Toshkent aholisi anomal issiqda ko‘chadagi hayvonlarga g‘amxo‘rlik qilishga chaqirildi

E’lon qilingan sana· 59
Toshkent aholisi anomal issiqda ko‘chadagi hayvonlarga g‘amxo‘rlik qilishga chaqirildi

Toshkent shahri hokimligi iyul oyining ikkinchi yarmida kutilayotgan anomal issiq oldidan aholini ko‘chadagi hayvonlarga g‘amxo‘rlik qilishga chaqirdi.

Xabarda bunday kunlarda mushuklar, itlar, qushlar va hayvonot olamining boshqa vakillari ham suvga, salqin joyga va inson mehriga muhtoj bo‘lishi qayd etilgan.

Fuqarolardan imkon bo‘lsa, hovli, yo‘lak yoki daraxt soyasiga bir idishda suv qo‘yib qo‘yish so‘raldi. Agar qo‘ldan kelsa, ozgina yemish ham qoldirish tavsiya etildi.

“Soyada turgan jonivorlarni haydamaylik. Ular ham issiqdan panoh izlaydi. Ozgina suv, bir hovuch yemish va ozgina e’tibor — ular uchun katta yordam”, deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida joriy haftada havo harorati +44 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Jumladan, haftaning oxirgi ish kuni va dam olish kunlarida harorat me’yordan yuqori bo‘ladi.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi anomal issiq munosabati bilan fuqarolar, mahalliy hokimliklar va mas’ul tashkilotlarni ehtiyot choralariga qat’iy amal qilishga chaqirgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling