"Kutib oʻtirish emas, harakat qilishni tanladik": Instagram blogerlari nega ommaviy kino olishni boshladi?

E’lon qilingan sana· 86
"Kutib oʻtirish emas, harakat qilishni tanladik": Instagram blogerlari nega ommaviy kino olishni boshladi?

Oxirgi paytlarda Instagram’dagi vaynlari orqali tanilgan blogerlarning katta kino va seriallar suratga olishi urfga aylanyapti. Xususan, Mitti.me jamoasi “Lag‘mon”, “Chumoli"lar “Do‘st”, “Bek_vines” jamoasi “Qurtlagan olma” filmlarini, Umid va Zebo Rahimova esa “Student” serialini suratga oldi. Ushbu ijod namunalari nafaqat onlayn platformalarda, balki kinoteatrlarda ham namoyish etilmoqda.

Afisha.uz muxbiri bir qator blogerlar va ijodkorlar bilan suhbatlashib, nega Instagram blogerlar kino olishni boshlagani bilan qiziqdi.

“Odamlarni hayratga solish qiyinlashyapti”

Ulug‘bek Shodibekov, Mitti.me jamoasi a’zosi:

Menimcha, odamlar borgan sari vaqtning qadriga yeta boshlayapti. Shanba-yakshanba kunlari dam olish, o‘zi va yaqinlariga vaqt ajratish kerakligini tushunmoqda. Shu bilan birga, blogerlar ham rivojlanyapti va auditoriya talabiga qarab, kontent taqdim etishga harakat qilyapti.


Ulug‘bek Shodibekov

Bizning jamoa ham boshida 15 sekundlik videolar olgan bo‘lsa, keyin bir daqiqalik vaynlarga o‘tdik. Hatto Instagram formatida 17 daqiqagacha bo‘lgan mini filmlar ishladik. Shu kungacha jami 5000 dan ortiq roliklar oldik. Instagram’da qilishimiz kerak bo‘lgan ishni bajardik, deb o‘ylayman. Hozir odamlarni yanada ko‘proq hayratga solish qiyinlashib boryapti. Shuning uchun boshqa maydonga o‘tishimiz kerak edi. Tajribalar ta’sirida kino darajasiga chiqishga qaror qildik hamda “Kasha”, “Lag‘mon” nomli filmlarni suratga oldik.

Tan olish kerak, vayn yoki qisqa rolik bir marta ko‘rilib, keyin unutilish ehtimoli katta. Kino esa yillar davomida tomoshabin yodida qoladi. Bitta film 15−20 yildan keyin ham ko‘rilishi mumkin. To‘g‘ri, birinchi ishlarimiz darrov shunday darajaga chiqmaydi. Lekin yaxshi g‘oya, mehnat va imkoniyat bo‘lsa, katta natijaga erishish oson kechadi.

Blogerlarning kino olayotganini normal holat, deb bilaman. Lekin kino faqat blogerning o‘zi bilan qilinmaydi. Uning ortida o‘z ishining professionallari bo‘lishi kerak: grimyor, rassom, kostyumer va operator ham o‘z vazifasini puhta bajarishi shart. “Hammasini o‘zim qilaman”, degan yondashuv bilan yaxshi kino olib bo‘lmaydi.

Bizning filmlarda ham kamchiliklar juda ko‘p. Operatorlik, texnik va boshqa tomonlarda xatolarimiz bor. Buni o‘zimiz ham yaxshi bilamiz. Lekin eng muhimi — mehnat va natija. Nazarimda, blogerlar va kino sohasidagi professionallar birlashsa, yaxshi mahsulotlar yaratish imkoniyati katta.

“Tomoshabinni jarlikka yetaklamaslik kerak”

Jasur Rustamov, “Chumoli” jamoasi a’zosi:

Ochig‘ini aytish kerak, Instagram’da ijod qiladiganlar o‘zini keyingi bosqichda sinab ko‘rishni, qo‘lidan nima kelishini isbotlashni xohlayapti. Buning yana bir sababi — kino bozorida katta bo‘shliq borligi. Talab katta, lekin taklif yetarli emas. Hozir biror bloger “biz zo‘r rejissyormiz” yoki “biz zo‘r kinochilarmiz”, deb da’vo qilmayapti. Shunchaki shu bo‘shliqni o‘zbek filmlari bilan to‘ldirishga urinib ko‘ryapti.


Jasur Rustamov

Menimcha, Instagram’da qisqa rolik ko‘rishga o‘rgangan auditoriya uchun katta filmlarni qabul qilish boshida biroz qiyin kechadi. Lekin odamlarda film ko‘rish madaniyati hali saqlanib qolgan. Prokatda Nolanning “Odisseya"si, “Oʻrgimchak odam” yoki boshqa filmlar chiqsa, odamlar hali ham kinoteatrlarga boryapti. Demak, qiziqish bor. Blogerlar tomonidan yaratilayotgan kinolarni ham auditoriyaga singdirish bosqichma-bosqich bo‘ladi. Eng nozik masalalardan biri esa monetizatsiya. Tomoshabin filmni pul to‘lab ko‘rishga qay darajada tayyorligi ham vaqt o‘tishi bilan shakllanadi.

Kino sohasidan xabari bo‘lmagan insonlarning ham kino olishga harakat qilayotganiga ijobiy qarash kerak. Chunki ularning ham o‘z haqiqati bor: “Film yo‘q ekan, men harakat qilib ko‘raman”, deyishyapti. Hech kim ideal emas, ular ham asta-sekin o‘rganishi mumkin. Lekin bu yerda oltin o‘rtalikni topish kerak: tomoshabinni ham jarlikka olib ketmasligi lozim. Chunki kino — shunchaki ko‘ngilochar mahsulot emas. U mafkura, madaniyat va g‘oyani ham anglatadi.

Men ularga faqat bitta narsani maslahat bergan bo‘lardim: bilmagan va tushunmagan mavzularingizga aralashmanglar. Avvalo mavzuni tushunish, keyin uni kino orqali tomoshabinga taqdim etish kerak.

“Shunchaki trend yoki xayp emas”

Baxodir Rahimov, “Chumoli” jamoasi a’zosi:

Nazarimda, Instagram blogerlarining katta kino olishga o‘tishi shunchaki trend yoki xayp ortidan bo‘layotgani yo‘q. Har bir ijodkor tomoshabinlarga yanada sifatli va qiziqarliroq narsalar taqdim qilishni xohlayapti, asosiy maqsad shu. Kinoning qancha umr ko‘rishi esa ijodkorning o‘ziga bog‘liq.


Baxodir Rahimov.

Instagram’da bir-ikki daqiqalik reels ko‘rishga o‘rgangan tomoshabinning katta hajmdagi filmni qabul qilishi, albatta, nisbatan qiyinroq bo‘ladi. Chunki Instagram boshqa, kino boshqa olam. Kino ko‘rish uchun odam oldindan tayyorlanadi, ishlarini chetga surib, maxsus vaqt ajratadi. Instagram’ni esa ko‘pincha yo‘l-yo‘lakay, bo‘sh vaqtda ko‘rib ketaveramiz.

Kinoning yaxshi tomoni ham shunda: Instagram’da bir g‘oya haqida qisqa gapirishga to‘g‘ri kelsa, kinoda shu g‘oyani ancha keng ochish mumkin. Agar film qiziqarli bo‘lsa, tomoshabin unga vaqt ajratadi, sabri yetadi va oxirigacha ko‘radi, deb o‘ylayman.

“Kutib o‘tirish emas, harakat qilishni tanladik”

Zebo Rahimova:

O‘zim professional aktrisaman, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida o‘qiganman. Rejissyorlardan xohlagan rolimni kuta-kuta charchadim. Qachongacha kimdandir rol kutib yashaymiz? Shuning uchun kutib o‘tirish emas, harakat qilishni tanladik. Boshqa hamkasblarim ham shu yo‘ldan ketayotganidan juda xursandman.


Zebo Rahimova.

Blogerlarning kino va seriallar olayotganini ham sog‘lom raqobat deb bilaman. Albatta, tomoshabin solishtiradi: “Buniki yaxshiroq, uniki yomonroq”, deydi. Lekin aynan shu raqobat katta o‘sishga sabab bo‘ladi. Raqobat bor ekan, o‘sish ham davom etadi.

To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, men Instagram’dagi vaynlarimdan serialimizga nisbatan ancha ko‘proq daromad topaman. “Student” serialiga bir yilga yaqin vaqtimiz ketdi: ssenariy, syomka, montaj, dublyajigacha. Shu vaqt ichida men vaynlar orqali ancha ko‘proq pul topishim mumkin edi. Lekin biz professional ish qilishni xohladik.

Biz uchun asosiy maqsad — tomoshabinni kinoteatrlarga jalb qilish va uni sifatli mahsulot ko‘rishga o‘rgatish. Odamlar kontent uchun mablag‘ ajratib, uni ko‘rish normal holat ekanini tushunishi kerak, deb o‘ylayman.

“Pul topish uchun kino olayotganimiz yo‘q”

Senur:

To‘g‘risini aytsam, hozirgi bozorimizda kinodan katta pul topish qiyin. Shuning uchun blogerlarning kino olayotganini daromad bilan bog‘lamayman. Menimcha, media sohasidagi eng yuqori nuqta — kino. Chet elda ham YouTube blogerlari va kontent yaratuvchilar kino olyapti. Biz ham ijoddagi keyingi bosqich sifatida shu cho‘qqiga chiqishni xohlayapmiz.


Senur.

Odamlar bizni ko‘proq hazilomuz va yengil obrazlarda ko‘rishadi. Kino orqali esa “biz bu ishni ham qila olamiz”, degan narsani ko‘rsatishni istaymiz. “Tajribasizlar sohaga kirib kelyapti” degan tanqidlarga jiddiy bog‘lanib qolmayman. Biz kinoni pul topish uchun qilayotganimiz yo‘q. Shunchaki imkoniyatimiz borligini ko‘rsatmoqchimiz. G‘oya paydo bo‘lsa, uni amalga oshirishga harakat qilamiz.

Hozir tomoshabinning kontent qabul qilish psixologiyasi ham o‘zgargan. Ayniqsa, karantindan keyin odamlar qisqa roliklarga ko‘proq o‘rgandi. Shuning uchun kino ssenariylarida ham tomoshabinni birinchi daqiqalardanoq qiziqtirish kerak, deb o‘ylayman. Ilgarigidek birinchi yarim soat davomida qahramonlarni tanishtirib o‘tirish emas, intrigani ertaroq berish muhim. Tomoshabinni “keyin nima bo‘ladi?” degan savol bilan filmni davom ettirishga undash kerak, deb hisoblayman.

“Sog‘lom raqobat boshlandi”

Umid Zakirov:

Blogerlarning katta kino olayotgani soha rivoji uchun ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, deb o‘ylayman. Eng muhimi, sog‘lom raqobat boshlandi. Ular badiiy kengashlar yoki kimningdir tasdig‘ini kutib o‘tirmasdan, o‘z imkoniyatlarini ko‘rsatyapti. Ilgari hatto qisqa metrajli filmni chiqarish uchun yillab vaqt ketardi. Hozir esa yoshlar filmlarini bemalol namoyish qilib, tomoshabinga yetkazyapti va bu ko‘pchilikka yoqyapti.


Umid Zakirov.

Bir-ikki daqiqalik reels’larga o‘rgangan tomoshabinni uzunroq kontentga asta-sekin o‘rgatish kerak. Biz o‘zimiz ham bu borada qiynalyapmiz. Instagram’da uch daqiqalik cheklov bor, lekin biz 10−15 daqiqalik videolar qilishni xohlaymiz. Buning uchun harakat qilyapmiz va ishonamanki, vaqt o‘tishi bilan bunday kontent ham odatiy bo‘lib qoladi.

“Kino — blogerlar uchun yangi bosqich”

Moʻmin Ibrohimov (Mominlive):

Menimcha, blogerlarning kino sohasiga kirib kelishi ijobiy jarayon. Albatta, yaxshi kino bo‘lsa, bu soha rivojiga hissa qo‘shadi. Hozir kino olayotgan blogerlarning ko‘pchiligi bugungacha o‘qib, o‘rganib, ijtimoiy tarmoqlarda yillab mehnat qilgan. Shuning uchun ularga imkoniyat berilganini ijobiy qabul qilaman. Kinematografiya agentligi tomonidan ham blogerlarga sharoit yaratilayotgani bu jarayonni yanada rag‘batlantiryapti.


Moʻmin Ibrohimov (Mominlive).

Blogerlarning bir paytda kino sohasiga o‘tayotganining sababi — ular ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum bir bosqichga yetib bo‘ldi. Ko‘pchiligi 8−9 yildan beri Instagram va boshqa platformalarda ishlab, o‘z auditoriyasini shakllantirgan. Endi kino ular uchun yangi bosqich, yangi pog‘ona. Internetda o‘z auditoriyasini to‘plagan bo‘lsa, kino orqali ham yangi tomoshabinlarni jalb qilishi mumkin.

“Kino sohasi va tomoshabin uchun foydali”

Sarvar Karimov, kino rejissyor:

Blogerlarning ommaviy ravishda kino olayotganiga ijobiy qarayman. Bu o‘sishdan dalolat beradi. Ular Instagram’da bir, uch daqiqali videolar orqali tajriba orttirib, endi kattaroq filmlarga qo‘l uryapti. Bu, avvalo, o‘zbek kinosi va tomoshabin uchun foydali.

Sarvar Karimov.

Albatta, yangi ijodkorlar orasida kamchiliklar yoki xatolar bo‘lishi mumkin. Lekin umumiy hisobda bu kino sanoati uchun foydali. Filmlar va studiyalar qancha ko‘paysa, sog‘lom raqobat va mavzular xilma-xilligi shuncha ortadi. Bundan eng ko‘p yutadigan esa tomoshabin.

Blogerlarning hammasini “o‘qimagan”, deb baholash ham to‘g‘ri emas. Ularning ko‘pchiligi san’at sohasida ta’lim olgan, rejissyorlik, operatorlik yoki aktyorlik bo‘yicha diplomi bor. Ayrimlari ijodni Instagram’dan boshlagan, xolos. Diplomi bo‘lmagan taqdirda ham, ustoz ko‘rgan, professionallardan maslahat olgan bo‘lishi mumkin.

Menimcha, ijod sohasida diplomning o‘zi hal qiluvchi omil emas. Asosiysi — ishtiyoq va iste’dod. Albatta, shifokor, huquqshunos yoki iqtisodchi uchun maxsus ta’lim shart. Ijodda esa insonning qobiliyati va mehnati ham muhim o‘rin tutadi.

Afisha.uz avvalroq “Chumoli” jamoasi tomonidan ishlangan “Doʻst”, “Mitti.me” jamoasining “Lagʻmon” va “Bek_vines” jamoasining “Qurtlagan olma” filmi premyeralaridan reportajlar tayyorlagandi.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov

Ayol qadri haqida film: "Qurtlagan olma" psixologik trilleri premyera qilindi

Instagram’da ijod qiluvchi “Bek_vines” jamoasi “Qurtlagan olma” nomli ilk filmini suratga oldi. Psixologik triller-drama janridagi filmda xotin-qizlarni qadrlash, kechirish va zo‘ravonlikka befarq bo‘lmaslik mavzulari ko‘tarilgan. Afisha.uz muxbiri premyeradan reportaj tayyorladi.

“Haqiqiy do‘stni ajrata olishga undaydi”: “Chumoli” jamoasining “Do‘st” filmi premyera qilindi

Instagram’dagi ijodi bilan tanilgan “Chumoli” jamoasi “Do‘st” nomli ilk filmini suratga oldi. Unda do‘stlik, hasad va insonlar o‘rtasidagi munosabatlar haqida hikoya qilinadi. “Oliy maqsadimiz — o‘zbek kinosini qo‘limizdan kelgancha jonlantirish”, — deydi jamoa mualliflari. Afisha.uz muxbiri film premyerasidan reportaj tayyorladi.

100 ming dollarlik “Lag‘mon”. Mitti.me jamoasi suratga olgan film premyerasidan reportaj

O‘zbekistondagi taniqli blogerlar jamoasi Mitti.me “Lag‘mon” nomli yangi filmini suratga oldi. 24-may kuni O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyi (Panorama)da mazkur kartina premyerasi bo‘lib o‘tdi. Afisha.uz muxbirlari ushbu taqdimotda qatnashib, reportaj tayyorladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
"Kutib oʻtirish emas, harakat qilishni tanladik": Instagram blogerlari nega ommaviy kino olishni boshladi? — Toshkent Afishasi