"Age game": "Kalmar oʻyini" qahramonlari aslida nechi yoshda?

E’lon qilingan sana· 423
"Age game": "Kalmar oʻyini" qahramonlari aslida nechi yoshda?

Oxirgi yillarning eng muvaffaqiyatli seriallaridan biri — shubhasiz, “Kalmar oʻyini”. Birinchi fasldagi kutilganidan ortiq muvaffaqiyatdan soʻng “Netflix” uni keyingi qismlarini yana ikki faslga boʻlib chiqarishga qaror qildi. 2024-yil oxirida 2-fasl e’lon qilindi, ehtimol uni koʻrib boʻlgandirsiz, eng kamida uning atrofidagi shov-shuvni eshitgan boʻlib chiqasiz. 2025-yilda esa yakuniy 3-fasl premyera qilinadi.

Ikkinchi faslni tomosha qilgan kolumnistimiz Nodirabegim Ibrohimova u haqda fikrlarini yozgan, yana bir muallifimiz — Mirjalol Qosimov (bu men) esa serialning yakunida muhim boʻlib chiqishi mumkin boʻlgan, ammo e’tibordan chetda qolgan ba’zi jihatlarga toʻxtalib oʻtgan. Azimbek Xushmamatov esa bosh qahramon Li Jon Jening boshqa e’tiborga molik rollarini bir joyga jamlab, agar bu loyiha yoqqan boʻlsa koʻrishingiz mumkin boʻlgan “Kalmar oʻyini"ga oʻxshash film va seriallarni ham yigʻib chiqqandi. Bu mavzu “sovumasdan” yana bir material tayyorlashga qaror qildik, bunisi serialdagi aktyorlarning yoshi haqida boʻladi. Shunday ekan, tayyor turing, bu material hayratlarga boy boʻlishi mumkin.

Demak, “Mingle” oʻyinidagi (2-fasl, 5-seriya) “Round and Round” qoʻshigʻini fonga qoʻyib olgan boʻlsangiz, boshlasak ham boʻladi. Agar bu qoʻshiq tun-u kun xayolingizda chiqmayotgan boʻlsa (xuddi muallifdek), siz allaqachon tayyorsiz.


Tanos, T.O.P

Ikkinchi faslning yangi va eng esda qolarli obrazi. Sharlatanlarga aldanib, bitkoin savdosidan kuygan mashhur reper rolini ijro etgan ushbu aktyor aslida ham juda mashhur qoʻshiqchi. Asl ismi Choi Syon Hun boʻlgan reper koʻpchilikka T.O.P taxallusi bilan tanish. U yigitlardan iborat “Big Bang” “k-pop qirollari” jamoasida qoʻshiq kuylagan, hozir u guruhda emas. Ekranda yosh koʻringan reper aslida 37 yoshda.

Oʻyinga taklif qiluvchi personaj, Gong Yu

Metro, kostyum-shim kiygan, qoʻlida portfeli bor oʻrta yoshli xushbichim erkak. Yoningizga keladi va koʻk va qizil kartochkalar uzatib, maxsus oʻyin oʻynashni taklif qiladi. Oʻyindan keyin sizga tashrif qogʻozi tashlab ketadi. Uyogʻini esa oʻzingiz bilasiz. Shu aktyorning asl ismi Gong Yu va u 45 yoshda.

Gi Hun, Lo Jon Je

456-raqamli oʻyinchi, 1-fasl gʻolibi, serialning bosh qahramoni Gi Hun. Uni koʻp tariflash shart emas. Li Jon Je — 52 yoshda. Kutganmidingiz?! Agar aktyorning boshqa rollari ham qiziq boʻlsa, mana shu havola orqali u suratga tushgan filmlarni topishingiz mumkin.

In Ho, Li Byon Hun

3

1-faslda niqob ostida boʻlgan, ikkinchisida esa 001 raqami bilan asosiy rolga chiqqan In Ho yakunda muhim personaj ekanini serial yakunida bildik, u haqda e’tibordan chetda qolgan ba’zi narsalarni ham yozdik. U ancha mashhur aktyor, koʻpchilik uni “Taqdir oʻyini (Va-bank)” serialidagi roli bilan eslaydi. 001 raqamli ishtirokchi hozirda 54 yoshda.

Gi Hunning yaqin doʻsti, Li Seong Hvan

1-mavsumda Gi Hun bu oʻyinga tushishidan oldin nimalar qilib yurgani esingizda boʻlsa kerak? Oʻshanda doʻsti ham yonida boʻladi, u 1-fasldagi oʻyinlarda oʻynamaydi. 2-faslda esa ular oʻyin maydonida uchrashib qolishadi va ular doim bir jamoa boʻlib oʻynaydi. 390-raqamli ishtirokchi hozirda 51 yoshda.

Kang Se Byok, Jung Ho Yon

Ko‘pchilikning sevimlisi va birinchi mavsumning asosiy qahramonlaridan biri. Aktrisaning yoshi 30 da.

Kim Jun Hi, Cho Yu Ri

Oʻyinlarga homilador holida ham qoʻshilishga majbur boʻlgan qizni eslaysizmi? Uning asl ismi Cho Yu Ri boʻlib, u hozirda 23 yosh.

Il Nam, O Yon Su

1-faslning 001 raqamli ishtirokchisi va favqulodda muhim shaxs. Bu otaxonning hozirgi yoshi 80da.

Qariya ayol, Kan E Sim

Loyiha ijodkorlari har bir faslga bittadan qariya boʻlishini maqsad qilgan, shekilli, bu safar oʻgʻlini qarzlarini yopish uchun keladigan ona obrazi ham qoʻshilgan. Kan E Sim 61 yoshda.

Bak Yong Sik, Yan Don Guan

Yuqoridagi ayolning beqaror oʻgʻli. 45 yoshda.

Fotosuratlar manbasi.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov