Xiva. Obi-novvot. Jony: An'anaviy "Qovun sayli" qanday oʻtdi?

Oxirgi yillarda Xiva shahri nafaqat tarixiy obidalari, balki “Qovun sayli” gastronomik festivali bilan ham sayyohlarni o‘ziga jalb qilmoqda. Mazkur an’anaviy tadbir joriy yil 8−10-avgust kunlari Arda Xiva sayyohlik majmuasida o‘tkazildi. Uch kunlik festivalda Afisha muxbiri ham ishtirok etib, reportaj tayyorladi.
Bu yil ham Turizm qo‘mitasi va Xorazm viloyati hokimligi hamkorligida o‘tkazilgan festival uchun Arda Xiva majmuasining 4 gektar qismida 19 ta pavilion tashkil etildi. Unda viloyatdagi tuman va shaharlar, davlat tashkilotlari, yetakchi fermer xo‘jaliklari 150 ga yaqin qovun turlari, ulardan tayyorlangan mahsulotlar va yutuqlarini namoyish etdi.
Festival doirasida har kuni kechki payt Ichan-qal'a muzey-qo‘riqxonasi hududida mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun madaniy kechalar uyushtirildi. Xususan, afsonaviy “Bolalar” guruhi, Gulsanam Mamazoitova, Feruza Jumaniyozova, Hamdam Sobirov, rossiyalik xonanda Jony, ozarbayjonlik qo‘shiqchi Roza Zergerli kabi taniqli san’atkorlar o‘z repertuarlaridan ijro etdi. Tadbirlarga Davron Kabulov va Husnora Shodiyeva boshlovchilik qildi. Shuningdek, xorazmlik san’at vakillari, folklor jamoalarining chiqishlari ham bo‘lib o‘tdi.
“2024-yili festival doirasida 500 mingdan ortiq mahalliy va xorijiy sayyohlar qamrab olingan edi. Bu yil esa ular soni 1 milliondan oshdi, 300 mingga yaqini xorijiy sayyohlardan iborat. „Qovun sayli“ festivali Xorazm viloyatining yuqori sayyohlik salohiyatini yana bir bor tasdiqladi. Shu bilan birga, agroturizmni rivojlantirish hamda mintaqaning zamonaviy va mehmondo‘st sayyohlik maskani sifatidagi obro‘sini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi”, — deydi Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev.
10-avgust kuni Arda Xiva majmuasi amfiteatrida bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov, Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev hamda Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov qatnashdi.
Urganch shahri Gran-priga loyiq ko‘rilib, Tracker avtomobili bilan taqdirlangan bo‘lsa, Xiva shahri birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi va shahar hokimiga Onix avtomobili topshirildi. Ikkinchi o‘rinni esa Yangibozor tumani hamda UzAuto Motors AJ egalladi va Damas mashinalari topshirildi.
Zamonaviylikka yo‘g‘rilgan tarix: Arda Xivaga sayohat
Majmuaning “Arda Xiva” nomi “port shahri” deb tarjima qilinadi, bu hududning joylashuvidan kelib chiqqan. Qayd etilishicha, bir vaqtlar bu yerda, Xiva yaqinida Amudaryo o‘zani o‘tgan, hatto bu o‘zan Kaspiy dengiziga quyilgan, degan ma’lumotlar ham uchraydi. Bugungi kunda Amudaryodan bu yerda bir nechta yirik ko‘llar qolgan.
Xivada an'anaviy qovun sayli boʻlib oʻtadi
“Qovun sayli” da faol ishtirok etganlar turli nominatsiyalar asosida Xorazm viloyat hokimligi va homiylarning qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
“Turistlarning ham sevimli bosh kiyimi – choʻgirma”. Xivalik hunarmand bilan intervyu
Xiva qalbida bugungi kungacha o‘z ahamiyatini saqlab kelayotgan qadimiy xorazmcha bosh kiyim tarixi va an’analari.