“Bolalikdagi orzular haqida”: Alisher Uzoqov rejissyorlik qilgan “Chempion” filmi premyerasidan reportaj

E’lon qilingan sana: · 118
“Bolalikdagi orzular haqida”: Alisher Uzoqov rejissyorlik qilgan “Chempion” filmi premyerasidan reportaj

O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida 1-oktyabr kuni “Chempion” badiiy filmining premyerasi bo‘lib o‘tdi. Alisher Uzoqov rejissyorlik qilgan kartina namoyishiga ko‘plab taniqli san’atkorlar va tomoshabinlar tashrif buyurdi. Afisha.uz muxbiri premyeradan reportaj tayyorlab, film ijodkorlari bilan suhbatlashdi.

“Bolalar kinosiga yangi qadam”

Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedovning aytishicha, Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tomonidan bir yil avval boshlangan loyihalar o‘z samarasini bera boshladi. U “Chempion” filmini shu jarayonning dastlabki natijalaridan biri sifatida baholadi.

“Ko‘p yillardan beri bolalar uchun filmlar deyarli ishlanmay kelgan bir sharoitda turli yoshdagi bolalar va o‘smirlar uchun badiiy filmlar paydo bo‘lishining o‘zi jiddiy qadam. Buni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak”, — deydi u.

Jahongir Ahmedov film suratga olingan paytda Bolalar kontentini rivojlantirish markaziga rahbarlik qilgani uchun loyihaning ishlab chiqarish jarayonini yaqindan bilganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bolalar kinosi uzoq yillar davomida yetarlicha ishlanmagani sababli sohada aktyor bolalar va dublyaj maktabi ham to‘liq shakllanmagan.

“Shu film bahonasida bolalarning aktyorlik va dublyaj maktabiga asos soldik. Bugun filmda bolalarimiz nafaqat rollarni ijro etdi, balki o‘z qahramonlariga o‘zlari ovoz ham berishdi”, — deydi Ahmedov.

Uning fikricha, “Chempion” O‘zbekistonda bolalar uchun kontent yaratishga mo‘ljallangan kengroq industriyaning dastlabki mahsulotlaridan biri bo‘lishi mumkin.

“Biz farzandimiz uchun uni qilayapmiz, buni qilayapmiz, deymiz. Lekin farzandimiz o‘zi nimani xohlaydi, uning qalbida nima bor, degan savollar ham bo‘lishi kerak. Bugungi film shu haqda”, — deydi u.

“Chempion” loyihasi Sport vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan. Film byudjetining 50 foizi vazirlik tomonidan moliyalashtirilgan, qolgan qismi esa Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tomonidan qo‘shimcha mablag‘lar jalb qilish orqali shakllantirilgan. Ammo Ahmedov filmga qancha mablag‘ sarflanganini ochiqlamadi.

Uning qayd etishicha, sportga jalb qilish va bolalar orzulari mavzusida e’lon qilingan tanlovga sakkizta loyiha kelib tushgan. Alisher Uzoqovning “Chempion” g‘oyasi g‘olib deb topilgan.

“Bolalikdagi orzular haqida”

Rejissyor Alisher Uzoqovning bolalar uchun mo‘ljallangan ilk filmi hisoblangan “Chempion"da 40−50 nafar bola bilan ishlashga to‘g‘ri kelgan. Uzoqovning aytishicha, bu jamoa zimmasiga katta mas’uliyat yuklagan.

“Biz bu juda qiyin bo‘ladi, deb o‘ylagandik. Chunki kamida 40−50 nafar bolaning mas’uliyatini o‘z zimmamizga olib, suratga olish jarayoniga chiqib ketgandik”, — deydi u.

Biroq bolalar uchun zarur sharoitlarning yaratilishi syomka jarayonini ancha yengillashtirgan. Bolalarning xavfsizligi, ovqatlanishi, yotib-turishi va boshqa ehtiyojlari ta’minlangani jamoaga asosiy e’tiborni ijodiy jarayonga qaratish imkonini bergan.

Bundan tashqari, film uchun kasting bir necha bosqichda o‘tkazilgan. Natijada nafaqat futbol o‘ynay oladigan, balki aktyorlik mahoratiga ega bolalar ham tanlangan. Shu sababli suratga olish jarayonida kadrlar, epizodlar va dubllar bilan bog‘liq jiddiy qiyinchiliklar kuzatilmagan.

Alisher Uzoqov OAVga bergan intervyusida film byudjetini ochiqlashni istamadi.

Rejissyorning aytishicha, “Chempion"ning asosiy g‘oyasi bolalikdagi orzular va ularga yetishish yo‘li haqida. Uning fikricha, har bir insonning bolalikdagi orzusi bo‘ladi va bu hayotdagi eng samimiy istaklardan biri. Filmda qahramonlarning ana shu orzusi hamda unga erishish jarayonidagi to‘siq va qarshiliklar ko‘rsatiladi.

“Film bolalikdagi orzu haqida”, — deydi rejissyor.

Film saundtreki uchun dastlab bir nechta nomzod ko‘rib chiqilgan. Alisher Uzoqovning aytishicha, yosh va iste’dodli xonanda Afruzaning jonli ijro qila olishi ham uning nomzodini tanlashda muhim omil bo‘lgan. Natijada qo‘shiqning mazmuni va kayfiyatiga eng mos ijrochi sifatida Afruza tanlangan.

Bosh rollarni o‘ynagan bolalar qanday fikrda?

Sherozbek Shamsiddinov, Bilol roli ijrochisi:

Bu mening bosh roldagi birinchi filmim hisoblanadi. Aktyorlik bo‘yicha besh yoshimdan beri tahsil olaman, futbol bilan esa besh yildan beri shug‘ullanaman. Shu sababli kasting vaqtida umuman hayajonlanmadim. Suratga olish jarayonida ham deyarli qiyinchilik bo‘lmadi. Alisher Uzoqov va ijodiy jamoadagi barcha ustozlar qiyinchiliklarni yengib o‘tishimizga katta yordam berishdi. Ustoz san’atkorlar bilan ishlash ham men uchun yaxshi tajriba bo‘ldi.

Film odamlarga motivatsiya beradi. Chunki Bilol kambag‘al oiladan chiqqan bola. U o‘z orzusi yo‘lida kurashadigan, mard va irodali insonga aylanadi. Shu jihati bilan u haqiqiy qahramon.

Muhammadali Mirfozilov, Sardor roli ijrochisi:

Birinchi marta kinoda rol o‘ynadim. Kastingda ham ilk bor ishtirok etdim va birinchi urinishdayoq saralandim. Sinov paytida hayajon kuchli kechdi. Alisher Uzoqov hamda tajribali san’atkorlar bilan ishlash ham biz uchun katta maktab bo‘ldi. Ularni birinchi marta ko‘rganimizda hayron qoldik. Biz bir sahnani ikki-uchta dublda chiqarsak, ular ba’zi sahnalarni bir dubldayoq mukammal ijro etishardi. Ularga qarab, biz ham o‘rganishga harakat qildik.

Film tengdoshlarim va bolalarga eng avvalo, o‘z orzusidan voz kechmaslikni o‘rgatadi. Inson o‘z orzusi yo‘lida davom etishi, boshqalarning gap-so‘zlariga ortiqcha e’tibor bermasdan, to‘g‘ri maqsad sari oldinga qadam tashlashi kerak. “Chempion” men uchun ham, tomoshabinlar uchun ham orzular ortidan borish haqidagi film.

“70 yoshimda bolalar bilan do‘stlashish hayolimga kelmagan”

Farhod Abdullayev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:

Bolalar bilan ishlash qiyin, degan gaplar bekor gap. Agar bolalarni yaxshi ko‘rsangiz, ishlash juda maroqli. Men ham bu filmdagi bolalar bilan juda yaqin og‘ayni bo‘lib ketganman. Hozirgina ko‘rdingiz, birga rasmga tushdik. 70 yoshimda bunday bolalar bilan do‘stlashaman, deb o‘ylamagandim. Juda mazza qilib ishladim.

Filmning mavzusi ham juda yaxshi tanlangan. Agar mening ixtiyorimda bo‘lganida, tomoshaga har bir bolani bobosi bilan birga olib kelardim. Chunki bu film bolalarning orzusi, futbolga bo‘lgan qiziqishi va shu orzuning amalga oshishi haqida. Uni ko‘rgan bobolar ham nabiralarini qo‘llab-quvvatlagisi, stadionlarga olib borgisi kelib qolar. Filmda bolalikdagi orzu va unga erishish yo‘li juda yaxshi ko‘rsatilgan.

“Chempion” tufayli Amerikaga ham borib keldim. U yerdagi premyeralarda vatandoshlarimizning filmni ta’sirlanib, ko‘zlariga yosh olib ko‘rayotganini ko‘rdim. Mening ham ko‘zimga yosh keldi. Filmda insonni jimirlatadigan, ta’sirlantiradigan shunday joylar bor. Bolalar bilan ishlab, juda yaxshi taassurotlar oldim.

“Alisher Uzoqov va jamoasi yaxshi taassurot qoldirdi”

Shohida Ismoilova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:

Menimcha, bunday filmlar juda kerak. Ilgari ota-onalar farzandining kelajakda qaysi kasbni tanlashini o‘zlari belgilab qo‘yardi: “o‘qituvchi bo‘lasan”, “shifokor yoki hamshira bo‘lasan”, deyishardi. Farzandning o‘zi nimani xohlayotgani esa ko‘pincha e’tibordan chetda qolardi.

Bugun zamon o‘zgardi. Bola hayoti va kelajagini o‘zi tanlaydi. Uning tanlovi o‘z qo‘lida. Bu film ham aynan bolalarga o‘z orzusi va tanlovi uchun imkoniyat berish haqida. Shuning uchun filmdagi kichik epizod rolimni ham mamnuniyat bilan ijro etdim. Ssenariy ham juda chiroyli yozilgan.

Rejissyor Alisher Uzoqov va uning ijodiy jamoasi ham menda yaxshi taassurot qoldirdi. Suratga olish maydonidagi ijodiy muhit, aktyorlarga e’tibor va jarayonning aniq tashkil etilgani meni juda qoniqtirdi. Film ijodkorlariga muvaffaqiyat tilayman.

Eslatib o‘tamiz, Afisha.uz muxbirlari “Chempion” filmining Bo‘stonliq tumanining Sijjak qishlog‘ida bo‘lgan tasvirga olish jarayonlarida qatnashib, reportaj tayyorlagan edi.

Film uchun chiptalarni Afisha.uz orqali xarid qilish mumkin.

Muallif: Mirolim Isojonov

Alisher Uzoqov va Afruza “Kurashamiz” nomli duetini e’lon qildi

Tarona tez orada katta ekranlarga chiqishi kutilayotgan Alisher Uzoqov rejissyorligidagi “Chempion” badiiy filmining rasmiy saundtreki hisoblanadi.

AQShda “Chempion” filmining maxsus premyerasi bo‘lib o‘tdi

AQShning Filadelfiya shahrida o‘zbek kinosining yangi loyihasi — “Chempion” badiiy filmining maxsus namoyishi bo‘lib o‘tdi. Premyera Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashayotgan o‘zbek oilalari va yosh tomoshabinlarni bir joyga jamladi.

“Tomoshabinda g‘urur uyg‘otadi”. Alisher Uzoqovning “Chempion” filmi qanday suratga olinyapti? Reportaj

Alisher Uzoqov OAV vakillarini “Chempion” filmining syomka maydonchasiga taklif qildi. Afisha.uz muxbirlari ham Bo‘stonliq tumanining Sijjak qishlog‘ida bo‘lgan tasvirga olish jarayonlarida qatnashib, reportaj tayyorladi. 

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling