Oʻzbek kinosida yil yakunlari: 2025-yilda premyera qilingan va koʻrish tavsiya etiladigan oʻzbek filmlari

Zamonaviy oʻzbek kinosi faqat televizordagi novellalar yoki onlayn platformalardagi veb-seriallardan iborat emas. Har yili turli janrlarda ancha qiziqarli boʻlgan toʻliq metrajli kinokartinalar ham ishlanadi.
Afisha.uz ushbu maqolada 2025-yilda premyera qilingan va e’tibor berishga arziydigan oʻzbek filmlari haqida ma’lumot beradi.
“Begonalar yurmas bu yerda”

Rejissyor Nabi Razoqov tomonidan ishlangan bu film 2025-yilning avgust oyida premyera qilingan. Kinokartina stilistikasi jihatidan 2010-yilda chiqarilgan “Umid” filmini ham eslatib yuboradi.
Film hayotiy voqealarga asoslangan bo‘lib, unda qishloq yigitining oddiy mehnatkash inson sifatida hayotdagi sinovlarni yengib o‘tishi, mustaqillikning ilk yillarida qiyinchiliklar ichida ham halol mehnati va qat’iyati bilan jamiyatda o‘z o‘rnini topishi hikoya qilinadi.
“Daydi shamol”

Bugungi kunda oʻzbek kinosida yaxshigina “tarixiy filmlar toʻlqini” kuzatilmoqda. Shunga qaramay kinochilar aktual mavzularda ham film olmoqda. Sanjar Matkarimov va Azamat Nurmatov tomonidan ishlang “Daydi shamol” filmi ham shular jumlasidan. Shuningdek, aktyorlar tarkibida Asal Shodiyeva, Yigitali Mamajonov, Boyir Xolmirzayev, Bobur Yoʻldoshov kabi katta nomlarni ham koʻrish mumkin.
Film syujeti bugungi kunda tobora keng tarqalayotgan kiberjinoyatchilikning odamlar hayotiga va butun jamiyatga bo‘lgan jiddiy tahdidlari haqida hikoya qiladi.
“Umida”

Aslida, Zulfiqor Musoqovning filmlariga koʻp ham izohga muhtoj emas. Lekin Afisha.uz'da kinokartina haqida taqriz e’lon qilingan. Aprel oyida premyera qilingan “Umida” kino rejissyorga navbatdagi “Oltin humo” mukofotini keltirdi.
Film o‘z kasbiga sodiq, odamlarga haqiqiy psixologik yordam ko‘rsatadigan ayol — Umida haqida. U shifokor, o‘z ishining ustasi, oila bekasi, dilbar ayol sifatida namoyon bo‘ladi.
“Uyga qaytish”

Soʻnggi paytlarda oʻzbek kinosida ayollar bosh qahramonga aylangan filmlar ham koʻpaydi va, albatta, bunday feministik ruh sohadagi xilma-xillikni oshirishi tabiiy. Yosh rejissyor Dilshoda Qosimova tomonidan suratga olingan “Uyga qaytish” filmi 2025-yilda shunday vazifani bajargan asosiy kinolardan biri boʻldi.
Afisha.uz'da ushbu film haqida ham taqriz yozilgandi. Shuningdek, rejissyor Dilshoda Qosimova bilan suhbat e’lon qilingan.
Film uch qizning taqdir taqozosi bilan uchrashib qolishi, tasodifan katta mablag‘ni qo‘lga kiritib, shuning orqasidan turli sarguzashtlarni boshdan kechirishi va oxir-oqibat inson qadr — qimmati pul bilan o‘lchanmasligini tushunib yetishlari haqida hikoya qiladi.
“Sevgi sharbati”

Yil davomida oʻzbek kinosining yosh muxlislari tomonidan koʻp bor e’tirof etiladigan rejissyor Sarvar Karimovning filmi ham premyera qilindi. 2024-yilda koʻp muhokamalarga sabab boʻlgan “Substansiya"ning oʻzbekcha versiyasi boʻlgan “Sevgi sharbati” oktyabr oyida katta ekranlarga chiqarilgandi.
Syujetga koʻra, yosh kimyo talabasining orzusi — “Sevgi sharbati” yaratish. U tasavvuriga ko‘ra, shu sehrli ichimlikdan keyin dunyodagi barcha qizlar unga oshiq bo‘lishi kerak. Ammo kutilmagan tajriba natijasida uning rejalari amalga oshmaydi va aksincha, o‘zi ayolga aylanib qoladi.
Nimadir yodimizdan koʻtarilgandek, ha esladik! Afisha.uz'da bu filmga ham taqriz e’lon qilingandi.
“Matonatli Maryam”

Yuqorida eslab oʻtilgan tarixiy filmlar toʻlqiniga ham yetib keldik. Biroq “Matonatli Maryam” filmida uzoq tarix emas, balki yaqin tarix — XX asrning avvalidagi voqealar koʻrsatiladi.
Kinokartina 1920-yillarda Germaniyaga oʻqishga yuborilgan va siyosiy repressiyalarga uchragan xorazmlik Maryam Sultonmurodovaning hayot yoʻli va fojiali taqdiri haqida.
Milliy kino san’ati saroyi axborot xizmatining xabar berishicha, film tez kunlarda kinoteatrlarda namoyish etila boshlaydi.
“Farz”

Bu — rejissyor Sarvar Karimovning jamlanmamizdan oʻrin olayotgan ikkinchi filmi. “Sevgi sharbati” ilmiy-fantastik janrdagi komediya boʻlsa, “Farz” ancha ogʻir drama hisoblanadi.
Kinokartinada nohaq ayblangan inson qismati haqida hikoya qilinadi. Bosh rollarni esa Matyoqub Matchanov, Tohir Saidov, Sayyora Yunusova kabi yuqori darajali aktyor va aktrisalar ijro etgan.
“Choʻliq”

Koʻplab xalqaro festivallarda namoyish etilgan “Choʻliq” filmi bizni chekka qishloq va unda yashaydigan odamlarning oilaviy munosabatlariga e’tibor berishga chorlaydi. Bosh rolni ijro etgan aktyor Ulugʻbek Muhammadkarimov “Eng yaxshi erkak roli” nominatsiyasida “Oltin Humo” mukofotini qoʻlga kiritdi.
Film o‘z yo‘lini izlayotgan yosh yigitning ulg‘ayish jarayoni, ota-bola o‘rtasidagi qarama-qarshi qarashlar, cho‘l hayotining sinovlari, do‘stlik va ustoz-shogirdlik munosabatlari, shuningdek, san’at va ilk sevgi orqali kechinmalarning ifodalanishi haqida hikoya qiladi.
“Shamsiqamar”

Rejissyor Nusrat Husanov tomonidan suratga olingan “Shamsiqamar” nomli badiiy filmida bosh rolni Yulduz Rajabova ijro etgan. Aktrisa ham ushbu roli sabab “Oltin humo” mukofotiga loyiq koʻrildi.
Filmda daun sindromi bilan tug‘ilgan bolalar va bu holatning oilalarga ta’siri haqida hikoya qilinadi. Unda oila a’zolarining kechinmalar, jamiyatdagi munosabatlar va insoniylik qadriyatlari yoritiladi.
“Koʻrinmas medal”

Jamlanmani hujjatli film bilan yakunlashga qaror qildik. Gazeta.uz tomonidan suratga olingan filmda oʻzbek futboli tarixidagi asosiy voqealardan biri boʻlgan Oʻzbekiston U-23 jamoasining Parij Olimpiadasigacha bosib oʻtgan yoʻli hikoya qilinadi.
Film toʻliq davrni qamrab olishga harakat qiladi. Unda “Olimpik” jamoasining tashkil etilishi, Oʻzbekistonda oʻtkazilgan Osiyo kubogi va boshqalar haqida futbolchilar, murabbiylar va jamoaning boshqa a’zolari fikrlarini tinglash mumkin.
Ushbu havola orqali esa hujjatli filmga yozilgan katta taqrizni oʻqishingiz mumkin.
- #begonalar yurmas bu yerda
- #choʻliq
- #daydi shamol
- #farz
- #koʻrinmas medal
- #matonatli maryam
- #sevgi sharbati
- #shamsiqamar
- #umida
- #uyga qaytish