O‘zbekiston sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha top-7 davlat qatoriga kirdi

E’lon qilingan sana· 38
O‘zbekiston sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha top-7 davlat qatoriga kirdi

O‘zbekiston 2025-yilning yanvar-sentyabr oylarida xorijiy sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha dunyo miqyosida eng yuqori o‘sish qayd etilgan yetti davlat qatoriga kirdi. Bu haqda Butunjahon turizm tashkiloti (BMT Turizm) tomonidan e’lon qilingan tahliliy ma’lumotlarga tayanib, Turizm qoʻmitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, mamlakatga tashrif buyurgan xalqaro turistlar oqimi 2019-yil darajasiga nisbatan 73 foizga oshgan. 2025-yilning dastlabki to‘qqiz oyida O‘zbekistonga kelgan xalqaro turistlar soni esa 2024-yilga nisbatan 13 foizga oshgan, natijada mamlakat Yevropa mintaqasida eng yuqori o‘sish qayd etgan top-4 turistik yo‘nalishlar qatoriga kiritilgan.

Bundan tashqari, BMT Turizm hisobotida qayd etilishicha, 2025-yil yanvar-sentyabr oylarida jahon bo‘yicha xalqaro sayohatlar hajmi o‘rtacha 5 foizga oshib, global turizm pandemiyadan keyingi barqaror tiklanish bosqichiga kirgan.

2025-yilda Oʻzbekiston turistlar oqimi boʻyicha o‘z rekordlarini yangiladi: dastlabki 11 oyda 10,7 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, aprel oyidan boshlab esa tarixda birinchi marta har oyda milliondan ortiq sayyoh kelmoqda. Turistik xizmatlar eksportidan olingan daromadlar esa 4,4 milliard dollardan oshgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling