“Tashkilotchiga jinoiy ish ochilgan”. Shohrux "Ummon"ning Buxorodagi qoldirilgan konserti haqida

E’lon qilingan sana: · 135
“Tashkilotchiga jinoiy ish ochilgan”. Shohrux "Ummon"ning Buxorodagi qoldirilgan konserti haqida

“Ummon” guruhining iyul oyida Buxoroda qoldirilgan konserti bo‘yicha tashkilotchiga nisbatan jinoiy ish ochildi. Ammo shunga qaramay, jamoa buxorolik muxlislari uchun bepul konsert berishni rejalashtirmoqda. Bu haqda guruh a’zosi Shohrux 10-oktyabr kuni xonanda Izzat Shukurovning konsertida Afisha.uz muxbiriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Shohruxning aytishicha, joriy yilda guruhning viloyatlardagi konsertlari muxlislar tomonidan yaxshi kutib olingan.

“Xulosalar, albatta, ijobiy. Har bir viloyatda juda chiroyli kutib olishdi. Eng qizig‘i, gastrollarimizni o‘tkazib kelganimizdan keyin yana taklif qilishyapti. Yaqinda Termizga ikkinchi marta tashrif buyurdik. Xudo xohlasa, 30-oktyabr kuni Farg‘onaga ham ikkinchi marta boramiz”, — deydi u.

Guruh Toshkentdagi yangi konsertini taxminan 2027-yil 8-may kuni o‘tkazishni mo‘ljallamoqda. Biroq aniq sana hali belgilanmagan. Jamoa yangi qo‘shiqlar va sahnaviy yechimlar ustida ishlamoqda.

“Hozir ikkita qo‘shiq ustida ishlayapmiz. Bundan tashqari, shu hafta klip suratga olishni rejalashtirganmiz. Konsertda ko‘plab yangiliklar bo‘ladi. Xudo xohlasa, Toshkentda, umuman, O‘zbekistonda hali bo‘lmagan sahnani namoyish etmoqchimiz”, — deydi Shohrux.

U 17-iyul kuni Buxoroda o‘tkazilishi kutilgan konsert nima sababdan qoldirilganiga ham izoh berdi. Shohruxning so‘zlariga ko‘ra, ushbu holat bo‘yicha tashkilotchiga nisbatan jinoiy ish ochilgan. Xonanda jamoa sahnaga chiqishga tayyor bo‘lgani, biroq kelishilgan shartlar bajarilmagani sababli konsertda ishtirok etmaganini ta’kidladi.

“Eski ish bo‘yicha tashkilotchiga jinoiy ish ochilgan, u hali yopilmagan. Biz o‘sha yerda sahnaga chiqishga tayyor edik, lekin har bir ishning o‘z shartlari va prinsiplari bor. Shu shartlar bajarilmagani uchun sahnaga chiqa olmadik”, — deydi u.

Shohrux Buxoroda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan bepul konsertni mahalliy muxlislar uchun syurpriz deb atadi.

“Buxoroda katta bepul konsertimiz bo‘ladi. Bu buxorolik muxlislar uchun syurpriz. Bu yangilikni hali hech qayerda aytmagan edik”, — deydi guruh a’zosi.

Muallif: Mirolim Isojonov

“Ummon baribir ummonde”. “Ummon”ning Humo Arena’dagi konserti qanday o‘tdi? Reportaj

O‘zbek estradasining taniqli guruhlaridan biri “Ummon” 19-may kuni Humo Arena’da yakkaxon konsertini namoyish qildi. 10 yillik tanaffusdan so‘ng jamoa vakillari: Zohid va Shohrux ishtirokida o‘tgan “Sog‘inganim mani” nomli dasturda hit taronalar ijro etildi. Afisha.uz muxbirlari konsertdan reportaj tayyorladi.

“Konsertda Jasurning ovozi ham yangraydi”. “Ummon” guruhi konsertga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda?

10 yillik tanaffusdan so‘ng “Ummon” guruhi 19-may kuni “Humo Arena"da yakkaxon konsert dasturini taqdim etmoqda. Jamoa vakillari: Zohid va Shohrux “Sog‘inganim mani” nomli dasturidan oldin 17-fevral kuni jurnalistlar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazdi. Savollarga asosan, Shohrux javob berdi. Unda Afisha.uz muxbiri ham qatnashib, eng muhim savol-javoblarni bir joyga jamladi.

Hafta artisti: "Ummon" guruhi

Bugun bolalikka, yoshlikka qaytamiz. Oʻsha paytlarda bu guruhning ashaddiy muxlisi boʻlganlarning koʻpi hozir oila, bola-chaqa, turmush tashvishlari bilan yuribdi. Vaqtida esa ular oʻzbek shou biznesini yangi darajaga koʻtargan yigitlarning musiqasini tinglashgan. Bugun oʻsha vaqtlarga – bolalik va yoshlikka qaytamiz. Afisha.uz'ning "Hafta artisti" rukni "Ummon" guruhi haqida boʻladi. 

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling