Tungi Toshkent: poytaxtda kechasi nimalar qilish mumkin – eng yaxshi 9 gʻoya

E’lon qilingan sana· 121
Tungi Toshkent: poytaxtda kechasi nimalar qilish mumkin – eng yaxshi 9 gʻoya

Tasavvur qiling (qiyin bo‘lsa ham), ish vaqtingiz tugadi. Ko‘p hollarda ishdan keyin ko‘chaga chiqsangiz, allaqachon quyosh botgan bo‘ladi. Shahar tunda yana gavjumlashadi: kimdir sayr qilib yurgan bo‘lsa, yana kimdir ovqatlanish joylarida taomlanadi, ayrimlar sport zalga boradi, kun isigan sari basseynga ham odam serqatnov bo‘ladi — qisqa qilib aytganda, hayot tunda ham qaynaydi.

Keling, tungi Toshkentda kechasi nimalar qilish mumkinligini ko‘rib chiqamiz. Biz bu uchun bir nechta sohada tunu kun yoki yarim kechasigacha ishlaydigan joylarni ko‘zdan kechirib, tunni mazmunli o‘tkazish uchun bir nechta g‘oyalarni yig‘ib chiqdik.


Istalgan payt tanani chiniqtirish mumkin

Sport zallar

Sog‘lom turmush tarzi ish grafigiga qaramaydi. Kun bo‘yi o‘tirib ishlaydiganlar uchun ish vaqtidan keyingi mashg‘ulotlar ayni muddao. Tanani tonusda ushlash ish samaradorligiga ham ijobiy ta’sir o‘tkazadi. Hozirda Toshkentda ko‘plab fitnes zallari yarim tungacha yoki tunu kun xizmat ko‘rsatmoqda.

Misol uchun, Proform sport zallari tarmogʻining Dinamo filiali 24/7 ishlashga oʻtgan. Zal shinam, bahavo va katta. Sport anjomlarining holati ham yaxshi. Zalning abonementlari narxi va poytaxtdagi boshqa sport zallari bilan ushbu havola orqali tanishib chiqishingiz mumkin.

Manzil.

Ish vaqti: 24/7.


Basseyn

Suzish — bir paytda tananing har bir qismiga ishlash uchun eng zoʻr mashgʻulot. Ustiga-ustak issiq kunlar yaqinlashyapti, tunda salqinlanish asablarni ham tinchlantiradi — haqiqiy relaks. Toshkentdagi ba’zi sport majmualari va mehmonxona basseynlari tunda ham ishlaydi, bu esa sokinlikda suzishni xohlovchilar uchun ayni muddao. Suv muolajalari nafaqat tanani chiniqtiradi, balki uyqudan oldin miyani tiniqlashtiradi.

Ammo afsuski, tunu kun ishlaydigan basseynlarni topish muammo, ammo yarim kechasigacha ishlaydiganlarini topish mumkin, masalan, “Swimmstart”. Bu majmuada nafaqat basseyn, balki sport zal va massaj xizmatlari ham bor.

Manzil.

Ish vaqti: har kuni 07:00 — 23:00.


SPA

Agarda kun davomida charchoq haddan oshgan boʻlsa, tungi SPA muolajalari sizni hayotga qaytaradi. Massaj, sauna va turk hammomlari tunda oʻzgacha atmosfera kasb etadi — sokin musiqa va xushboʻy moylar hidi ostida tanangiz dam oladi. Koʻplab premium-klassdagi SPA markazlari mijozlar qulayligi uchun oʻz ish vaqtini tungi soatlargacha uzaytirgan.

Misol uchun, “The Bani” mijozlarga tungi soat 01:00 gacha xizmat koʻrsatadi. Majmua xizmatlari qatorida keng turdagi massaj, SPA protseduralar kiradi, shuningdek, u yerda basseyn, sauna, tuzli xona, restoran — qisqasi, hordiq chiqarish uchun hamma narsa bor. Alohida VIP kabinalar band qilish ham mumkin.

Manzil.

Ish vaqti: har kuni 09:00 — 01:00.


Kino tomosha qilish

Aksariyat kinoteatrlar yarim tunga ham seanslar belgilaydi. Bunday filmlar asosan yoshi kattalar uchun moʻljallangan boʻladi, xususan, trillerlar yangi kunni boshlab bergan soatda ham namoyish etilishi mumkin. Koʻp kinoteatrlar savdo markazlari ichida joylashgan, ammo SMning ish vaqti sal ertaroq tugasa ham bu kinoteatrga ta’sir qilmaydi. Masalan, Magic Cinema’da eng soʻnggi seans 23:55 ga belgilangan.

Kinoteatrlarda namoyish etilayotgan premyeralar, ularning seaslari jadvali, chiptalar va boshqa ma’lumotlarni Afisha.uz'ning “Kino” boʻlimidan topishingiz mumkin. U yerdan oʻzingizga yoqqan kinoni va oʻzingizga qulay seansni tanlab, bir necha soniya ichida onlayn chipta xarid qilishingiz mumkin.

Kino boʻlimi.

Ish vaqti: eng soʻnggi seans boshlanish vaqti — taxminan 23:55 (kechroq yoki ertaroq boʻlishi ham mumkin).


Stendap

Stendap sohasi ham ancha rivojlanib qoldi — kunora konsert-u shoular. Yumor faqat ha-ha-ha, xi-xi-xi emas, unda hayotiy muammolarga hazil prizmasi orqali qaraladi, muhit esa juda samimiy va erkin boʻladi. Hozirda shoular asosan Sahna stendap klubida boʻlyapti. U yerda hafta boshidagi ikki kundan tashqari istalgan kunda yumoristik shou topish mumkin. Shoular odatda 19:00 dan boshlanadi va ular kuniga bitta emas, har xil konsertlar qoʻyilishi mumkin.

Sahna stendap klubining eng yaqin konsertlari bilan Afisha.uz'ning Stendap boʻlimida tanishib chiqishingiz mumkin. Masalan, shoularning ayrimlari: “Xay Mayli StandUp” konserti, “Kulgilektual shou”, “Xayr, fevral”, “Hammasi Roast” va hokazo. Muhimi, kuling — kundami, tundami, farqi yoʻq.

Manzil.

Ish vaqti: har kuni 10:00 — 01:00 (ammo shoular asosan 18:00 dan keyin boʻladi).


Ochilmagan qirralarni ochish mumkin — karaoke

Karaoke doʻstlar davrasida dam olish, asablarni tinchlantirish uchun zoʻr joy. Bu nafaqat koʻngilochar mashgʻulot, balki hissiyotlarni tashqariga chiqarishning ajoyib usulidir. Toshkentda deyarli har qadamda karaoke, uni oʻzingizga yaqin hududdan topish katta muammo tugʻdirmasa kerak, hatto tunda ham. Chunki aksar karaokelar asosan yarim kechasigacha ishlaydi, ba’zilari esa tonggacha.

Masalan, poytaxtning eng mashhur karaokelardan biri — Tata soat 10:00 dan tonggi 07:00 gacha ishlaydi, orada uch soat dam olishadi. Bu degani istalgan vaqt borish mumkin, ammo oldindan joy band qilish tavsiya etiladi.

Manzil.

Ish vaqti: har kuni 10:00 — 07:00.


Tungi gastronomik sarguzashtlar

Toshkentda tunda och qolish — bu haqiqiy mahorat talab qiladigan ish, chunki shahar oshxonalari deyarli uxlamaydi. Tungi soat 03:00 da ham issiqgina somsa, fast-fud yoki hatto restoran darajasidagi taomlarni topish muammo emas. Ayniqsa, markaziy koʻchalardagi gastronomik nuqtalar tungi hayot ishqibozlari bilan doim gavjum. Bu uchun deyarli butun boshli koʻchalar ajratilgan, tungi gastronomik sarguzashtlar uchun moslashtirilgan.

Masalan, Taras Shevchenko koʻchasi. Bu yerda deyarli barcha restoran va kafelar yarim tungacha ishlaydi, ayrimlari esa 24 soat faoliyat olib boradi. Bu koʻcha bilan tanish boʻlmasangiz, mana bu materialni tavsiya qilamiz.

U yerda milliy taom topish qiyin boʻlishi mumkin, shu sababli boshqa tavsiyalar ham tashlab ketamiz: Zohid Kebab. Asosiy fishkasi kabob boʻlgan bu maskan boshqa taomlar ham taklif qiloladi. Joylashuvi ham qulay. Brasseria ham yaxshi variant — tonggacha ishlaydi. Agar yana boshqa restoranlar kerak boʻlsa — mana toʻplam, avvalroq tayyorlab qoʻygandik.

Manzillar: Taras Shevchenko; Zohid Kebab; Brasseria.

Ish vaqti: 24/7; har kuni 07:00 — 03:00; har kuni 11:00 — 06:00.


Kontrga GOmi?

Va albatta, shubhasi, tunda bajarilishi mumkin boʻlgan ishlardan biri — tuni bilan doʻstlar bilan geym klublarda kompyuter oʻynab chiqish. Oʻzbekistonlik yoshlar orasida Counter Strike oʻyini doʻstlar davrasida oʻynash juda urfda. Kuchli protsessorlar, qulay kreslolar va neon chiroqlar ostida vaqt qanday oʻtganini sezmay qolasiz. Tuni bilan oʻynashga tayyor boʻlgan mijozlar bor ekan, kompyuterxonalar nega yopilsin?! 24 soatli geymklublar yetarlicha topiladi.

Masalan, Fidanza — Toshkentdagi eng oldi geymklublaridan biri. U yerda odam gavjum, ammo bunga yarasha sabablar ham bor: qulay lokatsiya, qulay oʻrindiq va qotmas kompyuterlar.

Manzil.

Ish vaqti: 24/7.


Bepul tavsiya — piyoda sayr

Mashinalar shovqini pasaygan, havo tozalangan va binolar yoritgichlari shaharni mutlaqo boshqa qiyofaga solgan vaqtda sayr qilishning gashti boʻlakcha. Parklar, alleyalar va keng koʻchalar boʻylab piyoda yurish insonga ruhiy xotirjamlik beradi. Ayniqsa, quloqchinda musiqa bilan.

Tungi salqin havo, favvoralar shovqini va uzoqdan eshitilayotgan musiqa sadosi sayrni haqiqiy meditatsiyaga aylantiradi. Ayniqsa, tungi soat 22:00dan keyin shahar ritmi sekinlashadi, bu esa sizga poytaxtning har bir burchagini yangicha nigoh bilan kashf etishga yordam beradi.

Qulay poyabzal kiyish, smartfonni toʻliq quvvatlash, quloqchin va hamyonni unutmaslik tavsiya etiladi.

Manzil: boshingiz oqqan tomon yuring, hech boʻlmasa borar joyingiz yoʻnalishi boʻylab.

Ish vaqti: siz boʻsh vaqtingizda.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling