Oldin va hozir: “Telba” filmi aktyorlari 17 yil ichida qanchalik o‘zgardi?

Rejissyor Ayub Shaxobiddinov tomonidan suratga olingan “Telba” filmi 2008-yilda premyera qilingan bo‘lib, unda Rustam ismli kambag‘al yigitning Robiya ismli boy xonadon qizini sevib qolishi va sevgi tarixi haqida hikoya qilinadi. Film ssenariysini Yolqin To‘ychiyev yozgan.
Syujetga ko‘ra, yigit ko‘chada xonim sotib, shu orqali onasi va singlisini boqadi. Qiz esa nufuzli universitet talabasi, o‘z mashinasi bor va hashamatli uyda yashaydi. Ular tasodifan tanishib qolishadi, qiz buni jiddiy qabul qilmaydi. Yigit uning sevgisini qo‘lga kiritishiga qat’iy ishonadi, shu sababli uni barcha telba deb ataydi.
Afisha.uz oradan 17 yil o‘tib “Telba” jamoasining hozirgi faoliyatiga nazar tashlaydi — aktyorlarning bugungi hayoti, ijodiy yo‘nalishidagi o‘zgarishlar va film ularga qanday yangi eshiklar ochgani haqida qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etadi.
Ulug‘bek Qodirov
Filmda telbanamo yigit Rustam rolini ijro etgan aktyor Ulug‘bek Qodirov hozirda 42 yoshda. U uzoq yillik tanaffusdan so‘ng, 2024-yildan beri yana o‘zbek filmlarida suratga tushishni boshlagan.
O‘z ijodiy faoliyatini 2001-yilda “Ayol zoti” epizodik serialidagi roli bilan boshlagan aktyor 2000−2010-yillar o‘zbek kinosan’atining eng taniqli namoyondalaridan biriga aylandi. U 50 dan ortiq kinoloyihalarda ishtirok etdi.
Qodirov so‘nggi yillarda bir qancha yirik loyihalarda suratga tushishga ulgurdi. Jumladan, u rejissyor Shohruh Rasulovning “Uch qahramon”, Akbar Bekturdiyevning “O‘zbek arsloni” va Rahimjan Kaldikozning “Azartnik” badiiy filmlarida rol ijro etdi.
Dilnoza Kubayeva
Dilnoza Kubayeva bugungi kunda mamlakatning eng taniqli aktrisalaridan biri sanaladi. U o‘zining yorqin xarizmasi, kuchli dramatik mahorati va turfa obrazlarni ishonarli talqin etishi bilan millionlab tomoshabinlar mehrini qozongan. San’atkor “Telba” filmida Robiya obrazini yaratgan.
2007-yildan O‘zbek milliy akademik drama teatrida ishlab keladi. 2010-yil “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni, shu yilning o‘zida “Eng ulug‘, eng aziz” respublika ko‘rik tanlovida 2-o‘rin bilan, 2012-yil “Shuhrat” medali va 2021-yil “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” kabi mukofotlar va estalik nishonlari bilan taqdirlandi.
Bugungi kunda ham Dilnoza Kubayeva sahna va ekranlarda faol. U katta konsert loyihalari, teatr spektakllari, seriallar va filmlarda muntazam suratga tushib kelmoqda. Shuningdek, aktrisa ijtimoiy hayotda ham faol bo‘lib, turli madaniy tashabbus va xayriya loyihalarida ishtirok etadi.
Indira Bilolova
Indi taxallusi bilan tanilgan aktrisa va xonanda Indira Bilolova 2000-yillar o‘zbek kinosining yorqin va umidli yulduzlaridan biri edi. U “Romeo va Juletta”, “Telba” va “Feride” kabi filmlarda suratga tushgan.
Uning “Sevgi”, “Sevadi”, “Dunyo”, “Aytolmayman” hamda Abduvali Rajabov bilan kuylagan “Muhabbat qissasi” duyeti xit bo‘lgan. Indi bir qancha yirik loyihalardan keyin ekranlarda ko‘rinmay qoldi.
2017-yilda italiyalik erkakka turmushga chiqqan va hozirda oilasi bilan Rimda yashaydi. O‘tgan vaqt ichida u Rim universitetida rejissyorlik yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olgan. Ijodkor ko‘p sonli muxlislarining savollariga javob berar ekan Toshkentga qachondir qaytishini ma’lum qilgan.
Alisher Uzoqov
O‘tgan o‘n yilliklar o‘zbek kinosining eng yorqin yulduzlaridan biri, deyarli har bir kinosi katta qiziqish uyg‘otgan va foyda keltirgan aktyor Alisher Uzoqov filmda ikkinchi darajali qahramon Mo‘min rolini ijro etgan. 41 yoshli aktyor hozir asosan prodyuserlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda.
Uzoqov bir necha yillik tanaffusdan so‘ng televideniyedagi faoliyatiga qaytib, Zo‘rTV kanalida The Cover Up loyihasini yo‘lga qo‘ydi. Ushbu ko‘rsatuv 5-mavsumdan iborat bo‘ldi va ularning to‘rttasida aktyorning o‘zi boshlovchilik qildi.
U, shuningdek, so‘nggi yillarda “Kuzda gullagan daraxt”, “Hayotda” va “Muzlagan” kabi filmlarda turli obrazlarda ko‘rinish berdi. Serqirra ijodkor 2025-yil sentyabr oyida o‘zining navbatdagi “Oshiqman” qo‘shig‘i va unga ishlangan klipni ham taqdim etdi.
Jamshid Asadov
Aktyor Jamshid Asadov filmda Rustamning yaqin do‘sti Alisher rolini ijro etgan. Uning qahramoni Ulug‘bek Qodirov personajini telba deb ataydi va do‘stini turli vaziyatlarda himoya qiladi.
U aynan “Telba” filmidan keyin bir muddat ekranlarda ko‘rinmay qoldi. Aktyorning o‘zi holatni quyidagicha izohlagan: “Yaxshi rejissyorlar chiqmadi, shunga ozgina tanaffus oldim”.
Shundan so‘ng aktyor 2018-yilda suratga olingan “Maqsad” filmidagi bosh roli bilan yana kinoga qaytdi. Kinoda taniqli aktrisa Shahzoda Matchonova ham rol o‘ynagan. Asadov 2022-yilda premyera qilingan “Ofitser 55” serialida ham asosiy qahramon rolini ijro etdi.
Shohida Ismoilova
Filmda Rustamning onasi rolini ijro etgan aktrisa Shohida Ismoilovani koʻpchilik “Qirq togʻoraning qirq nogʻorasi” serialidan yaxshi taniydi. Aktrisa 1999-yili “Andijon bahori” xalqaro teatrlar festivalida “Kunduzsiz kechalar” spektaklidagi Soliha roli uchun “Eng yaxshi ayol roli ijrochisi” nominatsiyasi boʻyicha gʻolib deb topilgan.
Ijodiy faoliyatini 1980-yilda O‘zbek davlat drama teatrida boshlagan va u yerda aktrisa 20 dan ziyod obrazlar yaratgan. 1987-yildan to hozirgi kunga qadar O‘zbek milliy akademik drama teatrida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Shohida Ismoilova 2010-yili Oʻzbek milliy akademik drama teatri qoshidagi “Tasanno” bolalar teatr studiyasini tashkil qilgan. 6 yoshdan 15 yoshgacha boʻlgan bolalar ushbu studiyada mashgʻulot olib boradilar. Studiya faoliyati davomida “Qorboboni qutqaring”, “Qarsildoq”, “Bayram sarguzashtlari”, “Elchigul”, “Buratino” kabi asarlarni sahnalashtirgan.
Ubaydulla Omon
Filmda Robiyaning otasi rolini ijro etgan aktyor Ubaydulla Omon hozirda 77 yoshda. Manbalarga ko‘ra, uning sahnadagi ilk qadamlari 1962-yil Buxorodagi Sadriddin Ayniy nomli viloyat teatrida ommaviy sahnalarda ijro etgan rollaridan boshlangan.
Ubaydulla Omon faoliyati davomida O‘zbekiston xalq artisti unvoniga sazovor bo‘lgan va “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan. Hozirda Buxoro viloyati musiqali drama teatri rejissyori bo‘lib ishlayapti.
O‘zbekiston milliy ensiklopediyasida Ubaydulla Omonga quyidagicha ta’rif berilgan: “Har bir janrning sahna chizgilarini mohirona topa bilish, tomoshabinga inson dunyosi, uning ichki kechinmalari, qarashlarini yorqin bo‘yoqlarda yetkazish Ubaydulla Omon ijodiga xos”.
Ra’no Yarasheva
Robiyaning onasi rolini o‘ynagan aktrisa Ra’no Yarasheva ayni vaqtda 64 yoshda. O‘z faoliyati 23-yoshida — 1984-yilda boshlagan aktrisa hozirda 20 dan ortiq turli xil janrlardagi sahna ko‘rinishlari va kinofilmlarda rol ijro etgan.
Ra’no Yarasheva “Mehrobdan chayon”, “Sohibqiron” va “Uvaysiy” tarixiy fimlardagi rollari bilan o‘zbek xalqi orasida tanila boshlaydi. Bugungi kungacha aktrisa 20dan oshiq film va spektakllarda ishtirok etgan.
O‘zining aktrisalik faoliyati orqali 1999-yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlanadi. Hozirgi kunda, ijodkor, o‘z faoliyatini O‘zbek milliy akademik drama teatrida davom ettirmoqda.
Rixsitilla Abdullayev
Aktyor va teleboshlovchi Rixsitilla Abdullayev 1978-yil 5-aprelda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U Mannon Uyg‘ur nomidagi San’at institutida “Drama va kino aktyorligi” yo‘nalishida tahsil olgan va teatr sahnasida 1999-yildan boshlab faoliyat yurita boshlagan. 2010-yilda “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Rixsitilla Abdullayev kinematografiya olamida ham faol va ko‘p qirrali ijodkor sifatida tanilgan. 2005-yilda suratga olingan “Kelgindi kuyov” filmida Suyunbek rolini ijro etgan — bu film uning ommaviy tanilishida muhim rol o‘ynagan. Shuningdek, u “Kaminaning oilasi” teleserialidagi asosiy roli orqali muxlislar mehrini qozongan.
Aktyor 2002-yilda taniqli aktyor Yoqub Ahmedovning qizi Nodira Ahmedova (Abdullayeva)ga uylangan va ularning 3 nafar farzandi bor. U san’at va televideniye sohasida tajribali ijodkor sifatida faoliyatini davom ettirmoqda va yosh aktyorlar uchun namunali ustoz bo‘lib xizmat qilmoqda.
Feruza Sabitova
“Telba"da Robiyaning opasi Mahbuba rolini ijro etgan aktrisa Feruza Sabitova hozir 45 yoshda. U yoshligida Buxorodagi musiqa maktabida o‘qigan. Keyinchalik esa Toshkent davlat san’at oliygohida tahsil olgan.
Sobitova kinoga 1996-yilda “Amir Temur” filmidagi epizodik roli bilan kirib kelgan bo‘lsa-da, tomoshabinlarga asosan Shoxruxning “Bolaligim” nomli klipidagi obrazi bilan tanilgan.
Bugungi kunda aktrisa novellalarda faol ravishda suratga tushmoqda. Shuningdek, teleshoularda ham doimiy mehmon sifatida ishtirok etadi. U Instagram’da 100 mingdan ortiq obunachiga ega.
Saundtrek
Film musiqalarini Ubaydulla Karimov bastalagan. Uning ijodiy bisotida “Fotima va Zuhra”, “Majruh”, “Bo‘rilar” va “Yondiradi, kuydiradi” filmlari uchun ishlangan mashhur musiqalar ham bor.
Rasmiy saundtrekni xonanda Indi ijro etgan bo‘lib, u “Sevgi” deb nomlanadi. “Ovoz. O‘smirlar” loyihasi ishtirokchisi Maryam ushbu qo‘shiqni yangicha talqinda kuylagandan so‘ng tarona 2025-yilda qayta mashhurlikka erishdi.



















