odam tashrif buyuradi. Shuningdek, 40 dan ortiq davlatlardan kelgan mehmonlar 5 oy davomida mahorat darslarida qatnashib, kichik gilamcha toʻqigan. Unga “Xalqlar doʻstligi” nomi berilgan.

Ichan qal’ani aylanib yurar ekanmiz, bu muzeyga tasodifan duch keldik, katta kutilmalarsiz kirdik. Ammo yakunda takrorlanmas xotiralar va hislar bilan chiqdik.

Material Turizm qoʻmitasi bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Arina Melnichuk
Fotosuratchi
Arina Melnichuk
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Zamonaviylikka yo‘g‘rilgan tarix: Arda Xivaga sayohat

Majmuaning “Arda Xiva” nomi “port shahri” deb tarjima qilinadi, bu hududning joylashuvidan kelib chiqqan. Qayd etilishicha, bir vaqtlar bu yerda, Xiva yaqinida Amudaryo o‘zani o‘tgan, hatto bu o‘zan Kaspiy dengiziga quyilgan, degan ma’lumotlar ham uchraydi. Bugungi kunda Amudaryodan bu yerda bir nechta yirik ko‘llar qolgan.

Ichan qal'adagi javohir: Xivada joylashgan Ipak muzeyiga sayohat — Toshkent Afishasi