2026-yilgi Jahon chempionati nimalar bilan yodda qoladi? Maydon va uning tashqarisidagi 8 voqea

Toshkent vaqti bilan 20-iyul kuni AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida oʻtkazilgan futbol boʻyicha Jahon chempionati yakuniga yetdi. Tarixda Oʻzbekiston terma jamoasi ilk bor qatnashgan musobaqa sifatida qoladigan JCh-2026 maydondagi va maydon tashqarisidagi turli voqealarga boy boʻdi.
Final bahsida Ispaniya terma jamoasi Lionel Messining Argentinasiga qarshi maydonga tushdi. Lamin Yamal jamoadoshlari gʻalaba qozonib, “Qizil furiya"ga tarixdagi ikkinchi chempionlikni keltirdi. Amaldagi chempion Argentina uchun esa soʻnggi 4 ta Jahon chempionatidagi yutqazilgan ikkinchi final boʻldi (Messi jamoadoshlari 2014-yilda Germaniyaga magʻlub boʻlgandi).
Afisha.uz ilk bor 48 ta terma jamoa qatnashgan, ilk bor 3 ta mamlakatda oʻtkazilgan va ilk bor Oʻzbekiston qatnashgan musobaqadagi qiziqarli voqealar hamda memlarni bir yerga jamladi.
Erling Holand
Musobaqa norvegiyalik hujumchi Erling Holand uchun ham birinchisi boʻldi. “Manchester Siti” futbolchisi terma jamoasi saralashdan oʻtolmagani bois 2022-yildagi JChga bormagandi. Oʻshanda “Sky Sports” bu boʻyicha video e’lon qilgandi. Unda Holand klub bazasida bir oʻzi qolgani va JChga yoʻl olgan jamoadoshlarini sogʻinayotganini koʻrish mumkin.
2026-yilga kelib esa Holand va uning jamoadoshlari musobaqada haqiqiy furor koʻtardi. Norvegiya guruhdan chiqdi va Kot d’Ivuar hamda Braziliya kabi jamoalarni yengib, chorak finalgacha yetib bordi. Holand esa turnirning haqiqiy yulduziga va koʻplab memlar qahramoniga aylandi.
Holand intervyularidan birida oʻzi haqidagi memlarni kuzatayotganini ta’kidladi.
Futbolchining Iroq terma jamoasiga qarshi oʻyindagi harakatlari ham turli memlarga sabab boʻldi. Koʻpchilik Holandga qarshi boʻlishni xohlamasligini bildirdi. Shuningdek, bir qator geosiyosiy memlar ham ishlandi.
Kilian Mbappe — diktator
Aslida Fransiya terma jamoasi va “Real Madrid” klubi hujumchisi Kilian Mbappe norasmiy tarzda “diktator” laqabini oldinroq olgandi. Ammo bu Jahon chempionati davomida bu laqabga juda koʻp e’tibor qaratildi. Futbolchining jamoadagi oʻrni va yuqori obroʻsi sabab shunday atash boshlandi va ijtimoiy tarmoqlarda uni turli diktatorlar qiyofasida tasvirlash avj oldi.
Bundan tashqari, qozogʻistonlik bloger Jahon chempionatidagi uchrashuvlardan biriga “Mbappe Dictator” deya yozilgan futbolkada bordi.
Ushbu laqabning ommalashishiga Fransiya-Norvegiya oʻyini vaqtida Mbappening alishtirilishi vaqtida roʻy bergan hodisa ham sabab boʻldi. Unda Mbappe hakamga sardorlik bogʻichini berib, boshqa jamoadoshiga olib borib berishni “buyurdi”.

Kilian Mbappe boshchiligidagi Fransiya terma jamoasi yarim finalgacha yetib bordi va boʻlajak chempion Ispaniyaga magʻlub boʻldi, uchinchi oʻrin uchun bahsda esa Angliyaga yutqazdi. Turnir davomida 10 ta gol urgan hujumchi mundial toʻpurariga aylandi.
Shuningdek, u umumiy gollari sonini 22 taga yetkazib, Jahon chempionatlari tarixidagi eng koʻp toʻp kiritgan oʻyinchiga ham aylandi.
40 yoshli Vozinya

2026-yilgi Jahon chempionatining ilk kunlaridayoq futbol olami yangi qahramonlarni kashf etishni boshladi. Kabo-Verde terma jamoasi darvozaboni, 40 yoshli Vozinha (Josimar Dias) Ispaniyaga qarshi tarixiy uchrashuvda 97 daqiqa davomida darvozasini daxlsiz saqlab (turnir davomida Ispaniyadan gol oʻtkazib yubormagan yagona jamoa), o‘z mamlakatining qahramoniga aylandi.
Jahon chempionatida ilk bor ishtirok etgan Kabo-Verde Ispaniya bilan 0:0 hisobidagi durangga erishdi. Uchrashuv davomida Vozinha 7 ta muhim seyv amalga oshirdi va o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Aynan uning ishonchli harakati kichik orol davlatiga tarixiy ochkoni taqdim etdi.
Ammo haqiqiy mo‘jiza final hushtagidan keyin boshlandi. O‘yin oldidan Instagram’dagi obunachilari soni 50 ming atrofida bo‘lgan darvozabon bir necha soat ichida millionlab yangi kuzatuvchilarga ega bo‘ldi. Uning sahifasiga ayni paytgacha 29,4 milliondan oshiq yangi obunachi qo‘shilgan.
Messi va Ronalduning “soʻnggi raqs"lari
Ushbu mundial taxminan 20 yillardan beri futbol olamini ikkiga boʻlib kelgan futbolchilar Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi uchun soʻnggisi boʻldi. Ularning ikkisi ham turnirni koʻzda yosh bilan yakunladi. Ronaldu va Portugaliya 1/8 finalda, Messi va Argentina esa finalda Ispaniyaga yutqazdi.
Shunga qaramay Messi ham, Ronaldu ham turnir davomida bir necha pozitiv voqealarni boshdan kechirdi. Messi jamoasini oʻz yelkasida finalgacha olib chiqdi, bir qator oʻyinlarda gollar urib, toʻpurarlar poygasida yetakchilik qildi (keyin Mbappe oʻtib ketdi). Ronaldu esa… Oʻzbekiston terma jamoasi darvozasiga ikkita toʻp kiritdi.
Umuman olganda, bu ikki futbolchi uzoq yillar davomida barcha narsani isbotlab, buyuk futbolchilar ekanini koʻrsatib kelgan. Faoliyatidagi soʻnggi katta turnirda chempionlik qoʻlga kiritilmagani ularning koʻrsatgan yuqori natijalariga ta’sir qilmaydi.
“Hydration break”
Ushbu Jahon chempionatining yangiligi — taym o‘rtasida suv ichish uchun qilinadigan tanaffuslar boʻldi. Yevropada yaratilgan oʻyinning “amerikachalashtirish” ko‘pchilik tomoshabinlarga yoqmadi, chunki bunda o‘yinchilarning ahvoli haqida oʻylash emas, balki futbol davomida ko‘proq reklama koʻrsatishga urinish sifatida ko‘rildi.
Albatta, bu yangilik ham mem yaratuvchilari e’tiboridan chetda qolmadi.
Tramp, FIFA va qizil kartochkasi bekor qilingan AQSh futbolchisi
Jahon chempionati futboldan tashqaridagi voqealar bilan ham yodda qoladi. Pley-offning birinchi o‘yinida AQS terma jamoasi Bosniya va Gersegovinani mag‘lub etdi, ammo hujumchi Folarin Balogun qoidabuzarlik sabab qizil kartochka oldi.

Qoidaga ko‘ra, u Belgiyaga qarshi navbatdagi o‘yinni o‘tkazib yuborishi kerak edi, biroq Donald Tramp buni noto‘g‘ri deb hisobladi va FIFA’dan vaziyatni o‘rganishni so‘radi. FIFA esa turnir mezboni bo‘lgan terma jamoaga xayrixohlik ko‘rsatib, Balogunning jazosini shartli jazoga almashtirdi.

Buning uchun pretsedentlar mavjud edi (bungacha Krishtianu Ronalduga nisbatan ham xuddi shunday taqiq yumshatilgan edi), ammo katta siyosatchining JChga ta’sir ko‘rsatishi koʻplab muhokamalarga sabab boʻldi. Muxlislar FIFA qarorini tanqid qildi. Lekin qaror oʻzgarmadi, ammo AQSh terma jamoasiga bu baribir yordam bermadi. Belgiya uchrashuvda 4:1 hisobida g‘alaba qozondi va kiyim almashtirish xonasida Trampning mashhur raqsini takrorladi.
Yamalni choʻmiltirgan Messi
Jahon chempionati finaliga Ispaniya va Argentina terma jamoalari yetib keldi va ijtimoiy tarmoqlarda 19 yil oldingi voqeaning muhokamasi boshlandi. 2007-yilda Messi xayriya suratga olish tadbirida ishtirok etadi, Yamallar oilasi esa tanlovda g‘olib chiqadi. Shunday qilib, 20 yoshli tortinchoq Leo Messi ikki oylik Lamin Yamalni cho‘miltirayotgan surat paydo bo‘ladi. Bu shunchaki tasodif.

Oradan 19 yil o‘tib, 2026-yilning 19-iyulida 19 yoshli Lamin Yamal (19-raqam ostida) Leo Messiga (qachonlardir 19-raqam ostida harakat qilgan) qarshi maydonga tushdi. Bu voqea oʻzbek animatorlari nazaridan ham chetda qolmadi.
Bu voqea avlodlar emas, balki butun bir davrlar almashinuvini anglatadi. JCh-2026 finali Messining turnirdagi so‘nggi o‘yini bo‘lishi aniq. Lamin uchun esa bu uzoq yoʻlning boshlanishi. Lionel Messi davri asta-sekin yakuniga yetmoqda va uning 39 yoshida Jahon chempionatida amalga oshirayotgan ishlari moʻjizadir.
Fayzullayevning birinchi, Shomurodovning chiroyli goli
Oʻzbekiston terma jamoasi oʻz tarixidagi ilk Jahon chempionatidagi barcha oʻyinlarda magʻlub boʻlgan boʻlsa-da, pozitiv holatlarni ham topish mumkin edi. Ilk uchrashuvda Meksikadagi “Azteca” stadionida Kolumbiyaga qarshi oʻynagan Fabio Kannavaro shogirdlari 1:3 hisobiga yutqazdi. Oʻzbekistonning mundillardagi ilk golini Abbos Fayzullayev kiritdi.

Shuningdek, guruh bosqichi 3-turida Kongo DRga qarshi oʻyin oʻtkazgan terma jamoa yana 1:3 hisobida magʻlubiyatga uchradi. Lekin Eldor Shomurodov tomonidan kiritilgan chiroyli gol FIFA tomonidan e’tirof etildi.

Avvaliga gol FIFA tomonidan guruh bosqichida urilgan eng chiroyli 12 ta gol qatoridan joy olgandi. Keyinchalik soʻrovnoma natijasiga koʻra, eng chiroyli gol ham deb topildi. Hozirda esa Shomurodovning goli butun turnirning eng chiroyli goliga aylanishi mumkin (ushbu havola orqali ovoz berish mumkin).
Futbol (va nafaqat futbol) muxlislari uchun toʻrt yillikning eng muhim musobaqasi yakunlandi. Albatta, bu katta hodisa boʻlib, koʻpchilikning ushbu sport turiga qiziqishiga sabab boʻldi. Maydonda va uning tashqarisida turli voqealar yuz berdi. Juda katta epoxalarning yakuniga aylandi. Mundial yakunlandi, ammo undan keyin qolgan hayajon, emotsiyalar va memlar hali uzoq vaqt muhokama qilinadi.
Ispaniya terma jamoasi oʻz tarixida ilk bor 2010-yilda Janubiy Afrikada boʻlib oʻtgan Jahon chempionatida gʻolib chiqqandi (bu maqolani yozayotgan muharrir tomosha qilgan ilk Jahon chempionati ham shu boʻlgan). Oradan 16 yil oʻtib “Qizil furiya” yana shoxsupaga koʻtarildi. Oʻsha vaqtda kichik yoshda koʻrilgan ilk musobaqa hech qachon muxlislarning yodidan chiqmaydi. Hozir ham AQSh, Kanada va Meksikada oʻtgan turnirni va finalni koʻrgan bolalar bu emotsiyalarni hech qachon unutmasa kerak.








