Zulfiqor Musoqov, Munisa Rizayeva, Jenisbek Piyazov: o‘zbek mediasidagi mashhur qarindoshlar (2-qism)

Chegara bilmas narsalar qatoriga ushbu ro‘yxatni ham qo‘shish mumkin. Navbatdagi jamlanmamiz ham o‘zbek san’ati va sahnasida faoliyat yuritayotgan, bir-biriga qarindosh insonlar haqida hikoya qiladi.
Kaniza va Murodjon Ahmedov
Asl ismi Shahrizoda Ahmedova bo‘lgan xonanda o‘zbek estradasida buvisining ismidan ilhomlanib, Kaniza taxallusi bilan tanilgan. U O‘zbekiston xalq artisti Murodjon Ahmedovning nabirasi hisoblanadi. Murodjon Ahmedov deganda ko‘pchilikning ko‘z oldiga “O‘tkan kunlar” filmidagi “O‘rtar” qo‘shig‘ini kuylagan hofiz gavdalanadi. U nafaqat hofiz sifatida, balki “Tohir va Zuhra”, “Alpomish”, “Ravshan va Zulhumor”, “Gul va Navzo‘r” kabi filmlarda bosh qahramon rollarini ijro etgan aktyor sifatida ham mashhurdir. Shuningdek, “Bu oqshom”, “O‘rtar”, “Toza lutf”, “Bayot”, “Nasri uz zol”, “Buxoro irog‘i” kabi maqom yo‘llari va katta ashulalarni mahorat bilan ijro etgan.
Kaniza esa 2008-yilda “Nihol” mukofoti sovrindori bo‘lgan. U o‘ziga xos uslubi va sahnadagi xarizmasi bilan ajralib turadi. Xonandaning “Hammasi”, “Navbat sizga yetdi”, “Hammasigayam”, “O‘yla mani” kabi ko‘plab qo‘shiqlari muxlislarga manzur bo‘lgan. Avvalroq uning “Yana-yana” nomli yangi qo‘shig‘i haqida ham xabar bergan edik.
Jenisbek Piyazov va Akilbek Piyazov
O‘zbekiston xalq artisti, Qoraqalpog‘iston xizmat ko‘rsatgan artisti, opera xonandasi Jenisbek Piyazov va “Nihol” mukofoti sovrindori Akilbek Piyazov aka-uka san’atkorlardir.
Jenisbek Piyazov bas ovoz sohibi bo‘lib, nafaqat O‘zbekiston opera sahnasida, balki jahon opera maydonlarida ham yuksak ijrochilik mahoratini namoyish etgan. U “Sevilyalik sartarosh”, “Marvarid baliqchilari”, “Don Xuan”, “Yuliy Sezar”, “Yevgeniy Onegin”, “Figaroning uylanishi”, “Maysaraning ishi”, “Husayn Boyqaro” kabi operalardan ariyalarni mahorat bilan kuylagan.
Akilbek Piyazov esa Italiyaning Milan shahrida joylashgan dunyoning eng nufuzli opera teatri sanalgan La Scala sahnasida ijro etuvchi xonandalardan biri hisoblanadi.
Saida Rametova va Aziz Rametov
O‘zbek kinosida o‘zining munosib o‘rniga ega ijodkorlardan biri — Saida Rametova mahoratli aktrisa va mehribon onadir. Uning ikki nafar o‘g‘li bor bo‘lib, ulardan biri — Aziz Rametov ota-onasi singari san’at yo‘lini tanlagan. Saida Rametova O‘zbekiston kinematografiyasi oltin fondida saqlanayotgan koʻplab kartinalarda bosh rollarni ijro etgan. 23-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan unga O‘zbekiston xalq artisti unvoni berildi.
Aziz Rametov esa rejissyor, aktyor va qo‘shiqchi sifatida tanilgan. Uning ommaga tanilishiga sabab bo‘lgan rol 2007-yilda Ayub Shahobiddinov tomonidan suratga olingan “O‘tov” filmidagi Javohir obrazi bo‘lgan. Shundan so‘ng u yana ko‘plab filmlarda ishtirok etgan va qo‘shiqlar muallifi sifatida ham o‘z ijodini davom ettirmoqda.
Ogʻabek Sobirov va Anvar Sobirov
Xorazm lazgisini maromiga yetkazib kuylovchi sanoqli xonandalardan biri — Og‘abek Sobirovdir. U O‘zbekiston xalq artisti va Tojikiston xalq hofizi faxriy unvonlariga sazovor bo‘lgan. San’atkorning ko‘plab qo‘shiqlari va popurilari xalq orasida sevib tinglanadi.
Og‘abek Sobirovning ukasi Anvar Sobirov ham xuddi o‘zi kabi xushovoz xonanda va aktyordir. Uni o‘zbek tomoshabinlari asosan “Jiyda guli” teleserialidagi Anvar obrazi orqali taniydilar. Mazkur serial uchun yaratilgan saundtrek esa xonandaning ijodida alohida o‘rin tutadi.
Munisa Rizayeva va Karima Rizayeva
Oʻzbek pop estradasining eng yorqin va energiya boy vakili Munisa Rizayeva serqirra ijodkor sifatida tariflanadi. U oʻzing xit taronalari bilan birgalikda filmlardagi rollari bilan ham mashhur. “Firibgar”, “Hay-hay qizaloq”, “Aql va yurak”, “Salom, Natasha”, “Nafs” singari kinolardagi turli obrazdagi rollarni ijro etgan. Muniza Rizayevaning oʻziga xos uslubi va ovoz sohibsi boʻlib, uning “Ey samo”, “Ayrilma yor” nomli qoʻshiqlari chiqishi bilanoq xitga aylangan. Xonandaning soʻnggi yillardagi “Oka”, “Unutay”, “Aka makasi” kabi qoʻshiqlari ham top chartdan oʻrin egallab kelmoqda. Munisaning opasi va singlisi boʻlib, opasi media sohasidan biroz yiroq va dizaynerlik bilan shugʻillanadi. Singlisi Karima Rizayeva esa opasinig ta’siri doirasi katta auditoriyaga tanilgan. U Londonda media va jurnalistika sohasida tahsil olgan va hozirgi kunda Instagramdagi oʻz sahifasini faol yuritib keladi.
Zulfiqor Musoqov va Timur Musoqov
Zulfiqor Musoqov zamonaviy o‘zbek kinosining eng mashhur rejissyorlaridan biri. Musoqovning filmlari samimiyligi, sodda lekin ta’sirchan voqealari bilan tomoshabinlar qalbiga yaqin. “Abdullajon”, “Osmondagi bolalar”, “Yaratganga shukur”, “Kichkina tabib” kabi kartinalari orqali u nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro miqyosda ham tanilgan. Rejissyor o‘z ijodida milliy an’ana va qadriyatlarni zamonaviylik bilan uyg‘unlashtirib, o‘zbek kinosining yangi bosqichini shakllantirishga katta hissa qo‘shgan. Uning oʻgli Timur Musoqov “Osmondagi bolalar” filmidagi Baxtiyor obrazi orqali tanilshga ulgurgan. U otasining kasb yoʻlini davom ettirib rejissyorlik va aktyorlik bilan shugʻullanib kelmoqda. Uning rejissyorligi ostida “Bekatdagi odam” va “Osmon yaqin” filmlar suratga olingan.
Otabek Muhammadzohid va Gulsanam Mamazoitova
Takrorlanmas ovoz sohiblari hisoblanuvchi aka-singil xonandalar Otabek Muhammadzohid va Gulsanam Mamazoitova oʻzbek estradasining yorqin vakillaridir. Ularning otalari Fargʻonalik hofiz Mamadali Mamazoitov boʻlgan. Estrada xonandasi, bastakor va shoir Otabek Muhammadzohid dilga yaqin qoʻshiqlari bilan tanilgan. Uning soʻnggi qoʻshiqlaridan “Sendakasi yoʻq” boshqa koʻplab qoʻshiqlari kabi xit darjasiga chiqdi. U singlisining ilk ustozi boʻlib, Oʻzbekistonda xalq artisti Gulsanam Mamazoitova oʻzining ilk xonandalik yillaridanoq xalq nazariga tushgan san’atkordir. Uning nafaqat yakkaxon qoʻshiqlari balki koʻplab ustoz san’atkorlar bilan kuylagan duetlari mavjud.
Lutfulla Sa’dullayev va Maqaddas Sa’dullayeva
O‘zbekiston xalq artisti Lutfulla Sa’dullayev ijro etgan rollari samimiyligi bilan inson qalbiga yaqin bo‘lib kelgan. U faoliyati davomida 200 ga yaqin spektaklda esda qolarli obrazlar yaratgan. Shuningdek, kino va videofilmlar hamda televizion miniatyuralarda ijro etgan rollarining soni 500 dan oshadi. Uzoq yillik ijodiy faoliyati davomida aktyor o‘z hayoti, ijodi, ustozlari va marhum hamkasblari haqidagi xotiralarini “Qismat”, “O‘kinch”, “Meni kechir” nomli kitoblarida jamlab, nashr ettirgan.
Lutfulla Sa’dullayevning turmush o‘rtog‘i — O‘zbekiston xalq artisti, mahoratli aktrisa Gulchehra Sa’dullayeva. Ularning ikki qiz va bir oʻgʻil farzandi bor bo‘lib, ulardan biri — Muqaddas Sa’dullayeva ota-onasining ijodiy yo‘lini davom ettirib, yosh va iqtidorli aktrisalar safida tanilgan.
Muhammad Uzoqov va Alisher Uzoqov
Alisher Uzoqov ustazoda san’atkor bo‘lib, uning otasi aktyor Muhammad Uzoqov, onasi esa aktrisa Shohida Uzoqova hisoblanadi. Bundan tashqari, Muhammad Uzoqov taniqli mumtoz qo‘shiqlar xonandasi Mamurjon Uzoqovning o‘g‘li. Alisher Uzoqov yoshligidan san’at muhitida ulg‘ayib, aktyorlikka qiziqib kelgan. Keyinchalik O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida tahsil olib, aktyorlik va rejissyorlik mahoratini mukammal o‘rgangan.
U ko‘plab filmlar, seriallar va teatrlashtirilgan sahna asarlarida ishtirok etib, o‘zining turfa qirralari bilan tomoshabinlar e’tiborini qozongan. Alisher Uzoqov ayniqsa “Janob hech kim”, “Zamonaviy sovchilar”, “Tundan tonggacha” kabi kinofilmlardagi rollari bilan keng tanilgan. Shuningdek, u rejissyor sifatida ham faoliyat yuritib, bir nechta filmlar suratga olgan va o‘zining ijodiy qarashlarini namoyish etgan.
Rixsi Ibrohimova va Nasiba Ibrohimova
Rixsi Ibrohimova va Nasiba Ibrohimova — O‘zbekistonda san’at va madaniyat sohasida faoliyat yuritib kelayotgan iste’dodli san’at vakillari va koʻpchilik uchun ustoz boʻlgan opa-singillardir. Ularning har ikkisi ham o‘z yo‘nalishida tomoshabinlar mehrini qozongan. Teatr va kino aktrisasi, Oʻzbekiston xalq artisti oʻzbek san’atida oʻzining unutilmas rollari bilan xalqning sevimli ijodkori boʻlib kelmoqda. Nasiba Ibrohimova ham san’at maydonida faol ishtirok etib, mahoratli notiq va jurnalist sifatida tanilgan.
Yodgor Saʼdiyev, Lola Ahmedova, Husniddin Xoliqov: o‘zbek mediasidagi mashhur qarindoshlar (1-qism)
Afisha.uz oʻzbek mediasidagi qarindoshlar roʻyxati bilan sizni tanishtiradi.