Jamiyatga tutilgan navbatdagi koʻzgu: Sarvar Karimovning yangi "Farz" filmiga taqriz

E’lon qilingan sana· 582
Jamiyatga tutilgan navbatdagi koʻzgu: Sarvar Karimovning yangi "Farz" filmiga taqriz

18-mart kuni Milliy kino san’ati saroyida rejissyor Sarvar Karimovning yangi “Farz” filmi premyera qilindi. Kinokartina 19-martdan boshlab Oʻzbekiston kinoteatrlarida namoyish etila boshlandi.

2024-yilda Qirgʻizistonning “Jannat onalar oyogʻi ostida” filmi premyera qilingandi. Kinokartina oʻzbek auditoriyasining ham katta qiziqishga sabab boʻldi va koʻplab tomoshabinlar tomonidan e’tirof etildi. Bu bilan ma’lum boʻldiki, bunday turdagi filmlarga katta talab bor. Keyinchalik 2026-yilda filmning ikkinchi qismi ham ishlandi.

Oʻzbekistonlik kinoijodkorlar ham ushbu trenddan ortda qolishni istamadi va shu sababdan ham “Farz” filmi suratga olindi. Kino haqida chiqqan xabarlarda “nohaq ayblangan inson qismati haqida hikoya qilinadi”, degan soʻzlarni oʻqish mumkin, ammo bu filmning kichik bir qismi xolos. Aslida esa film bundan kattaroq mavzularni qamrab oladi.

Bosh qahramon (Matyoqub Matchonov) yoshi katta, halol mehnat qilib, pul topadigan inson. Uning eng katta orzusi Haj safariga borish. Kunlardan bir kuni u va ayolining navbati keladi, biroq yigʻib qoʻygan puli bunga yetmaydi. Unga farzandlari yordam beradi.

Bir qarashda filmning asosiy mazmuni mana shu kerakli pulni topishga harakat qilishdan iboratdek tuyuladi. Siyqasi chiqqan syujetga koʻra, bosh qahramonga hech kim pul berishni istamasligi, yakunda esa moʻjiza yuz berib, pul topilib qolishi kerak. Lekin syujetda yetarlicha burilishlar mavjud va ular sabab asosiy voqealar bir necha bor oʻzgaradi.

Rejissyor Sarvar Karimov oʻzining podkastlardagi ijtimoiy muammolar haqidagi fikrlari bilan ham ajralib turadi. U kinokartinada ham oʻz qarashlarini namoyish etishga, jamiyatdagi ba’zi jihatlarni ostiga olishga harakat qiladi.

Bundan tashqari, u oʻz filmlarida muxlislari uchun ham belgilar va ishoralar qoldiradi. “Farz"da ham shu kabi bir nechta kadrlarni ilgʻash mumkin.

Film Tohir Saidov ijro etgan personajning Haj safaridan qaytib kelishi bilan boshlanadi. Bu tadbir xuddi toʻydek nishonlanadi. Uni butun mahalla kutib oladi, odamlar xatto uning oyogʻi ostiga yosh bolani ham qoʻyishga harakat qiladi. Bu real hayotda boʻlgan voqeaga ishora hisoblanadi.

Tohir Saidov qahramonini filmdagi asosiy antogonist deyish mumkin. Lekin ta’kidlash joizki, filmdagi hech qaysi personaj karikaturik boʻlib qolmagan. Janrning siyqasi chiqqan kanonlari boʻyicha esa yomon odamlar juda yomon, yaxshi odamlar esa doim qiyinchilikda yashaydigan juda yaxshi odamlar boʻlishi kerak edi.

Aktyorlar tarkibiga nazar solar ekanmiz, tarkib yangi yil arafisda premyera qilingan “Faqat 12 dan keyin” filmi bilan juda oʻxshash ekanini sezamiz. Ammo bu filmda aktyor va aktrisalar ancha “ochilgan” va oʻz rollarini mahorat bilan ijro etgan.

Xususan, Sobir Otajonov bosh qahramonning kuyovi obrazini gavdalantiradi. U salbiy qahramon boʻlsa-da, tomoshabinlarning yodida qoladi. Boshqa qahramonlarni ham shunday ta’riflash mumkin. Hatto filmda epizodlarda koʻrinish bergan, bosh qahramonning hamkasblari ham ijobiy his-tuygʻularni uygʻotadi.

Film shunchaki bir tomonlama xulosa berishdan qochadi va ba’zi zamonaviy tendensiyalarga, texnologiyalarning rivojlanishi orqali keladigan muammolarga ham toʻxtalib oʻtiladi.

“Farz” shunchaki bir insonning muqaddas safar oldidan pul qidirishi haqidagi hikoya emas. Bu oʻzbek jamiyatining bugungi kundagi ma’naviy qiyofasi, “odamlar nima deydi” qabilidagi qarashlar va chinakam insoniylik oʻrtasidagi kurashdir.

Matyoqub Matchonovning nigohlaridagi iztirob va Tohir Saidov personajining “ziddiyatli dindorligi” bizga atrofimizdagi real insonlarni eslatadi.

Yakunda film tomoshabinni muhim bir haqiqatga roʻbaro qiladi. Hajga borish uchun faqat mablag' yoki samolyot chiptasi kifoya emas, unga yetib borguncha bosib oʻtiladigan ma’naviy yoʻl ancha murakkabroqdir.

Oʻzbek kinosi oilaviy tomosha qilinadigan va yakunda kuchli tassurot qoldiradigan yana bir film bilan boyidi. Kinokartina uchun chiptalarni Afisha.uz orqali xarid qilish mumkin.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Jamiyatga tutilgan navbatdagi koʻzgu: Sarvar Karimovning yangi "Farz" filmiga taqriz — Toshkent Afishasi