“O‘tkan kunlar” romanini o‘qimasdan Kumush rolini o‘ynaganman" — Gulchehra Jamilova

O‘zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilova “O‘tgan kunlar” filmidagi Kumush obrazini yaratishda onasidan ilhomlangani, suratga olish jarayonidagi xotiralari va gonorari haqida gapirdi. U bu haqda 24-oktyabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan “Oltin globus” taqdirlash marosimi doirasida Afisha.uz muxbiri bilan suhbatda so‘zlab berdi.
“Afsuski, buni avvallari aytishga uyalardim: „O‘tgan kunlar“ romanini o‘qimasdan rolni ijro etganman. Faqat Sobir Muhamedov yozgan ssenariyga tayanganman. Ssenariyni o‘qishim bilanoq onamni ko‘z oldimga keltirganman”, — deydi Gulchehra Jamilova.

Aktrisaning aytishicha, onasining muloyimligi va odamlar bilan yaxshi muomala qilishi Kumush obrazini yaratishda unga ilhom bergan. U volidasining fe’l-atvori va munosabatlarini qahramon obraziga singdirgan.
“Onam dorixonada ishlardi. Bizga hech qachon baqirmagan, qarg‘amagan, urishmagan. Ovozi juda muloyim, hammaga yaxshi muomala qilardi. Kumush rolini o‘ynayotganimda har bir holatda onam ko‘z oldimga kelardi”, — deydi u.

Film suratga olinayotgan paytda Jamilovaning farzandi chaqaloq edi. Qattiq qishda bolasini uyda qoldirish qiyin bo‘lgani uchun onasi unga yordam bergan. Kinostudiyada onasi va farzandi uchun alohida kichik xona ajratilgan. Onasi kun bo‘yi nabirasiga qarab, kechqurun aktrisani uyiga olib borib qo‘yar, ertasi kuni yana studiyaga kelardi.
“O‘sha paytda hozirgidek “pampers"lar yo‘q edi. Kerakli narsalarning hammasini o‘zimiz bilan olib borardik. Onam bolamga qarab o‘tirardi. Kechqurun meni uyimga olib borib qo‘yar, keyin o‘z uyiga ketar, ertasi kuni yana kelardi. Filmni shunday sharoitda suratga olganmiz”, — deya xotirladi aktrisa.

Suhbatda Gulchehra Jamilova “O‘tgan kunlar” filmi uchun olgan gonorari haqidagi savolga ham javob berdi. Uning ta’kidlashicha, gonorar unchalik katta bo‘lmagan, biroq mashhur aktyorlar bilan birga ijod qilish imkoniyati uning uchun puldan ko‘ra qadrliroq edi.
“O‘tgan kunlar” mening birinchi filmim emasdi, undan oldin ham kinolarda suratga tushganman. Gonorar unchalik katta bo‘lmagan. Qaynonam o‘shanda “Bir „Volga"ning pulini olsangiz kerak“, degandi. Lekin men uchun eng katta gonorar — Razzoq Hamroyev, Hamza Umarov, O‘lmas Alixo‘jayev, Maryam Yoqubova, Abbos Bakirov kabi buyuk aktyorlar bilan birga ijod qilganim. Ular bilan bir joyda ishlashning o‘zi men uchun katta boylik edi. Buning o‘rnini hech qanday pul bilan to‘ldirib bo‘lmaydi”, — deydi Gulchehra Jamilova.
Avvalroq, Gulchehra Jamilova “Oltin globus” xalqaro kino mukofotining “Meridian” nominatsiyasiga loyiq ko‘rilgani haqida xabar berilgandi.
Gulchehra Jamilova "Madaniyat va san’at fidokori" koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi
O‘zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilova 80 yillik tavalludi munosabati bilan "Madaniyat va san’at fidokori" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Bu haqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
"Oʻtkan kunlar", "Shaytanat", "Abdulla Oripov": Gulchehra Jamilovaning e'tiborga molik rollari
Kino va teatr akstrisasi boʻlgan Gulchehra Jamilova oʻzining turfa xil rollari bilan koʻplab muxlislar mehrini qozongan. Koʻpchilik uni "Oʻtkan kunlar"dagi Kumush yoki "Shaytanat" serialidagi Asadbekning xotini deb biladi. Ammo aktrisaning boshqa rollari ham e'tibor qaratishga arziydi. Bugun, 2-iyul kuni aktrisa 79 yoshga toʻldi. Afisha.uz ushbu maqolada Gulchehra Jamilovaning e’tiborga molik rollari haqida ma’lumot beradi.