Sovrinli o‘yinlar, blogerlar bilan videolar va Samarqandga sayohat: MrBeast'ning O‘zbekistonga tashrifi qanday o‘tdi?

E’lon qilingan sana: · 145
Sovrinli o‘yinlar, blogerlar bilan videolar va Samarqandga sayohat: MrBeast'ning O‘zbekistonga tashrifi qanday o‘tdi?

Dunyodagi eng mashhur yutuberlardan biri MrBeast O‘zbekistonga tashrifi davomida Toshkentda muxlislari uchun sovrinli musobaqa o‘tkazdi, Samarqandda esa uni minglab odamlar kutib oldi. Uning mamlakatga safari haqida CNN telekanali ham o‘zining Instagram sahifasida video e’lon qildi. Afisha.uz blogerning tashrifiga oid xabarlarni bir joyga jamladi.

9-oktyabr kuni amerikalik bloger va xayriyachi Jimmi Donaldson (internetda MrBeast nomi bilan tanilgan ijodkor) Markaziy Osiyoga ilk safari doirasida O‘zbekistonga keldi. YouTube’da 520 milliondan ortiq obunachiga ega bloger katta byudjetli videolari, g‘ayrioddiy musobaqalari va yirik pul mukofotlari bilan mashhur.

Uning O‘zbekistonga tashrifi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etildi. Blogerning safari davomida Toshkentda ommaviy tadbir o‘tkazildi, Samarqandda muxlislar bilan uchrashuv bo‘ldi. Shuningdek, MrBeast’ning ijodiy jamoasi mamlakatning bir nechta hududida videolar uchun tasvirga olish ishlarini olib bordi.

300 million so‘mlik mukofot

9-oktyabr kuni Toshkentdagi Zamonaviy san’at markazida MrBeast ishtirokida ommaviy tadbir bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvga borish uchun ro‘yxatdan o‘tgan 232 254 nafar talabgor orasidan tasodifiy tanlov asosida 200 kishi saralab olindi.

Tadbir interaktiv o‘yinlar va viktorinalar shaklida tashkil etildi. Ishtirokchilar dastlab maxsus platformadagi savollarga javob berdi. Birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan 10 kishi keyingi bosqichga yo‘l oldi. Unda ham savollarga javob bergan uch nafar finalchi so‘nggi shartni bajarish uchun yashil maydonga chiqdi.

  • false
  • false
  • false
  • false
  • false

MrBeast markaz tashqarisida yig‘ilgan minglab yosh muxlislariga o‘zining Feastables brendi ostidagi shokoladlarini tarqatdi.

Tadbirda bloger va uning jamoasi tasvirlangan katta devoriy surat ham namoyish etildi. Unda ijodkorlarning O‘zbekistonga safari, jumladan, Samarqand va Xorazmga borgani aks etgan.

Samarqandda blogerni minglab muxlislar o‘rab oldi

Toshkentdagi tadbirdan keyin MrBeast 10-oktyabr kuni Samarqandga bordi. Registon maydonida uni ko‘rish uchun kelgan minglab yoshlar blogerni qurshab oldi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda odamlar oqimi sababli harakatlanish qiyinlashgani aks etgan.

MrBeast ham Instagram sahifasidagi videolarida vaziyatga munosabat bildirdi. U O‘zbekistondagi muxlislarining faolligi va sonidan hayratlanganini aytib, bu darajadagi qiziqishni kutmaganini ta’kidladi.

“Rostini aytsam, O‘zbekiston men ko‘rgan eng ashaddiy muxlislar bazasiga ega ekan. Bu aql bovar qilmas holat. Biz hatto yo‘ldan ham o‘ta olmayapmiz. Menimcha, bu yerda mingdan ortiq odam bor, ular mashinamiz ortidan ergashib kelishyapti. Qarang, qancha odam?!” — deydi u.

Blogerning so‘zlariga ko‘ra, jamoa harakatlanishi uchun militsiya xodimini chaqirishga to‘g‘ri kelgan. U shuningdek, xavfsizlik xizmati rahbari vaziyatdan xavotirga tushganini aytdi.

“Men bu yerda bo‘lishim bilan mamlakatga juda ko‘p stress keltirayotgan bo‘lishim mumkin. Balki ketishimizga to‘g‘ri kelar”, — deydi MrBeast videoda.

12-oktyabr kuni CNN telekanali ham o‘zining Instagram sahifasida blogerning O‘zbekistonga tashrifi haqida video e’lon qildi. Unda Samarqanddagi olomon, xavfsizlik bilan bog‘liq qiyinchiliklar va blogerning boshqa shaharlarga borish rejalari haqida so‘z yuritilgan. Reportajda mahalliy xabarlarga tayanib, katta olomon uning boshqa shaharlarga safarlarini bekor qilishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxmin ham keltirildi. CNN izoh olish uchun Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasiga murojaat qilgan.

Jamg‘arma esa blogerning O‘zbekistondagi ish jadvali oldindan kelishilganini, dasturdagi birorta band bekor qilinmaganini va uning jo‘nab ketish sanasi avvaldan belgilanganini ma’lum qildi. O‘sha kuni MrBeast rafiqasi bilan tezyurar poyezdda Toshkentga qaytib, mamlakatga tashrifini yakunlagan.

Mahalliy blogerlar bilan videolar

O‘zbekistonda bo‘lgan vaqtida MrBeast mahalliy ijodkorlar bilan ham hamkorlik qildi. U _littos, dudoshli, ozodmalik kabi o‘zbekistonlik Instagram blogerlari bilan videolar suratga oldi.

MrBeast mahalliy ijodkorlarga ular bilan birga olingan videolar 10 million layk to‘plasa, roliklarni hamkorlikda e’lon qilishini aytdi. Bu shart o‘zbekistonlik kontent yaratuvchilarining auditoriyasini xalqaro miqyosda kengaytirish imkoniyatini berishi mumkin.

MrBeast’ning tashrifi faqat Toshkent va Samarqand bilan cheklanmadi. U AQSHga qaytganidan keyin, ijodiy jamoasi Buxoro va Xorazmda tasvirga olish ishlarini davom ettirdi. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ma’lum qilishicha, O‘zbekistonning jami to‘rtta hududida olingan kadrlar blogerning kelgusida e’lon qilinadigan videolaridan birida foydalaniladi. Toshkentda namoyish etilgan devoriy surat ham shu loyihaga bag‘ishlangan.

MrBeast’ning tashrifi mamlakatdagi raqamli kontent yaratuvchilari uchun ham e’tiborli voqea bo‘ldi. Jamg‘arma mazkur tashrif kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, raqamli industriyalarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro media tajribasini mintaqaga olib kirishga xizmat qilishini bildirgan.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov

MrBeast bilan uchrashuv

Toshkentda dunyoning eng mashhur YouTube blogeri MrBeast bilan uchrashuv bo‘lib o‘tadi.

Dunyodagi eng mashhur YouTube bloger MrBeast Toshkentga keladi

“MrBeast” nomi bilan tanilgan Jimmi Donaldson O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi taklifiga binoan O‘zbekistonga tashrif buyuradi.

Hafta yulduzi: MrBeast

Tasavvur qiling, siz oddiy shartlarni bajarish orqali bir necha ming dollar yutib olishingiz mumkin. Ba’zida esa shartlar aql bovar qilmas darajaga chiqishi mumkin, shunga mutanosib ravishda pul mukofoti ham ortadi. Bunday o‘yinlar hozir YouTube’da odatiy holga aylanib qoldi, ammo bu trendni boshlab bergan, uni butunlay boshqa darajaga olib chiqqan va butun boshli video-kontent sanoatini o‘zgartirib yuborgan bir inson bor. Uning ismi — Jimmi Donaldson. Internet olami uni MrBeast nomi bilan taniydi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling