Shinam kuzgi uchrashuvlar uchun: Toshkentdagi o‘ziga xos 15 ta kafe va restoran

Afisha.uz muhiti, menyusi va interyeri bilan ajralib turadigan manzillarni bir yerga jamladi.
“Kuni bilan gaplashadigan gaplarimiz bor, bir ko‘rishaylik”, deyilgandan soʻng koʻpincha uchrashuvlar yana keyingi haftalarga suriladi. Ammo salqin kuzgi kechalar bunday rejalarni amalga oshirish uchun yaxshi bahona bo‘la oladi. Sayrdan keyin issiq va shinam bo‘lgan joyga kirish, biror shirinlik buyurtma qilish hamda telefondagi yozishmalarni yuzma-yuz suhbatga almashtirish mumkin.
Faqat “qayerga boramiz?” degan savol ochiq qoladi. Kimdir tanish qahvaxonasini tanlaydi, boshqasi esa har safar yangi joy kashf qilishni xohlaydi. Quyidagi ro‘yxatda bularning har ikkisi uchun ham ko‘ngilga yaqin va maqbul variantlar bor.
FAM Cafe

Bu makon o‘zining non va pishiriqlarini tayyorlaydigan gastropekarnya hisoblanadi. Menyusida turli xildagi qahvalar, kruassanlar, sendvichlar va Yevropa uslubidagi nonushtalar bor. Qahvani yangi pishirilgan mahsulotlar bilan ichishni yoqtiradiganlar uchun mos hisoblanadi.
Murojaat uchun telefon raqami: (+998) 87−899−3939.
Teplo
Teplo — qahva, nonushta va desertlarni bir joyda taklif qiladigan shinam kafe. Menyuda klassik qahva ichimliklari bilan birga turli yengil taomlar va shirinliklar ham bor. Qahva ichib, nonushta qilish yoki kun davomida qisqa tanaffusga kelish uchun mos manzil.
Murojaat uchun telefon raqami: (+998) 77−418−8886.
CHILLa by Potters
CHILLa — qahva va kulolchilik san’atini birlashtirgan maskan. Menyuda holvali kapuchino, kurkuma va asalli latte, anorli sovuq qahva, sitrus va qahva miksi bo‘lgan cold brew bumble va tabiiy xurmo ta’mli latte kabi noodatiy mualliflik ichimliklari bor. Qahvani qo‘lda yasalgan keramika idishlarida ichish ham uning o‘ziga xos jihatlaridan biri.
Kafega tashrif buyurgan mehmonlar uchun ichimliklar va shirinliklar borasida qiziqarli va rang-barang tanlov taqdim etiladi. Klassik issiq va sovuq qahva turlari ham, qahva ichmaydigan mehmonlar uchun esa oddiy choy, issiq shokolad yoki salqin limonad ham mavjud.
Qahva yoniga mukammal hamroh sifatida uy uslubida pishirilgan shirinliklardan yeyish mumkin. Masalan: klassik shokolad bo‘lakli Chocolate Chip, noodatiy va milliy ta’mdagi qurtli, xolvali, pistali hamda yong‘oqli pechenelar.
Avvalroq, Afisha.uz muxbiri bu yerga tashrif buyurib kafe haqida obzor tayyorlagan edi, uni ushbu havola orqali o‘qib ba’tafsil ma‘lumotlarga ega bo‘lishingiz mumkin.
Murojaat uchun telefon raqami: (+998) 90−272−0113.
Jolie
Jolie — klassik qahvalar va noodatiy mualliflik ichimliklarini taklif qiladigan restoran. Menyuda malinali va oq shokoladli kapuchino kabi o‘ziga xos ta’mlar ham bor.
Murojaat uchun telefon raqami: (+998) 78−113−3333.
B&B Coffee House
B&B Coffee House’da qahva bilan birga nonushta, issiq taom, pasta, sho‘rva va desertlar ham tayyorlanadi. Klassik qahvalarga kruassan, vafli va chizkeyklar hamrohlik qiladi. Salqin havoda sayr qilib kelgan bo‘lsangiz, menyudagi yasmiq yoki tuxumli ugra solingan tovuq sho‘rvasi ham o‘rinli tanlov bo‘lishi mumkin. Shunday qilib, bu yerga faqat qahva uchun kirib, tushlikni ham shu yerda qilish rejasiga o‘tish oson.
Murojaat uchun telefon raqami: (+998) 71−209−8448.
Breadly

Breadly — nonvoyxona va kafe formatini birlashtirgan maskan. Menyusida har xil turdagi nonlar, shirinlik, qahva, sho‘rva, salat va asosiy taomlar bor. Bir finjon qahva uchun kirish ham, to‘liq ovqatlanish ham mumkin.
Desert tanlayotganda esa menyudagi yong‘oqli tartga e’tibor berish mumkin: u bodom unidan tayyorlangan asos, turli yong‘oqlar va karamelni birlashtiradi. Shirinlik xohlamaganlarga esa pomidorli krem-sho‘rva kabi yengil va yoqimli variantlar bor.
Murojaat uchun telefon raqami: (+998) 78−122−2525.
Rassvet
Rassvet — maxsus mualliflik qahvalari, nonushtalar, kardamonli bulochkalar va kafening o‘zida tayyorlanadigan pishiriqlari bilan ajralib turadigan qahvaxona. Bu yerda istalgan qahvani yangi pishib chiqqan bulochka bilan birga tanlash mumkin.
Ba’zi qahvaxonalarni aynan bitta pishirig‘i uchun kashf qilgingiz keladi. Rassvet’da bunday tanlov — kardamonli bulochka. Shuning uchun birinchi tashrifni qahva va bulochkadan boshlash mumkin.
Klassik espresso ichimliklari bilan bir qatorda filtr qahva va mavsumiy retseptlar ham taklif etiladi.
Murojaat uchun telefon raqamlari: (+998) 90−977−7777.
Coffee Nation
Coffee Nation — qahva qovurish va qahva donlarini sotish bilan ham shug‘ullanadi. Klassik ichimliklardan tashqari filtr qahva va noodatiy retseptlar ham bor. Masalan, qovun va bergamot ta’mli latte menyuda qayd etilgan.
Qahvaxona mahalliy rassomlar ishlari va stol o‘yinlari bilan ham ajralib turadi.
Murojaat uchun telefon raqamlari: (+998) 99−222−5049.
Shavi Coffee Roasters
Shavi Coffee Roasters — o‘z qahva donlarini o‘zi qovuradigan specialty qahvaxona. Bu yerda Efiopiya, Kolumbiya va Indoneziya kabi mamlakatlardan keltirilgan donlar ishlatiladi. Uyda ham qahva damlaydiganlar uchun yoqqan donni xarid qilib ketish imkoniyati bor.
Menyuda espresso asosidagi ichimliklar, filtr qahva va mavsumiy qahva turlari mavjud. Qahvaning ta’mi, donning kelib chiqishi va damlash usuliga qiziqadiganlar uchun mos manzil.
Shavi' haqida ba'tafsil ushbu havola orqali o‘qishingiz mumkin.
Murojaat uchun telefon raqamlari: (+998) 50−115−4657.
“Чайкоф”
Ochiq va salqin havodagi sayrdan keyin issiqqina kakao va bir bo‘lak pirog bilan dam olishni istasangiz aynan shu yerga kelish ayni muddao.
Chaykof — choy va qahva, nonushta taomlari hamda desertlarni taklif qiladigan kafe. Menyusida klassik qahvalardan tashqari, turli xil choylar va shirin ichimliklar ham bor.
Yengilroq tamaddi uchun shokolad bo‘lakchali yoki klyukvali pechenye, boshqa desert istaganlarga esa “Napoleon” ham bor. Olchali pirog esa menyuda o‘n yildan beri mavjud bo‘lgan desertlardan biri.
Choy tanlashni yoqtiradiganlar menyuga biroz ko‘proq vaqt ajratishi mumkin: odatiy qora va ko‘k choydan tashqari, chakanda, zanjabil, apelsin va asal qo‘shilgan aralashmali choylar ham taklif etiladi.
Murojaat uchun telefon raqamlari: (+998) 78−150−1666.
Mushtum
Mushtum — o‘zbekona milliy ruh, o‘ziga xos interyer va zamonaviy street food uslubini birlashtirgan kafe. Maskan milliy kolorit aks etgan interyeri va o‘ziga xos burgerlari bilan ajralib turadi. Nomi ham, taomlarga yondashuvi ham an’anaviy kayfiyatni aks ettiradi.
Menyusida mol go‘shtli smash-burgerlar, tanduri va falafel burgerlari, qarsildoq gazaklar, turli xildagi issiq va sovuq ichimliklar bor.
Mehmonlar sharhlarida milliy detallar, vintaj buyumlar va mahalliy rassomlarning ishlari alohida tilga olinadi. Bu joy zamonaviy burgerxonada bunday uyg‘unlikni uchratish mumkin bo‘lgan o‘zgacha manzillardan hisoblanadi.
Murojaat uchun telefon raqamlari: (+998) 78−707−1923.
Dolcetta
Dolcetta — italyan oshxonasiga asoslangan bo‘lib, xususan, qahva va italyancha shirinliklarni birlashtirgan qandolatchilik kafesidir. Menyusida turli desertlar, tortlar va klassik qahvaning ko‘plab turlari bor. Bundan tashqari, matcha, maxsus choylar hamda issiq kokteyllar ham taklif etiladi.
Bu yerga faqat shirinlik uchun kelish shart emas: menyuda pasta, pitsa, sho‘rvalar, asosiy taomlar va nonushtalar ham bor.
O‘ziga xos jelato — italyancha muzqaymog‘i esa albatta tatib ko‘rishga arziydi.
Murojaat uchun telefon raqamlari: (+998) 55−514−3333.
Tosh Coffee
Tosh Coffee — qahva ichimliklari va yengil tamaddilar taklif qiladigan qahvaxona. Menyusida klassik espresso asosidagi ichimliklar, filtr qahva, matcha va choy turlari, nonushtalar va turli shirinliklar bor. Shu jumladan, olmali va dolchinli blinchik albatta tatib ko‘rishga arziydi.
Shuningdek, bu yerda qahva donlarini alohida xarid qilish ham mumkin.
Murojaat uchun telefon raqamlari: (+998) 92−045−8888.
Brasserie Mirabad
Brasserie Mirabad — Yevropa taomlari va qahva madaniyatini birlashtirgan restoran. Menyusida espresso asosidagi qahva ichimliklari, shuningdek, qahva bilan birga tanlash mumkin bo‘lgan turli desertlar mavjud. Mehmonlar sharhlarida suvli kefte, me’yorida pishirilgan steyk va restoranning o‘zida tayyorlanadigan desertlar, jumladan, “Snickers” shirinligi alohida maqtaladi. Tushlik paytida esa to‘yimli biznes-lanchlar tanlovi bor.
Do‘stlar bilan vaqtni kelishtirish ba’zan joy tanlashdan ham qiyin: kimdir ishdan kech chiqadi, kimningdir ishlari cho‘ziladi. Shu sababdan, Brasserie Mirabad’ning eng afzal jihati uning tun-u kun ishlashidadir. Bu manzilni, ayniqsa, ish kunidan keyingi uchrashuvlar ro‘yxati uchun saqlab qo‘yish mumkin.
Murojaat uchun telefon raqamlari: (+998) 50−704−3333.
Zira Cafe
Zira Cafe — qandolatchilikdan zamonaviy va shinam kafega aylangan maskan. Yorug‘, och ranglarda bezatilgan interyeri, ikki qavatli zal va yozgi ayvoni esa kafening yana bir ajralib turadigan jihatidir. Shunchaki qahva ichish, nonushta qilish yoki tushlikka kelish uchun mos joy.
Menyusida yangi pishirilgan kruassan va danishlar, chizkeyklar hamda boshqa desertlar bilan birga nonushta va asosiy taomlar ham bor. Kafening eng o‘ziga xos takliflaridan biri — tiramisu-blinchik, ya’ni tiramisu ta’mlarini o‘zida jamlagan noodatiy quymoqli desert.
Qahva ixlosmandlari uchun klassik va mualliflik ichimliklarini taklif qiladi.
Murojaat uchun telefon raqamlari: (+998) 78−333−5515.
Anchadan beri ko‘rishmagan insoningizga samimiy taklif bilan yozib, kun va manzilni kelishishning o‘zi yetarli. Balki shu ro‘yxatdagi joylardan biri keyingi safar “odatdagi yerimizda ko‘rishamiz” deydigan manzilingizga aylanar.











































































